O‘zbek alifbosi bilan birga O‘zbek tili ham o‘zgarmoqdami?

Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston xaritasi va yozuvlar kollaji.

Surat manbasi, Rasmiy/BBC (kollaj)

Surat tagso‘zi, Saida Mirziyoyeva ham alifbo masalasiga e’tibor qaratgan.
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbek tili alifbolarining o‘zgarishi til talaffuzini ham o‘zgartirmay qolmaydi. Bu jarayonning qanday ijobiy yo salbiy jihatlari bo‘lishi mumkin?

Oxirgi yillari ishlatib kelingan va hozirda o‘zgarayotgan Lotin yozuvi asosidagi O‘zbek alifbosi Sovet davridan meros qolgan ayrim tovushlarning tildan yo‘qolishiga ham yo‘l ochadi.

Deylik, O‘zbek tiliga xos bo‘lmagan yumshatish belgisi yoki "ts" tovushidan voz kechilgan.

Lotin yozuvida savod chiqargan va rus tilida gapirmaydigan yosh O‘zbeklar uchun "ts" tovushi deyarli mavjud emas. Ular sirk, sirkul yo vaksina deb aytishadi.

Xuddi shunday palto, noyabr yoki iyun so‘zlarini aytish uchun muayyan undoshlarni yumshatishmaydi.

Ayni paytda, sentyabr yoki oktyabr kabi so‘zlar ham O‘zbek tili talaffuziga yaqinrok tarzda sentabr yo oktabr shaklida yozilayotganini ham uchratish mumkin.

Xullas, qaysidir ma’noda Lotin yozuvi tildagi sun’iy harflar yoki O‘zbek xalqi talaffuziga zid bo‘lgan tovushlarni yo‘qotdi.

Ayni paytda, O‘zbek adabiy tilidagi ko‘plab o‘zlashtirma so‘zlarning yozilishi hamon xalq talaffuzidan uzoq qolmoqda.

Deylik, aksariyat O‘zbeklar gapirganda, valasapit, utug yoki moshin deydi, biroq adabiy tilda bu so‘zlar O‘zbek tili talaffuz qoidalari emas, balki Rus tilidagi asliga moslab velosiped, utyug yoki mashina shaklida yoziladi.

Dunyodagi aksar yirik tillar xorijiy so‘zni qabul qilganda, faqat o‘z xalqi talaffuziga moslab oladi.

Masalan, Rus tilida demokratiya, Ingliz tilida democracy, Ispan tilida democracia va Turk tilida demokrasi tarzida shu xalqlarning til hamda talaffuz qoidalariga mos tarzda o‘zgargan.

Ammo qator sobiq mustamlaka xalqlar kabi O‘zbeklar ko‘plab xorijiy so‘zlarni olganda, asosan, Sovet Ittifoqidagi hukmron til - Ruscha shaklini qabul qilgan.

Nuqta qo‘yildimi?

Saida Mirziyoyeva

Surat manbasi, Rasmiy

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Lotin yozuvi asosidagi O‘zbek alifbosi esa hatto savodxonlikka ta’sir etgan o‘tgan yillar ko‘p bahslarga sabab bo‘lib keldi.

Masalan, aksar Arab tilidan o‘tgan so‘zlarda uchraydigan tutuq belgisi yonida yana "o‘" va "g‘" tovushlarini ifodalovchi harflar ham o‘ziga belgi talab etadi.

Ayni masalaga hatto mamlakat prezidenti ma’muriyati rahbari Saida Mirziyoyeva ham aralashdi.

Mamlakat nomining bir necha xil shaklda yozilishiga e’tibor qaratgan Saida Mirziyoyeva alifbo masalasi hal etilishi lozimligini ta’kidladi:

"Yana bir bor ta’kidlayman, gap Vatan va Millat nomini to‘g‘ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o‘zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur, deb hisoblayman!"

