Ispaniyaga intilgan minglab marokashlik migrantlar Yevropada siyosiy bo‘linishlarga sabab bo‘ldi. O‘zi nima bo‘lgandi?

Surat manbasi, Reuters
Payshanba kuni Ispaniyaning Seuta eksklaviga suzib o‘tgan o‘n minglab migrantlarning aksariyati hozir Marokashga qaytarildi. Ispaniya harbiylari va politsiyasi ularni chegaragacha kuzatib bordi.
Biroq kelganlar oqimi misli ko‘rilmagan darajada katta bo‘ldi va kamida 67 kishi halok bo‘ldi. Ularning jasadlari dengizdan olib chiqildi. Jasadlar tashlab ketilgan rezina halqalar va lastalar yonida suv yuzasida qalqib yurardi.
Bu voqealar Yevropada siyosiy silkinishga ham sabab bo‘ldi. Ular migratsiya kabi o‘ta nozik masala bo‘yicha Yevropa davlatlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni yana bir bor yuzaga chiqardi.
Shu bilan birga, bu to‘satdan yuz bergan migrantlar oqimiga nima sabab bo‘lgani haqida savollar ham ochiq qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Yevropaga oson yo‘l haqidagi xabarlar ommalashib ketdimi yoki bu ataylab, hatto uyushtirilgan harakat edimi?
Siyosat
Sababi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Ispaniyaning sotsialist bosh vaziri Pedro Sanches Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari munosabatidan qattiq norozi.
Uning aytishicha, inqiroz paytida Ispaniyani qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, ba’zi davlatlar unga «hujum qilmoqda» va siyosiy manfaatlarini ko‘zlamoqda.
Avvalo, u Italiyani nazarda tutdi.
Italiya bosh vaziri Jorjia Melonining o‘ng qanot partiyasi Fratelli d'Italia Seuta ko‘chalari bo‘ylab yugurayotgan migrantlar tasvirlarini tezda ijtimoiy tarmoqlarga joyladi.
Unga quyidagi izoh qo‘shildi:
«Bu — Italiya chap qanotiga juda yoqadigan Sanches modeli.»
Shundan so‘ng Meloni xavfsizlikka tahdidni asos qilib, Ispaniya bilan odamlarning erkin harakatlanishiga imkon beradigan Shengen kelishuvini Italiya tomonidan vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi.
Bu Madridda qattiq norozilik uyg‘otdi.

Surat manbasi, Reuters
Ispaniya fikricha, inqiroz nazorat ostiga olingan va Seuta Shengen hududiga kirmagani uchun Marokash migrantlari nazoratsiz holda Yevropa qit’siga o‘tib ketishi mumkin emas edi.
Meloni buni yaxshi biladi.
Biroq kelasi yili Italiyada saylovlar bo‘lib o‘tadi. Uning koalitsiyasi ommabopligini yo‘qotayotgan bir paytda, muhojirlarga keskin qarshi chiqqan yangi partiya kuchaymoqda. Shu bois Meloni o‘zini qat’iy rahbar sifatida ko‘rsatish va saylovchilar ovozini qaytarish imkoniyatidan foydalandi.
Ispaniya juda yumshoqmi?
Biroq Ispaniyani migratsiya masalasida haddan tashqari yumshoq deb hisoblaydigan davlat faqat Italiya emas.
Melonining Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlarining favqulodda yig‘ilishini chaqirish haqidagi chaqiruvini qariyb 24 davlat rahbari qo‘llab-quvvatladi.
Ular Yevropaga migrantlarni jalb qilishi mumkin bo‘lgan barcha siyosatlarni bekor qilishga chaqirdi.
Eng asosiy bahsli qarorlardan biri — Ispaniya hukumatining mamlakatda noqonuniy yashab kelgan yuz minglab hujjatsiz migrantlarga yashash va ishlash ruxsatnomasi olish, hamda ularning maqomini qonuniylashtirish imkoniyatini berish siyosati bo‘ldi.

Surat manbasi, EPA
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Hukumat buni amaliy yechim deb hisoblaydi. Chunki Ispaniya aholisi qarimoqda va mamlakatga mehnat kuchi kerak.
Biroq bu hafta Seuta sohillariga yetib kelgan odamlar allaqachon yakunlangan ushbu dasturda ishtirok etish uchun kelmagan edi.
Sanchesning o‘zi esa yaqinda Ispaniya Oliy sudi qabul qilgan qarorni asosiy sabab sifatida ko‘rsatmoqda.
Unga ko‘ra, dengiz orqali mamlakatga kirganlar darhol orqaga qaytarilishi mumkin emas.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar bu qarorni noto‘g‘ri talqin qilib, Yevropaga oson yo‘l ochilgani haqidagi yolg‘on tasavvurni tarqatgan.
Biroq Seutaga yo‘l olgan odamlarning aksariyati marokashlik bo‘lgani uchun ularga vositachilarning hojati yo‘q edi. Bu yo‘nalish hammaga yaxshi ma’lum.
Asosiy xabar ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqaldi.
Muxbirlarga ko‘rsatilgan videolarda odamlar «Ispaniya ochildi», deb baqirib, dengizga sakrayotgani aks etgan.
Biz tekshirgan bir nechta akkauntlarda gidrokostyum va lastalardagi yoshlar, suzib ketayotganlar yoki Seutaning o‘zida olingan videolar joylangan.
Ularning ayrimlari bor-yo‘g‘i bir necha hafta avval ochilgan bo‘lsa-da, o‘n minglab layklar to‘plagan.

