Qirg‘iziston "xo‘jayini", chegara va 15 kunlik erkinlik - Mirziyoyev Cho‘lpon-Otada nimalarga erishdi?

Prezidentlar ko'rishishmoqda

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Sadir Japarov va Shavkat Mirziyoyev rafiqalari bilan. Issiq-Ko‘l aeroporti, 30 iyul, 2026 yil.
    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari qayta jonlanganiga qariyb o‘n yil to‘lgan bir paytda, Shavkat Mirziyoyev qo‘shni mamlakatga ikkinchi davlat tashrifini amalga oshirdi. Issiqko‘l sohilida dabdaba bilan kutib olingan Mirziyoyevning ayrim bayonotlari jamoatchilikda bahs ochgan bo‘lsa-da, erishilgan kelishuvlar tahlilchilar diqqat markazida turibdi.

Issiqko‘l sohilidagi dabdaba

Tashrif 30-31 iyul kunlari poytaxt Bishkekdan 260 km olisdagi Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘ldi.

Issiqko‘l sohilidagi bayramona muhit: qirg‘iz o‘tovlari bilan bezatilgan kutib olish maydoni, qizlar ijro etgan milliy raqs va kontsertlar, otliq faxriy qorovul, qo‘lida burgut ko‘targan qushbegilar, ovchi itlarini yetaklagan yigitlar va qum hamda maysalar ustiga yoyilgan qizil gilamlar… O‘zbekiston rahbari va uning rafiqasi ana shunday kutib olindi.

Muzokaralar davomida Shavkat Mirziyoyevning qirg‘izistonlik amaldorlar bilan muloqotda Sadir Japarovni "Qirg‘izistonning xo‘jayini" deb atashi ijtimoiy tarmoqlarda turli bahslarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar buni Qirg‘iziston rahbariga berilgan yuqori baho desa, boshqalari "xo‘jayin" tushunchasi demokratik jamiyat tamoyillariga mos kelmasligini aytib, bayonotni tanqid ostiga oldilar.

"Hurmatli birodarim, qadrli do‘stim Sadir Nurgojoevich Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga kirishganida, men birinchi kuniyoq tabriklagan edim. O‘sha kunning o‘zidayoq Qirg‘izistonga xo‘jayin kelganini tushunganman" – dedi u.

Oliy darajadagi muzokaralarda tomonlar nomidan asosan erkaklar ishtirok etib, ikki mamlakat davlat va hukumat tuzilmalarida rahbar ayollarning kamligi ko‘zga tashlandi.

Birinchi xonimlar Ziroatxon Mirziyoyeva va Aygul Japarova esa tashrifning asosan madaniy va ijtimoiy tadbirlarida ardoqli mehmon sifatida hamrohlik qilishdi.

Shavkat Mirziyoyev tushgan mashina Cho‘lpon-Ota shahrida qirg‘iz milliy sarkardalari qurshovida bormoqda, 2026 yil, 30 iyul.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Shavkat Mirziyoyev tushgan mashina Cho‘lpon-Ota shahrida qirg‘iz milliy sarkardalari qurshovida bormoqda, 2026 yil, 30 iyul.

Prezident Mirziyoyevning davlat tashrifidan uch kun o‘tib, ilgari O‘zbekiston tarkibida bo‘lgan Cho‘ngara va Toshtepa qishloqlarini rasman Qirg‘izistonga topshirish jarayoni boshlandi.

3 avgust kuni ikki davlat vakillari aholi bilan tushuntirish ishlarini o‘tkazdi. Yaqin orada 2500 nafar kishiga Qirg‘iziston fuqaroligi berilishi kutilmoqda. Qirg‘iz rasmiylarining bildirishicha, qishloq aholisi qaysi davlat fuqaroligini tanlashni o‘zlari hal qilishadi. Ayni paytda mutaxassislar har bir turg‘un bilan yakkama-yakka suhbat o‘tkazmoqda.

Ushbu qaror haqida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning iyun oyida Qirg‘izstonga qilgan xizmat safari chog‘ida e’lon qilingan edi. Mazkur qishloqlar evaziga Qirg‘izston tomoni O‘zbekistonga chegara hududidan teng maydonda yer ajratgani aytilgan.

