Mintaqa dayjesti: aviayoqilg‘i importi, chegara o‘zgarishi va iqlim o‘zgarishi sabab 26 o‘lim

Havo boshqaruv ekranlari tasviri

Surat manbasi, Reuters

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston aviatsiya yoqilg‘isini Gruziya va Iroqdan import qilishni boshladi.

O‘zbekiston aviatsiya yoqilg‘isi ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi manbalarga murojaat qilib, Gruziya va Iroqdan importni boshladi.

Bu haqda kecha O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida e’lon qilingan axborotda ma’lum qilindi. Unda aytilishicha, "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma’lumot bergan.

Kompaniyaga ko‘ra, mamlakatda aviatsiya yoqilg‘isiga bo‘lgan talab keskin oshib bormoqda, import hajmi esa cheklangan. Shu sababli energetika ta’minoti manbalarini diversifikatsiya qilishga ehtiyoj tug‘ilgan.

Talabning asosiy qismini mahalliy qayta ishlash korxonalari qoplashi kutilmoqda. "O‘zbekneftgaz" 2026 yil oxiriga qadar 310 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isi va 1,1 million tonna benzin ishlab chiqarishni rejalashtirgan.

Rossiya O‘zbekiston uchun neft mahsulotlari, jumladan aviatsiya yoqilg‘isining asosiy yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Rossiyada davom etayotgan yoqilg‘i taqchilligi Markaziy Osiyodagi bu mamlakatda ham narxlar oshishi va ta’minot muammolariga sabab bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov

Surat manbasi, Rasmiy

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yer almashish jarayonini boshladi

Qirg‘iziston davlat axborot agentligi Kabar xabar berishicha, O‘zbekiston ikki davlat o‘rtasidagi chegara bo‘yicha kelishuv doirasida Qirg‘izistonga yer topshirish jarayonini boshladi.

Axborotga ko‘ra, dastlabki bosqichda chegara yaqinida joylashgan Chon-Gara va Tosh-To‘bo qishloqlari Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tkazilmoqda.

Bungacha Farg‘ona viloyati tarkibida bo‘lgan mazkur qishloqlarda asosan qirg‘iz millatiga mansub aholi yashaydi. Endi ular Qirg‘iziston fuqaroligini olib, yangi pasportlarga ega bo‘ladi.

Ikki mamlakat hukumatlarining qo‘shma ishchi guruhi 3 avgustdan boshlab ushbu hududlarda topshirish-qabul qilish ishlarini boshlagan.

Kabar ma’lumotiga ko‘ra, kelishuvga muvofiq Qirg‘iziston ham O‘zbekistonga "teng qiymatdagi yer maydonlari"ni beradi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara masalasi o‘nlab yillar davomida bahslarga va hatto qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lib kelgan edi.

Ikki davlat 2022 yil noyabrida chegaralarni belgilash va yer uchastkasi almashish bo‘yicha asosiy kelishuvni imzolagan. Bu kelishuvni rasmiylashtiruvchi yakuniy shartnomalar esa 2026 yil 30 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida imzolangan.

Qozog‘istonda issiqlik bilan bog‘liq o‘limlar keskin oshdi

Qozog‘iston Milliy shoshilinch tibbiy yordam muvofiqlashtirish markazi ma’lum qilishicha, joriy yoz mavsumi davomida mamlakatda kuchli issiqlik bilan bog‘liq 26 ta o‘lim holati qayd etilgan.

Markaz mutaxassisi Zaure Nuritdinovaning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan qariyb to‘rt baravar ko‘pdir. O‘tgan yozda issiqlik oqibatida yetti kishi vafot etgan edi.

Bes.media nashrining yozishicha, Markaziy Osiyo iqlim jamg‘armasi (CACF) loyiha ofisi ham bu yil Qozog‘istonda yangi harorat rekordlari kuzatilganini bildirgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, haddan tashqari issiq havo tufayli tibbiy muassasalarga murojaatlar soni ham oshgan.

CACF ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ikki baravar tezroq isib bormoqda.