Surat manbasi, Reuters
Ammo ularning barcha va’dalari yolg‘on bo‘lib chiqdi.
Seutaga yetib kelib, sohilni o‘pgan holda quvongan odamlarni hech kim kutib olmadi.
Oziq-ovqatsiz, boshpanasiz va Yevropa qit’siga o‘tish imkoniyatisiz qolgan migrantlarning aksariyati tez orada Marokashga qaytib ketdi.
Buning ortida nima turibdi?
Xo‘sh, migrantlar avval Belarusda bo‘lgani kabi «siyosiy qurol» sifatida ishlatildimi?
Agar shunday bo‘lsa, buni kim tashkil qildi?
Hozircha faqat yuz bergan voqealardan manfaat ko‘rayotganlarni ko‘rish mumkin.
Ispaniyaning El País gazetasi jurnalisti Andrea Ritstsi ta’biri bilan aytganda, dunyodagi o‘ng qanot kuchlari bu voqeadan «haddan tashqari mamnun».
AQSh prezidenti Donald Tramp Ispaniyaning Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamaganidan norozi ekani ma’lum. U bu voqeani «falokat» va «bosqin» deb atadi.
Meloni kabi, uning ham oldida saylovlar turibdi.
Rossiya ham bu vaziyatdan mamnunligini yashirmayapti. Yevropa ichidagi bo‘linish va beqarorlik Moskva manfaatiga xizmat qiladi, chunki bu Ukraina ittifoqchilarini zaiflashtirishi mumkin.
Marokash esa barcha aybni «jinoiy guruhlar» zimmasiga yuklamoqda.

Surat manbasi, Reuters
Biroq chegara qo‘riqchilari to‘planayotgan olomonni ko‘rmagan bo‘lishi mumkin emas.
Bunga o‘xshash holat oxirgi marta, kichikroq ko‘lamda bo‘lsa-da, Ispaniya va Marokash G‘arbiy Sahro masalasida kelishmovchilikka borgan paytda yuz bergan edi.
Hozir ham ikki davlat o‘rtasida yangi tarangliklar mavjud.
Sanches esa Marokashni ayblashdan qat’iy bosh tortmoqda va Rabotni «yaxshi ittifoqchi» deb atayapti.
Biroq uning tanqidchilari buni murosa deb baholab, bosh vazir «qat’iy pozitsiya ko‘rsatishi kerak»ligini aytmoqda.
Hozirgi vaziyat
Hozircha Ispaniya Seutada shunga o‘xshash hodisalar takrorlanmasligi uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda.
Chegara to‘sig‘i dengiz tomongacha uzaytirilmoqda va uzun to‘q sariq qalquvchi to‘siqlar o‘rnatilmoqda, keyinchalik bu yerda kemalar patrul xizmati olib boradi va dengiz orqali suzib o‘tishga urinayotganlarni to‘xtatadi.
Kelasi hafta Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlari tashqi chegaralarni yanada mustahkamlash masalasini muhokama qiladi. Bu jarayonda populist o‘ng qanot kuchlari yanada faollashishi kutilmoqda.
Ispaniyadan Italiyaga safar qilayotgan yo‘lovchilar esa bir necha hafta davomida politsiya tomonidan tasodifiy hujjat tekshiruvlaridan o‘tadi.
Demak, hozircha katta o‘zgarishlar kuzatilmayapti.

Surat manbasi, Reuters
Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on orzularga ishonib dengizga chiqqan va endi tobutlarda Marokashga qaytarilayotgan o‘nlab yoshlar uchun bu voqea hayot-mamot masalasiga aylandi.
Afrika qit’asida joylashgan Seuta nega Ispaniyaniki?
Seuta — Ispaniyaga qarashli, lekin Afrika qit’asida, Marokashning shimoliy sohilida joylashgan kichik shahar, ya’ni eksklav. U Gibraltar bo‘g‘ozining Afrika tomonida bo‘lib, Ispaniyaning o‘zidan dengiz bilan ajralib turadi.
Seuta aslida ko‘p asrlar davomida Portugaliyaga qarashli bo‘lgan - 1415 yildan boshlab, portugallar uni bosib olishgan. 1580-1640 yillarda Ispaniya bilan Portugaliya bir qirollikka birlashgan paytda, Seuta ham Ispaniya tarkibiga o‘tgan. 1640 yilda Portugaliya mustaqillikni qayta tiklaganida, ko‘pchilik mustamlakalar Portugaliyaga qaytgan, lekin Seuta aholisi Ispaniya tarafida qolishni tanlagan va 1668 yilgi Lissabon shartnomasi bilan bu rasmiylashtirilgan. Shundan beri u Ispaniya tarkibida qolmoqda.
Marokash 1956 yilda mustaqil bo‘lganidan beri Seuta va yana bir eksklav — Melilyani o‘z hududi deb hisoblaydi, chunki ular geografik jihatdan Afrikada joylashgan. Ispaniya esa buni rad etadi — ularning fikricha, Seuta Marokash davlati mavjud bo‘lishidan ancha oldin, asrlar davomida Ispaniya va Portugaliya nazoratida bo‘lgan.
Hozirda Seuta Ispaniyaning avtonom shahri hisoblanadi. Uning o‘z parlamenti bor va Gibraltar bo‘g‘ozini nazorat qilishdek strategik joylashuvi, hamda Yevropa Ittifoqi bilan aloqasi tufayli muhim ahamiyatga ega.
