Bishkek almashilgan yerlar maydoni 236 gektar ekanini ma’lum qilgan. Biroq O‘zbekiston hukumati portalida yoki rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalarida bu borada hali ma’lumot berilganicha yo‘q.

Ayollr va erkaklar maktab partasi atrifida o'tirib, hujjat rasmiylashtirmoqdalar

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Qirg‘iziston tarkibiga o‘tgan qishloq turg‘unlari hujjatlarini rasmiylashtirmoqda. 3 avgust, 2026 yil.

Qirg‘izston Vazirlar Mahkamasining chegara masalalari bo‘yicha vakili Nazirbek Bo‘ruboev BBC muxbiriga bunday izoh berdi:

"Kelishuvga ko‘ra, biz ikki qishloqni qabul qilib oldik va evaziga teng miqdorda yer ajratdik. Qancha gektar olgan bo‘lsak, aynan shuncha maydon berdik. Hozirda komissiya ish olib bormoqda. Yer maydoni O‘zbekistonning Rishton tumaniga tutash hududdan, soddaroq aytganda, Bo‘rgandi massivining chegara qismidan ajratildi. Bu aholi yashamaydigan, suv chiqmaydigan lalmi va yaylov yerlaridir".

"Xotiramizda ma’lum qora dog‘lar bor"

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

So‘nggi yillarda Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada o‘zgargan. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Facebook sahifasida yozishicha, bugungi munosabatlar mazmunini 2000-yillardagi vaziyat bilan taqqoslamay turib baholab bo‘lmaydi.

"Ma’lum bir muddat O‘zbekistonning barcha qo‘shni davlatlari bilan munosabatlari o‘ta tarang, sovuq, salbiy va vaqti-vaqti bilan ochiq konfrontatsion edi. Masalan, 2000–2010 yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegaralari nafaqat davlatlararo, balki to‘laqonli katta geosiyosiy tirashuv chiziqlari ham edi. O‘zbekiston g‘arbga orientir oldi, Qirg‘iziston esa KXShT a’zosi edi. Kechagi Turkiston geosiyosiy parchalangan edi, Markaziy Osiyo parokanda edi, turkiy dunyo va mintaqa musulmonlari bo‘lingan va o‘zaro tirashuvda edi. Millatlarning xotirasi o‘n yilliklarda, asrlar davomida shakllanadi. Xotiralarimizda ma’lum qora dog‘lar bor", - deb yozdi u.

Mustaqillikning dastlabki o‘n yilliklarida ikki mamlakat aloqalari asosan chegara, xavfsizlik va suv resurslari atrofidagi kelishmovchiliklar bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Ayniqsa, Farg‘ona vodiysidagi murakkab chegara chizig‘i, anklavlar, o‘tkazish punktlarining tez-tez yopilishi va odamlar hamda tovarlar harakatiga qo‘yilgan cheklovlar munosabatlarni murakkablashtirgan edi.

Skrinshot

Surat manbasi, facebook.com/rabbimov.kamoliddin

Surat tagso‘zi, Kamoliddin Rabbimovning Facebook sahifasidagi fikri. Skrinshot.

Kelishuvlar va chegaradagi yengilliklar

Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi 60 yoshli Nasibaxon G‘ofurovaning aka-uka va opa-singillari Qirg‘izistonda istiqomat qiladi. U avval qarindoshlarini ko‘rgani borganda doim 5 kunlik ro‘yxatdan o‘tish tartibi muammo tug‘dirganini aytadi.

"Endi 15 kun bemalol yursak bo‘larkan. Shunday xabarni eshitib, quvonib turibman", - dedi u BBC muxbiriga.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida vizasiz rejim mavjud. Biroq u mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmasdan xohlagancha yurish huquqini bermaydi. U yoki bu davlatga o‘tganlar besh kun ichida ro‘yxatga turishi shart edi.

Cho‘lpon-Otadagi muzokaralar yakunida imzolangan 12 ta hujjat aynan Nasibaxon kabi minglab chegaraoldi aholisining turmushiga bevosita ta’sir qiluvchi qarorlarni o‘z ichiga oladi.

