O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara hududlarida nega tunnellar qazilmoqda

Surat manbasi, Rasmiy
Batken viloyatida O‘zbekiston tomon yo‘nalgan yana bir yashirin tunnel topildi.
Qirg‘izistonning Batken viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan O‘zbekiston bilan chegara hududida qazilayotgan yerosti yo‘lagi topilgani xabar qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, tezkor xizmatlarga chegara yaqinida kontrabanda maqsadida tunnel qazilayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Tekshiruv vaqtida Qadamjoy tumanidagi Chekelik qishlog‘ida, kimsasiz uyning molxonasi ichidan O‘zbekistonga yo‘nalgan yerosti yo‘lagi topilgan.
Tunnelning chuqurligi, 12 metr, kengligi esa 1,5 metr ekni aytilmoqda. Holat aniqlanganidan so‘ng qazish ishlariga darhol chek qo‘yilgan.
Bu ikki davlat chegara hududida topilgan ilk yerosti yo‘lagi emas.

Surat manbasi, Rasmiy
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida yashirin yerosti tunnellari aniqlanishi tez-tez kuzatilmoqda.
Bu holatlar ikki davlat o‘rtasidagi chegara rasman delimitatsiya qilingan va siyosiy munosabatlar yaxshilangan bir paytda nima uchun bunday noqonuniy infratuzilmalar hali ham paydo bo‘layotgani haqida savollarni kun tartibiga chiqarmoqda.
Ammo bu kabi tunnellar orqali aynan nima tashilgani haqida to‘liq ma’lumotlar har doim ham ochiqlanmaydi.
Qirg‘iziston Chegara xizmatining BBSga aytishicha, hozircha topilgan tunnel bo‘yicha Batken viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarafidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, savollarimizga tekshiruv natijasiga chiqqach, batafsil javob berishlari mumkinligini qo‘shimcha qilishdi.
Tunnellar orqali nima tashilgan?
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aniqlangan tunnellarning aksariyati kontrabanda maqsadida qazilgan. Ular orqali iste’mol tovarlari, mobil telefonlar, qimmatbaho metallar va xorijiy valyuta noqonuniy ravishda tashilgani haqida dalillar mavjud.
Masalan, 2024 yilda Andijon viloyati Xonobod shahri bilan Qirg‘izistonning Suzoq tumani o‘rtasidagi ikki tunnel fosh etilganda, gumonlanuvchilardan 813 dona mobil telefon, shuningdek O‘zbekistondan olib chiqilmoqchi bo‘lgan qariyb ikki kilogramm oltin va zargarlik buyumlari topilgan.
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, har ikki yer osti yo‘li 20 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, kengligi 70-80 sm.ni, balandligi 170-180 sm, birinchisining uzunligi 350 metrni, ikkinchisiniki esa 135 metrni tashkil qilgan.
2022 yilda esa Farg‘ona viloyatining Rishton tumani bilan Batken viloyati Qadamjoy tumanini bog‘lovchi 130 metrli tunnel orqali katta miqdordagi mobil telefonlar noqonuniy aylantirilgani ma’lum bo‘lgan.
Ayrim holatlarda esa tunnellar orqali faqat tovar emas, balki yirik miqdordagi naqd pul va valyuta ham tashilgani haqida ma’lumotlar bor. O‘zbekistonda sudlangan shaxslar orasida million dollardan ortiq mablag‘ni chegara orqali olib o‘tishga uringanlar ham bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham har bir holatda faqat tunnel qazuvchilarni emas, balki ularning buyurtmachilari va moliyalashtiruvchilarini aniqlashga harakat qilayotganini bildirmoqda.




























