Atilla Azimov ishi: Yevropada o‘smir qotillar nega yollanmoqda?

Qora niqob taqqan o‘smir qo‘lida qurol bilan ko‘rsatkich barmog‘ini tetigiga qo‘yib turibdi.

Surat manbasi, Swedish Police

Surat tagso‘zi, Atilla Azimov Murod Abdulqodirni o‘ldirishidan 3 oy avval qo‘lida qurol bilan suratga tushgan.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Stokgolm chekkasidagi tumanlardan birida qish faslining qoq tunlaridan birida qora kiyimdagi bir shaxs paydo bo‘ldi. Qo‘lida to‘pponcha tutgan bu shaxs McDonald's restoranidagi ish smenasini tugatib, qaytayotgan 20 yoshli talaba Murod Abdulqodir tomon yaqinlashdi.

Qotil dastlab bir o‘q uzdi va nishonga yaqinlashar ekan, ketma-ket o‘q otishda davom etdi. Oxirida yerda yotgan, himoyasiz qolgan qurbonining boshiga so‘nggi o‘qni uzdi.

Qotil 18 yoshli Atilla Azimov edi. Ammo 2025 yil fevral oyidagi o‘sha tunda u buyurtma berilgan shaxsni emas, butunlay boshqa odamni o‘ldirgandi.

Qotil bu amalga pul uchun qo‘l urgan. Atilla Azimov zo‘ravonlikni xizmat sifatida (Violence-as-a-Service, VaaS) taklif qilish taktikasi bilan nom chiqargan va Eron rejimi bilan aloqador bo‘lgan uyushgan jinoiy tuzilma, The Foxtrot Network tomonidan yollangan edi.

Atilla Azimov

Surat manbasi, Swedish Police

Surat tagso‘zi, Atilla Azimovning kuzatuv kameralari va hibsga olinganidan so‘ng tushirilgan suratlari.

The Foxtrot Network ning maqadi nima?

2022 yildan buyon The Foxtrot Network tarmog‘i Yevropadagi Isroilga aloqador nishonlarga qarshi bir qator hujumlar va hujum urinishlari uchun mas’ul ko‘riladi. Bular jumlasiga portlovchi moddalar va qo‘l granatalari qo‘llangan ikki holat ham kirgan.

Guruh hujumlarni amalga oshirish uchun o‘smirlarni pul evaziga yollaydi. Biroq deyarli hech qachon haq to‘lamaydi, chunki ijrochilar ko‘pincha qo‘lga tushadi.

Masalan, shu hafta chorshanba kuni Londondagi Old Beyli - jinoyat ishlari bo‘yicha Markaziy Mahkamasida G‘arbiy Yorkshirda rejalashtirilgan qotillik bo‘yicha til biriktirish aybi bilan hay’at qaroriga ko‘ra aybdor deb topilgan norvegiyalik o‘smir Yoxannes Natland kabi.

Mazkur muammoga qarshi kurashish uchun Europol tashkil etgan tezkor guruh - Operational Taskforce, (OTF) GRIMM ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smir yollanma qotillar ijtimoiy tarmoqlar orqali jalb qilinadi va ularga kompyuter o‘yinlariga taqlid qiluvchi usulda ko‘rsatmalar beriladi.

Europolning Jiddiy va uyushgan jinoyatchilikka qarshi Yevropa markazi rahbari Endi Kraag buni ruhan balog‘atga yetmagan yoshlarga "qotillikni rejalangan tarzda tashqi ijrochilarga topshirish", deb ta’riflaydi.

Hozirda OTF GRIMM tarkibiga VaaS ta’siri sizib kirgan, deya ko‘rilgan 11 mamlakat: Belgiya, Daniya, Finlyandiya, Frantsiya, Germaniya, Islandiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya kiradi.

Ikki soqolli shaxs tungi klubda raqsga tushayotgan odamlar o‘ngida.

Surat manbasi, Swedish Police

Surat tagso‘zi, The Foxtrot Network tarmog‘i yetakchisi Rava Majidning Ali Shehad Ahmad bilan tushgan surati.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

The Foxtrot Network rahbari Rava Majid Shvetsiyani, keyinchalik esa Turkiyadagi faoliyat bazasini tark etgan va hozir Eron poytaxti Tehronda yashamoqda.

Politsiya VaaS ning ayrim hujumlari, jumladan Kopengagendagi Isroil elchixonasiga qarshi qo‘l granatasi bilan qilingan hujum Eron rejimi manfaatlari uchun amalga oshirilgan deb hisoblaydi. Yana boshqa hujumlar esa The Foxtrot Network guruhining giyohvand moddalar bozori uchun olib borayotgan kurashi bilan bog‘liq ko‘riladi.