Prezident Sadir Japarov muzokaralardan keyingi bayonotida chegara masalalari va ular bilan bog‘liq amaliy o‘zgarishlarga alohida to‘xtaldi:

"Chegara bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Biz chegara masalalarini to‘liq yakunladik, o‘tkazish punktlari sonini 15 tadan 30 tagacha ko‘paytirdik, ikki davlat fuqarolarining bir-birining hududida bo‘lish muddatini 15 kungacha uzaytirdik va Andijon shahrida Qirg‘iziston Bosh konsulxonasini tashkil etish masalasini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tishi, savdo, tranzit, logistika, madaniy-gumanitar aloqalar, turizm hamda chegaraoldi hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan muhim amaliy qadamlardir".

Tashrif chog‘ida uzoq yillar davomida bahsli bo‘lib kelgan Chashma bulog‘i bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. 2025 yil may oyida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining o‘sha paytdagi raisi Qamchibek Tashiev chegara delimitatsiyasidan so‘ng buloq Qirg‘iziston hududiga o‘tganini ma’lum qilgan edi. Bu safar tomonlar mazkur manbadan birgalikda foydalanish bo‘yicha alohida hujjat imzoladilar.

Chashma bulog‘i O‘zbekistonning So‘x eksklavi hamda Qirg‘izistonning Botken viloyati (Chechme qishlog‘i) chegarasida joylashgan bo‘lib, uzoq yillar davomida ikki tomon o‘rtasidagi eng nozik va ziddiyatli hududlardan biri edi.

Qizil gilam to'shalgan yo'lak boshida prezidentlar

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Issiqko‘l sohilida prezidentlar uchrashuvi munosabati bilan tashkil etilgan harbiy tadbir, 2026 yil, 30 iyul.

Iqtisodiy manfaatlar va xavotirlar

Muzokaralarda iqtisodiy hamkorlik ham asosiy mavzuga aylandi. Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarga yetganini aytib, bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 3 milliard dollarga chiqarish vazifasini qo‘ydi.

"Bu juda katta summa. Jamoam bu maqsadni 2030 yilga qoldirmasligi uchun ataylab ta’kidlayapman. Uni keyingi bir-ikki yilga belgilashimiz kerak. Chunki hamkorligimizning ko‘plab strategik yo‘nalishlarida mustahkam poydevor yaratdik. Kechagi biznes-forum doirasida energetika, elektrotexnika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalarida yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, xomashyo resurslarini birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha aniq rejalarni belgiladik va bu kabi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma taraqqiyot jamg‘armasi imkoniyatlaridan samarali foydalanishga kelishib oldik".

Ammo iqtisodiy integratsiyaning tezlashuvi hamma tomonidan ham bir xil qarshi olinmayapti. Qirg‘izistonlik iqtisodchi Jamin Akimalievning fikricha, savdo aloqalarining kengayishidan asosiy foydani hozircha O‘zbekiston olmoqda:

"Hozirgi jonlanayotgan aloqalardan, birinchi navbatda, O‘zbekiston foyda ko‘rmoqda. Ilgari chegaralar yopiq bo‘lgan paytda aholimiz o‘zimizni sabzavot va mevalar bilan to‘liq ta’minlar, narxlar ham arzon edi. Chegaralar ochilgach, O‘zbekistondan arzon va ertapishar sabzavot-mevalar Qirg‘iziston bozorini egalladi. Chunki u yerda iqlim issiqroq bo‘lgani uchun mahsulotlar ertaroq pishadi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizga zarar keltirmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Qirg‘iziston go‘shtiga ham katta qiziqish bildirmoqda. Ammo bu masalada ehtiyot bo‘lish zarur, chunki o‘zimizda ham go‘sht narxi ancha qimmatlashib ketgan. Albatta, bu muammolar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni cheklash kerakligini anglatmaydi".

