Turkiya Havo kuchlarida ilk ayol general: NATOning yirik armiyalaridan birida tarixiy tayinlov

Surat manbasi, X @FatmaSahin
Turkiyada Oliy harbiy kengash (YAŞ)ning 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ini mamlakat harbiy tarixida muhim voqeani olib keldi. Havo kuchlari qo‘mondonligida xizmat qilgan polkovnik O‘zlem Karapinar brigada generali unvoniga ko‘tarilib, Turkiya Havo kuchlarining birinchi ayol generali bo‘ldi.
YAŞ yig‘ilishida qator yuqori darajadagi tayinlov va lavozimga ko‘tarish qarorlari qabul qilindi. Biroq mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan yangiliklardan biri aynan Karapinarning generallik rutbasini olgani bo‘ldi.
Bu tayinlovning ahamiyati shundaki, Turkiya NATOning eng yirik armiyalaridan biriga ega davlat hisoblanadi. Havo kuchlari esa mamlakat mudofaa tizimining eng muhim bo‘g‘inlaridan biri sanaladi. Shu bois ayol ofitserning aynan shu tizimda generallik darajasiga chiqishi nafaqat Turkiya, balki mintaqa miqyosida ham e’tibor qozondi.
Turkiya qurolli kuchlarida ayollar o‘nlab yillardan beri xizmat qilib keladi. Biroq yuqori qo‘mondonlik lavozimlariga ko‘tarilish holatlari kam uchraydi. Shu nuqtai nazardan, O‘zlem Karapinarning generallikka tayinlanishi harbiy sohada ayollar uchun yangi bosqich sifatida baholanmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham ayollarning xavfsizlik sohasidagi ishtiroki oshib bormoqda. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ichki ishlar tizimida general darajasiga yetgan ayollar bor. Biroq ularning aksariyati qurolli kuchlar emas, balki politsiya va huquq-tartibot tuzilmalarida faoliyat yuritgan.
O‘zbekistonda esa so‘nggi oylarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator ayol ofitserlar rahbarlik lavozimlariga tayinlandi. Ular turli boshqarma va bo‘limlarga boshchilik qilib, xavfsizlik sohasida mas’ul vazifalarni bajarmoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, Turkiya Havo kuchlarida birinchi ayol generalning paydo bo‘lishi nafaqat bir shaxsning xizmat yo‘lidagi muvaffaqiyati, balki harbiy tizimlarda ayollarning imkoniyatlari kengayib borayotganining ham muhim belgisi sifatida ko‘rilmoqda. O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida keyingi yillarda kuzatilayotgan ayol rahbarlar tayinlovi esa bu jarayonning mintaqa bo‘ylab sekin-asta tarqalayotganini ko‘rsatadi.
