Shvetsiyaning SVT teleradiokompaniyasi jurnalisti Diamant Salihu uch yildan beri The Foxtrot Network va uning Eron bilan aloqalarini o‘rganmoqda.

"Eron rejimi The Foxtrot Network rahbariga o‘z tarmog‘ini Eronning dushmanlariga qarshi hujumlar uyushtirishga safarbar qilishni buyurmoqda", deydi u.

"Bular rejimga qarshi chiqqan muxolif shaxslar, jurnalistlar ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Isroil ob’ektlari ham nishonga aylanishi mumkin", deya ilova qildi Diamant Salihu.

Salihuning aytishicha, Eron rejimi bilan aloqalar 2023 yil oktyabridan, Majid Tehronga qochganidan keyin boshlangan.

"Eronda erkin yashash imkoniga ega bo‘lish uchun u kelishuv tuzishga majbur bo‘lgan. Shart shundan iborat ediki, u va uning tarmog‘i rejim manfaatlari uchun ishlaydi".

The Foxtrot Network va Rava Majid 2025 yil aprel oyida Buyuk Britaniya hukumati tomonidan jazo choralari qo‘llangan guruhlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Bu 18 yoshli Yoxanes Natland Britaniyaning Haddersfild shaharchasida qo‘lga olinganidan bir oy keyin ro‘y bergandi. Natland The Foxtrot Network nomidan Haddersfild yaqinida qotillikni amalga oshirish uchun uchib kelgan edi.

Malla sochli yosh yigit mehmonxonadagi yotoqda sochilgan pullarni namoyish qilmoqda.

Surat manbasi, Counter Terrorism Policing

Surat tagso‘zi, The Foxtrot Network tomonidan yollangan Yoxanes Natland unga berilgan pullarni ko‘z-ko‘z qilmoqda.

Qotillarni yollash jarayoni

Natland ishi VaaS tizimi qanday ishlashining yaqqol namunasidir.

Natland Norvegiyaning Stavanger shahridagi ikki jurnalistning o‘g‘li edi.

U farovon muhitda voyaga yetgan. Biroq keyinchalik narkotiklarga ruju qo‘yib, psixoz - vos-vosga chalingan. U reabilitatsiya markazida va ma’lum muddat bolalar uyida yashagan. Shu yerda UnknownHustler taxallusli boshqa bir o‘smir bilan tanishgan.

Aynan UnknownHustler unga ilk bor Buyuk Britaniyada qotillik amalga oshirish bo‘yicha "Angiyada qotillik, 270 ming" qabilidagi onlayn taklifni yuborgan. (270 ming Norvegiya kronasi taxminan 28 ming AQSh dollari.)

Xuddi shu kabi taklif "Generalen" taxallusli yana bir o‘smirdan ham kelgan edi. O‘sha paytda 16 yoshda bo‘lgan "Generalen" so‘nggi uch yilni bolalar uyida o‘tkazgan. Keyinchalik aynan u Natlandni mazkur amaliyot uchun yollagan.

Shundan keyin Natland "Agent 47" taxallusli The Foxtrot Network a’zosiga topshirilgan. Bu nom mashhur Hitman kompyuter o‘yinlari seriyasidan olingan. Shvetsiya politsiyasi "Agent 47" The Foxtrot Network yetakchisi Majidga yaqin bo‘lgan Ali Shehad Ahmad ekanligiga ishonadi.

"Agent 47" Natlandga Manchester aeroportiga bir tomonlama aviachipta olib bergan va zudlik bilan pasport olish jarayonida yordamlashgan. Signal messenjeri orqali safarning har bir bosqichida unga ko‘rsatma berib turgan. Keyin esa uni «1» nomi bilan tanilgan logistika mas’uliga topshirgan.

Natlandga xuddi kompyuter o‘yini qahramonidek munosabat qilingan. «1» unga Haddersfild yaqinidagi o‘rmonda yashirilgan qurollarni qayerdan topish mumkinligini ko‘rsatuvchi xarita va videolarni yuborgan. Keyinroq piyodalar tunneli yaqinidagi butalar orasiga yashirilgan pul zaxirasiga qanday yetishni ko‘rsatuvchi yana bir videoni yuborgan.

Natland qurollar bilan Haddersfild mehmonxonasiga joylashtirilgach, "Agent 47" yana xabar yozgan:

"Ertaga qiladigan ishlarimiz ko‘p".

Natland ertasi kuni ertalab qo‘lga olingan. U hali kimni o‘ldirishi kerakligi haqida ma’lumot olib ulgurmagan edi. Terrorizmga qarshi kurash bo‘linmasi tergovchilari hozirgacha bu jinoiy buyurtma bo‘lganmi yoki Eron manfaati yo‘lidagi siyosiy qotillik rejasimi, aniqlashga harakat qilishmoqda.