Lekin Lotin yozuvidagi ayrim jihatlar hamon bahstalabligicha qolmoqda.

Ayrimlar O‘zbek tilida mavjud barcha tovushlar alifboda akslanmaydi deyishadi.

Boshqalar esa Lotin alifbosida O‘zbek tilining imlo qoidalari o‘zgartirilishi ham asrlar davomida shakllangan va sayqallangan talaffuzga ta’sir qilayotganini aytishadi.

Ayni o‘rinda ba’zan tushunmovchilikka, ba’zida esa bahslarga ham sabab bo‘lib kelgan muayyan so‘zlar va qo‘shimchalar bor.

Facebook
Turk tillarining go‘zalligi singarmonizmda, ya’ni so‘zlardagi unli, ba’zan undosh tovushlar uyg‘unligida emasmi?
Abduvohid Hayit
Shoir va tarjimon

"Tog‘ga" yo "toqqa"

Shoir va tarjimon Abduvohid Hayit sharhlaydi:

Kirill yozuvida biz "g‘", "g" kabi tovushlar bilan tugagan so‘zlarga kelishik yo boshqa qo‘shimchalarni qo‘shganda, misol uchun: "tog‘+ga" emas, "toqqa", "bog‘-ga" emas, "boqqa", "tug‘+gan" emas, "tuqqan", "teg-gan" emas, "tekkan", "qo‘rq-gan" emas, "qo‘rqqan" va hokazo deb yozganmiz, lotin yozuvida esa bunday yozish xato hisoblanarkan, ya’ni lotin yozuvida "toqqa" emas, "tog'ga", "yoqqan" emas, "yog'gan", "oqqan" emas, "oqgan" (oqmoq) yoki "og'gan" (og‘moq), "tuqqan" emas, "tug'gan" deb yozish shart ekan.

Nima uchun? Kimdan chiqqan bu tashabbus? Turk tillarining go‘zalligi singarmonizmda, ya’ni so‘zlardagi unli, ba’zan undosh tovushlar uyg‘unligida emasmi? Yaqin o‘tmishda o‘zbek tili singarmonizmdan obdon mahrum etildi. Lekin uni shevalarda, so‘zlashuv tilida hozir ham qisman qo‘llaymiz. Gapirganda biz hech qachon: "qor yog‘GAN edi, sigirimiz tug‘GAN edi", – demaymiz, balki: "qor yoqqan, sigirimiz tuqqan...", deymiz. Yoki kirill yozuvida "suv oqqan", "boshim oqqan tomon" deb yozganmiz. Ilgari kelishik, sifatdosh yasovchi va boshqa qo‘shimchalarning variantlari, misol uchun: -da (-ta), -dan (-tan, -din, -tin), -ga (-ka, -qa, -g‘a), -gan (-kan, -qan, -g‘an, -g‘on), -di (-ti) va hokazo shakllarda yozuvda to‘liq ifodalangan va bu nutqda ajoyib uyg‘unlik, tabiiylik, musiqaviylik hosil qilgan.

Nazarimda endi, lotin yozuviga o‘tarkanmiz, tilimiz bu fazilatdan butunlay mahrum etilayotganday. Axir yozuv kirilldan lotinga o‘tsa, buning grammatikaga nima aloqasi bor? Yozuv o‘zgarsa, nima uchun grammatik qoidalar ham o‘zgarishi kerak? Menimcha, eng yomoni maktablarda bugun imlo shunday o‘qitilmoqda. Agar o‘quvchi "oqqan" deb yozsa, o‘qituvchi uni "oqgan" deb tuzatishga majbur va hokazo. Keyingi avlodlar buni nutqqa ham ko‘chirib, aytaylik, "nutqQA" emas, qiynalib bo‘lsa ham "nutqGA" deb talaffuz qilishga harakat qilishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan o‘zbek tili qardosh turkiy tillar bilan o‘zaro solishtirilgan videolarni ko‘rib qolaman va ularda qardoshlarimiz o‘z tillarida so‘zlarni erkin talaffuz qilayotganday, o‘zbekcha talaffuz esa biroz sun’iyroqday tuyuladi ba’zan menga. Ya’ni, shu kabi "tashabbuslar" oqibatida tilimizni tabiiy so‘zlashuv tilidan uzoqlashtirib , sun’iylashtirib yubormayapmizmi?

