Rossiya: Qora dengiz sohilidagi dron hujumida yetti kishi halok bo‘ldi
Rossiya rasmiylari ma’lum qilishicha, mamlakat janubidagi gavjum sohilda uchuvchisiz qurilma portlashi oqibatida yetti kishi, jumladan uch nafar bola halok bo‘lgan.
BBC tasdiqlagan ijtimoiy tarmoq videolarida dronning jar yoqalab uchib kelib, sohilda portlaganini ko‘rish mumkin. O‘sha paytda sohilda ham, dengizda ham ko‘plab dam oluvchilar bo‘lgan.
Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning aytishicha, hodisada 40 kishi jarohat olgan, ulardan 17 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
U Ukraina tomonini "tinch aholiga qasddan zarba berish"da aybladi. Kiev hozircha bu voqeaga munosabat bildirgani yo‘q. Rossiya ham, Ukraina ham odatda tinch aholini ataylab nishonga olmasligini ta’kidlab keladi.
Uchuvchisiz qurilma aslida qanday nishonga yo‘naltirilgani aniq emas.
Ayrim ukrain Telegram kanallari dron radioelektron vositalariga qarshi kurash ta’sirida boshqaruv signalini yo‘qotgani uchun sohilga qulaganini da’vo qilmoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalari bilan suhbatlashgan guvohlar portlashdan oldin otishma ovozlari eshitilganini aytgan. Bu havo hujumidan mudofaa tizimlari dronni urib tushirishga uringan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirmoqda.
Hodisa Qora dengiz bo‘yidagi Arxipo-Osipovka qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Issiq iqlimi, keng plyajlari va sayyohlik infratuzilmasi tufayli bu maskan rossiyaliklar orasida mashhur dam olish hududi hisoblanadi. Sanksiyalar sabab ko‘plab rossiyaliklarning xorijga sayohat qilish imkoniyatlari qisqargach, ichki turizmga qiziqish yanada oshgan.
Arxipo-Osipovka aholisi va sayyohlar mahalliy nashrlarga hujum oldidan hech qanday ogohlantiruvchi sirenalar yangramaganini aytgan.
"Biz shezlonglar ortiga yashirinib oldik, portlash qaerda bo‘lganini ham ko‘rmadik", degan dam oluvchilardan biri.
Yana bir guvoh dronning kelganini ko‘rmaganini, ammo "pulemyotga o‘xshash otishma ovozlari" va shundan keyin kuchli portlashni eshitganini aytgan.
"Buning hammasi bolalarimning ko‘z o‘ngida bo‘ldi. Farzandim qattiq ruhiy zarba oldi", degan yana bir suhbatdosh.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
So‘nggi bir yil davomida Ukraina Rossiya hududi ichkarisiga yo‘naltirilgan uzoq masofali hujumlarni kuchaytirdi. Kiev bu hujumlar harbiy ehtiyojlar uchun foydalanilayotgan energetika ob’ektlari va omborlarga qaratilganini aytadi.
Biroq bunday hujumlar ayrim hollarda tinch aholi qurbon bo‘lishiga ham sabab bo‘lgan. Hafta oxirida Rossiyaning turli shaharlarida sakkiz kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.
Seshanbaga o‘tar kechasi Sankt-Peterburg yaqinidagi ombor majmuasi dronlar hujumiga uchraganini Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko ma’lum qildi. U qaysi ob’ekt nishonga olinganiga oydinlik kiritmadi.
Rossiya esa 2022 yil fevralidan beri Ukraina shaharlari va aholi yashaydigan hududlarga muntazam zarbalar berib kelmoqda. Bu hujumlar minglab tinch aholining halok bo‘lishi va jarohat olishiga olib kelgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, shanba kuni Kievga qilingan Rossiyaning ballistik raketa hujumlari oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan.
Kiev shahar hokimiga ko‘ra, Shevchenkovskiy tumanidagi turar joy binolaridan biri qisman vayron bo‘lib, odamlar vayronalar ostida qolgan.
O‘tgan hafta esa Kriviy Rih atrofidagi hududga uyushtirilgan hujumda bir oilaning o‘n nafar a’zosi halok bo‘lgan.
So‘nggi haftalarda Ukraina, ayniqsa, "Rossiyaning Amazoni" deb ta’riflanadigan yirik onlayn savdo platformasi Wildberries omborlarini nishonga olmoqda.
Oxirgi shunday hujum Vladimir viloyatidagi Wildberries omboriga qilingan. Ukraina chegarasidan minglab kilometr uzoqda joylashgan o‘nlab omborlar ham hozirgacha zarbalarga uchragan.
Kiev bu omborlar Rossiya armiyasini ta’minlashda foydalanilayotganini aytmoqda. Moskva esa bu da’voni rad etadi.
Shu bilan birga, yaqin vaqtgacha Wildberries orqali bronejiletlar va harbiy ehtiyojlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan boshqa mahsulotlar ham sotilgani ma’lum.