"Qambarotani tezlashtirishimiz kerak"

Mirziyoyev qirg‘izistonlik mulozimlar bilan muloqot qilar ekan, "Qambarotani tezlashtirishimiz kerak" deya qat’iy ta’kidladi. Bishkeklik siyosiy ekspert Ruslan Aqmatbek buni BBC muxbiriga sharhlar ekan, Toshkentning ushbu yirik energetika loyihasini amalga oshirishdan manfaatdor ekani va uni jadallashtirish istagi yaqqol ko‘ringani bilan izohladi.

Markaziy Osiyo uchun suv-energetika sohasidagi eng yirik va muhim loyihalardan biri sanalmish "Qambarota-1" GESi mintaqadagi suv resurslarini boshqarish va elektr energiyasi taqchilligini bartaraf etishda strategik ahamiyatga ega.

Islom Karimov davrida O‘zbekiston bu loyihaga keskin qarshi chiqqan edi. Ushbu pozitsiya yirik to‘g‘on qurilishi Farg‘ona vodiysiga keladigan suv hajmini kamaytirishi va qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazishi mumkinligi haqidagi xavotirlar hamda xavfsizlik omillari bilan bog‘liq bo‘lgan. Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, Toshkent ushbu pozitsiyasini o‘zgartirdi va endilikda GES qurilishida Qirg‘iziston bilan birgalikda ishtirok etmoqda.

Taqdim
Bir-birimizni to‘liq tanib yetganimizcha yo‘q. Har bir mamlakat o‘z manfaatlarini oldinga surmoqda, ammo yagona mintaqaviy rivojlanish darajasiga hali o‘ta olganimizcha yo‘q.
Ruslan Aqmatbek
siyosiy tahlilchi

Ruslan Aqmatbek Cho‘lpon-Ota muzokaralarini ikki tomonlama ramkadan kengroq, ya’ni butun Markaziy Osiyodagi transport, suv-energetika va chegara xavfsizligi tizimiga ta’sir qiluvchi omil deb baholamoqda:

"O‘zbekiston bizga yaqin qo‘shni, qardosh mamlakat ekanini oxirgi yillardagina his qila boshladik. Tarixiy xronologiyaga nazar tashlasak, mustaqillikka erishganimizdan beri ikki taraflama munosabatlar juda murakkab kechgan. Ayniqsa, Karimov davrida chegara masalalarida aloqalar nihoyatda yomonlashgan, iqtisodiy hamkorlik nol darajada edi. Hatto bir paytlar men "Qirg‘iziston va O‘zbekiston e’lon qilinmagan urush holatidami?" sarlavhali maqola ham yozgandim. Endi esa izolyatsiyadan ikki tomonga ham manfaatli bo‘lgan hamkorlik bosqichiga o‘tdik".

Shu bilan birga, ekspert mintaqaviy integratsiya yo‘lida vse hanuz to‘siqlar borligini ta’kidlaydi:

"Biz hanuz bir-birimizni to‘liq tanib yetganimizcha yo‘q. Mushtarak qadriyatlarimiz nimalardan iborat va bizni aynan nimalar birlashtirib, hamkorlikka undamoqda, bunga aniq javob bera olmaymiz. Har bir mamlakat bevosita o‘z manfaatlarini oldinga surmoqda, ammo yagona mintaqaviy rivojlanish darajasiga hali o‘ta olganimizcha yo‘q".

Golf mashinasida prezidentlar

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Golf maydoniga maxsus mashinada borayotgan prezidentlar.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevga I darajali "Manas" ordenini topshirdi. Rasmiy Bishkek davlat mukofoti ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun berilganini bildirdi. Shavkat Mirziyoyev ushbu ordenni sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga berilgan yuqori baho sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston aloqalari Islom Karimov prezidentlik davrida sovugandi. Turli siyosiy-ijtimoiy sabablar tufayli Toshkent chegaralarni yillar mobaynida yopib qo‘ygandi.

Mirziyoyev Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon prezidentlarining norasmiy sammitida ham ishtirok etdi. O‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan sammitga to‘plangan prezidentlar yangi xalqaro maydonda golf o‘ynashdi. Shuningdek, Issiqko‘lda o‘tkazilgan Formula-1 suv musobaqalarining faxriy mehmoni bo‘lishdi.