Yuqoridagi matn Abduvohid Hayitning Facebook sahifasidan olindi. Muallif fikri BBC mavqeini anglatmaydi.

O‘zbekchaning o‘zgarishi

Rasmiy tadbir

Surat manbasi, Rasmiy

Rasmiy tadbir

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, O‘zbekcha davlat tili maqoamini olgani har yili bayram qilinadi, ammo alifbolar almashinuvi tilga ta’sir qilgan, degan qarashlar ham bor.

O‘zbek tili talaffuziga ta’sir etgan omillardan biri o‘tgan asrda O‘zbek tilining ko‘p asrlik Arab imlosidan Lotinga va keyinroq Kirill yozuviga o‘tishi bo‘lishi ham mumkin.

Sharqiy slavyan tillariga xos cho‘ziq "i" yo "u" va hatto O‘zbek tiliga mutlaqo zid "ts" harflari yoki yumshatish belgilari kirib keldi. Rus tilidan kirgan so‘zlarni aksliga yaqin talaffuz etish majburiyati esa O‘zbek tili talaffuzini o‘zgartirmay qolmadi.

Sovet davrida bunday majburiyat faqat "qardosh" sovet respublikalari xalqlari tillariga yuklatilgandi.

Ya’ni Rus tili, odatda, O‘zbekcha, Qozoqcha, Ukraincha yoki Gruzincha so‘zlarni asl holida qabul qilmagan.

Deylik, Toshkent Tashkent, Buxoro Buxara, somsa samsa yoki palov plov shaklida olingan.

Lekin O‘zbek tilida Rus tili orqali olingan sirkul, sirk, Rossiya, Moskva yoki kipyatelnik kabi so‘zlar asil holida yozilib, Rus tili qoidalariga mos tarzda talaffuz etiladi.

Va mazkur holat, shaksiz, O‘zbek tili talaffuzini o‘zgartirishga hissa qo‘shgan omillardan biridir.

Buni salbiy yo ijobiy, deb baholash jamiyatda bahsli bo‘lishi mumkin. Zotan har qanday til talaffuzi ham vaqt sayin muayyan o‘zgarishlarga uchrashi tirik tilga xos xususiyatlardan.

Bir savol: Adabiy tilga olingan ajnabiy ohangdagi so‘zlarni O‘zbek xalqi har doim ham o‘z so‘zlashuv tiliga moslab qabul qilganmi yoki asl holida?

Ayni holat O‘zbek tili uchun faqat 20-asrda paydo bo‘lgan yangilik emas.

Uzoq asrlardan beri Arab yozuvi va tovushlari ta’siri ham bo‘lgan.

Deylik, ma’naviyat yoki ma’rifat kabi so‘zlardagi ayirish belgisini aytish mumkin.

Bu ayrim Arabcha so‘zlarning asl talaffuziga yaqin holatda olingani bilan bog‘liq.

Shu qatorda, Fors-Tojik tilidan o‘tgan ko‘plab so‘zlar ham talaffuz jihatidan asliga yaqin holda olingan.

Ammo O‘zbek tilidagi Arab va Fors so‘zlarining aksariyati bugungi O‘zbek tili talaffuzining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.

Hozir ishlatilayotgan va o‘zgarishlar kutilayotgan Lotin alifbosi hamon turli fikrlar va bahslarga sabab bo‘lib keladi.

Ayni paytda, bu yozuv O‘zbek tili talaffuzini tabiiyroq jaranglashiga hissa qo‘sha boshlashi ehtimoli ham katta.