Global isish va ayollar salomatligi: Nega Markaziy Osiyodagi jazirama issiqlar ayollarga og‘irroq ta’sir qilishi mumkin?

Toliqish, jizzakilik, bosh aylanishi, shishish va holdan toyish.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan g‘ayrioddiy issiqlar fonida ko‘plab ayollar aynan shu alomatlardan shikoyat qilmoqda. Yozning boshidayoq 40 darajadan oshgan haroratlar kuzatilgan mintaqada navbatdagi issiq kunlar xavotir uyg‘otmoqda.
Kuchli issiq har qanday odamning salomatligiga ta’sir qilishi mumkin. Biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayollar organizmi, ayniqsa yurak-qon tomir tizimi, ekstremal haroratlarga boshqacha javob beradi. Shu sababli jazirama issiqlar ayollar uchun o‘ziga xos salomatlik sinoviga aylanishi mumkin.
Tadqiqotchilar ayollarning issiq bilan bog‘liq sog‘liq muammolariga, ayrim hollarda esa o‘lim xavfiga erkaklarga nisbatan biroz ko‘proq moil bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Biroq bu bog‘liqlikni to‘liq tasdiqlash uchun qo‘shimcha ilmiy tadqiqotlar talab etiladi.
Olimlar global isish tufayli dunyoning ko‘plab hududlarida bo‘lgani kabi Markaziy Osiyoda ham jazirama issiqlar kuchayib borayotganini ta’kidlamoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va qo‘shni mamlakatlarda rekord darajadagi haroratlar tobora ko‘proq qayd etilmoqda. Shu bois mutaxassislar ayollarning haddan tashqari issiqlarga nisbatan o‘ziga xos zaifliklari haqida xabardorlikni oshirish va ularni himoya qilish bo‘yicha maqsadli choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Gormonlar va organizmning issiqqa javobi
Mutaxassislarning aytishicha, ayollarning haddan tashqari issiqlarga nisbatan ko‘proq sezuvchan bo‘lishi bir necha biologik omillar bilan bog‘liq. Ulardan eng muhimi gormonlar darajasining tabiiy o‘zgarishi hamda organizmning issiqlikni boshqarish mexanizmlaridir.
Tadqiqotlar ayollar erkaklarga nisbatan kamroq terlashini va terlash jarayoni nisbatan yuqori haroratda boshlanishini ko‘rsatadi. Bu esa organizmning ortiqcha issiqlikdan tezroq qutulish imkoniyatini cheklaydi. Natijada tana qizib ketayotganini vaqtida sezish qiyinlashadi.
Shuningdek, ayrim tadqiqotlar ayollarda tana ichki harorati va yog‘ to‘qimalari ulushi o‘rtacha erkaklarnikidan yuqoriroq bo‘lishi mumkinligini qayd etadi. Yog‘ qatlamlari esa qo‘shimcha izolyatsiya vazifasini bajarib, issiqlikning tanada saqlanib qolishiga yordam beradi.
Bunga ayollar hayoti davomida yuz beradigan tabiiy gormonal o‘zgarishlar ham qo‘shiladi. Hayz sikli, perimenopauza, menopauza, homiladorlik va emizish davrlarida estrogen hamda progesteron miqdori o‘zgarib turadi. Bu esa organizmning haroratni nazorat qilish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bunday jarayonlarning barchasi yurak-qon tomir tizimiga qo‘shimcha yuk tushiradi. Ayniqsa, global isish ta’sirida Markaziy Osiyoda tobora ko‘proq kuzatilayotgan uzoq davom etuvchi jazirama kunlarda bu yuk yanada ortadi.

Ijtimoiy omillar ham xavfni kuchaytiradi
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ayollarning jazirama issiqlarga nisbatan sezuvchan bo‘lishi faqat biologik omillar bilan izohlanmaydi.
Ayollar ko‘pincha erkaklarga qaraganda kamroq daromad oladi, shuningdek bolalar, keksalar yoki boshqa oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatini ko‘proq zimmasiga oladi. Natijada ular jazirama kunlarda o‘z salomatligiga yetarlicha e’tibor qaratish yoki o‘zini issiqdan himoya qilish imkoniyatiga kamroq ega bo‘lishi mumkin.
Bu holat Markaziy Osiyoda ham dolzarb. Ayniqsa qishloq hududlarida ayollar uy yumushlari, tomorqa ishlari va qarindosh-urug‘larga g‘amxo‘rlik qilish kabi vazifalarni davom ettirishga majbur bo‘ladi. Harorat uzoq vaqt yuqori bo‘lib turgan paytlarda bu ularning organizmiga tushadigan yukni yanada oshiradi.
Yosh ham muhim omil hisoblanadi. Kishi yoshi ulg‘aygani sari issiqqa nisbatan sezgirlik ortadi. Ayollar o‘rtacha hisobda erkaklardan uzoqroq umr ko‘rgani uchun ularning jazirama oqibatlaridan zarar ko‘rish ehtimoli ham yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
Keksalarda dementsiya kabi kasalliklar chanqoq hissini sezishni qiyinlashtirishi mumkin. Shuningdek, yuqori qon bosimini davolashda qo‘llanadigan ayrim dori vositalari suvsizlanish xavfini oshirib, organizmning issiqqa bardosh berish qobiliyatini susaytiradi.