Yollovchi faol "general" - "Generalen"

Natlandni yollagan "Generalen" juda faol shaxs bo‘lgan. U nafaqat Natlandni, balki Shvetsiyada qotillik sodir etgan kamida yana ikki kishini ham yollagan.

Ulardan biri adashib boshqa odamni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Atilla Azimov bo‘lsa, ikkinchisi uch yarim hafta avval Shvetsiya janubidagi Lund shahrida Ahmad Zamzamni otib o‘ldirgan 17 yoshli o‘smir edi.

Qotillarning hech biri haq olmagan, chunki ikkalasi ham qo‘lga tushgan. Shvetsiyaning SVT teleradiokompaniyasi jurnalisti Diamant Salihuning aytishicha, buThe Foxtrot Network faoliyatining muhim xususiyatlaridan biri.

"Ular uchun o‘smirlar qo‘lga tushish-tushmasligining mutlaqo ahamiyati yo‘q. Chunki qo‘lga tushganlar va’da qilingan pulni talab qila olmaydi. Biz bu yosh qotillarga haqiqatan ham pul to‘langani haqida birorta misolni ko‘rmadik", deydi u.

"Tobora yoshroq o‘smirlarni yollash atayin tanlangan siyosat bo‘lgan. Chunki ular qo‘lga tushish oqibatlari haqida unchalik o‘ylamaydi va xavf-xatarni nazarda tutmay taklifni osonroq qabul qiladi".

Nihoyat, "Generalen" Norvegiyalik bir politsiya xodimining 14 yoshli o‘g‘lini o‘ldirishni rejalashtirayotgan vaqti fosh etildi. U pichoq bilan hujumni amalga oshirish uchun 15 va 17 yoshli o‘smirlarni yollagan, ammo 15 yoshli bola politsiyaga xabar bergan.

"Generalen" qo‘lga olingach, tergovchilar uning telefonida Haddersfilddagi qotillik rejasiga oid ma’lumotlarni topishdi. Bu esa Britaniya politsiyasiga Natlandni o‘z vaqtida qo‘lga olish imkonini bergan.

"Generalen" may oyida aybdor deb topilib, 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

 Uzun qora sochli va soqolli shaxs politsiyada olingan suratda.

Surat manbasi, Iraq National Intelligence Service

Surat tagso‘zi, Ali Shehad Ahmad Iroqda hibsga olingan va Shvetsiya uning ekstraditsiyasini talab qilgan.

Qotilliklar davom etadimi?

Europol ning tezkor guruhi - Operational Taskforce, (OTF) GRIMM tashkil etilganidan buyon o‘tgan 15 oy ichida ma’lum yutuqlarga erishgan. Politsiya 280 dan ortiq kishini, jumladan bir nechta muhim gumondorni qo‘lga olgan.

Eng muhim hibslardan biri "Agent 47" deya ko‘rilayotgan Ahmadning qo‘lga olinishi bo‘ldi.

U Iroqning Kurdiston mintaqasidagi Sulaymoniya shahrida ushlangan va ayni paytda uni Shvetsiyaga ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rov ko‘rib chiqilmoqda.

Shvetsiya milliy politsiyasi rahbarining o‘rinbosari Stefan Xektor bu sohada xalqaro hamkorlik doimiy ravishda kengayayotgani ta’kidlab, bu uyushgan jinoyatchilarga "dunyoning hech qaerida o‘zlarini xavfsiz his qila olmasliklari"ni ko‘rsatayotganini aytadi.

May oyida The Foxtrot Network tarmog‘ida "markaziy shaxs" deb ta’riflangan sobiq repper Muhammad «Moewgli» Mohdiy Tunisda qo‘lga olingan.

Biroq Rava Majidning o‘zi hanuz Eronda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qo‘li yeta olmaydigan joyda qolmoqda.

"U hanuz faol", deydi Salihu.

"Bu tarmoq faoliyati davom etar ekang, afsuski, Eron rejimi dushmanlariga qarshi hujumlarga guvoh bo‘laveramiz".

Hibslar The Foxtrot Network ning faoliyat qilish imkoniyatlarini qay darajada cheklagani hozircha aniq emas. Biroq boshqa jinoiy guruhlar, jumladan The Foxtrot Network ning raqibi ko‘rilgan Dalen Network ham qotilliklar uchun ta’sirchan va beriluvchan o‘smirlarni yollashga asoslangan VaaS usulini qabul qilgan.

Shu bois xavf hanuz yuqori bo‘lib qolmoqda.

Bu usul Shvetsiyadan qisqa vaqt ichida butun Skandinaviya va Shimoliy Yevropaga tarqaldi.