Surat manbasi, Getty Images
Hayz davrida jaziramaga chidash yanada qiyinlashishi mumkin
Ayollar organizmining issiqqa sezgirligi hayz siklining turli bosqichlarida o‘zgarib turadi.
Hayz boshlanishidan oldingi davrda progesteron gormoni miqdori ortadi. Bu tana ichki haroratining ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Natijada tashqi muhitdagi yuqori harorat yanada og‘irroq seziladi.
Hayz boshlanganidan keyin esa organizmdagi estrogen darajasi eng past nuqtaga tushadi. Estrogen tana haroratini boshqarishda muhim rol o‘ynaydi. Uning kamayishi yurak-qon tomir tizimiga qo‘shimcha yuk tushirib, organizmning sovish jarayonini qiyinlashtirishi mumkin.
Qon yo‘qotilishi bilan birga temir ham kamayadi. Ayniqsa hayzi ko‘p keladigan ayollarda bu holat charchoq, bosh aylanishi, uyqu buzilishi va holsizlikni kuchaytirishi mumkin. Temir tanqisligi organizmga kislorod yetkazib berilishiga ham ta’sir qiladi.
Menopauza davridagi ayollar uchun ham xavf yuqoriroq
Estrogen miqdorining kamayishi sababli perimenopauza va menopauza davridagi ayollarda issiq bosishi va tungi terlash keng tarqalgan holat hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikricha, haddan tashqari issiqlar bu alomatlarni yanada og‘irlashtirishi mumkin. Ayrim tadqiqotlar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq harorat ortishi menopauza davridagi noqulayliklarni kuchaytirishini ko‘rsatmoqda.
Natijada ayollar nafaqat kunduzgi jaziramadan, balki tunlari ham yetarlicha dam ololmaslikdan aziyat chekishi mumkin. Uyqu sifati pasayishi esa umumiy salomatlikka qo‘shimcha salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Homilador ayollar issiqdan ko‘proq aziyat chekishi mumkin
Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, homiladorlik davrida organizmning tana haroratini boshqarishi qiyinlashadi. Bunga modda almashinuvining kuchayishi, suyuqlikka ehtiyojning ortishi va gormonal o‘zgarishlar sabab bo‘ladi.
Homilador ayol organizmi nafaqat o‘z tanasi, balki rivojlanayotgan homilani ham qo‘llab-quvvatlashi kerak. Shu sababli yurak-qon tomir tizimiga tushadigan yuk ortadi.
Mutaxassislarning aytishicha, haddan tashqari issiqlar homilador ayollarda issiqlik zo‘riqishi xavfini oshirishi mumkin. Ayrim tadqiqotlar bunday sharoitlar ona va bola salomatligi uchun ham noxush oqibatlar ehtimolini ko‘paytirishini ko‘rsatmoqda.
Markaziy Osiyoda yozgi harorat ko‘pincha 40 darajadan oshadigan hududlarda bu masala alohida ahamiyat kasb etadi.
Qishloq joylarda ayollar uy ishlari, tomorqa va yaqinlariga g‘amxo‘rlikni davom ettiradi. Uzoq davom etgan issiq esa organizmga tushadigan yukni kuchaytiradi.
Bu faqat ayollar muammosi emas
Mutaxassislarning fikricha, ayollarning jazirama issiqlarga nisbatan o‘ziga xos biologik va ijtimoiy zaifliklari iqlim o‘zgarishi muhokamalarida ko‘proq inobatga olinishi kerak.
Global isish natijasida Markaziy Osiyoda rekord darajadagi haroratlar va uzoq davom etuvchi jazirama davrlari tobora ko‘proq kuzatilmoqda. Shunday ekan, mutaxassislar issiqlikni oddiy noqulaylik emas, balki yurak-qon tomir tizimi uchun jiddiy sinov sifatida qabul qilishga chaqirmoqda.
Ularning ta’kidlashicha, bu faqat ayollar muammosi emas, balki butun jamiyatga taalluqli masaladir. Iqlim o‘zgarishiga moslashish siyosatlari ishlab chiqilayotganda homilador ayollar, menopauza davridagi ayollar, keksalar va parvarish yukini ko‘proq zimmasiga oladigan guruhlarning ehtiyojlari ham hisobga olinishi kerak.
Ayollar uchun xavfsizroq muhit yaratish esa oxir-oqibat butun jamiyatning tobora isib borayotgan iqlim sharoitlariga moslashishiga yordam beradi.




























