Pezeshkiyon Trampga qarata: Eron hech qachon tiz cho‘kmaydi

Surat manbasi, EPA
Prezident Mas’ud Pezeshkiyon AQSh va Isroil bilan qariyb yetti oydan beri davom etayotgan urushga qaramay, Eron hech qachon "tiz cho‘kmasligini", ammo mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga tayyor ekanini aytdi.
AQSh prezidenti Donald Trampning yaqin orada kelishuvga erishilmasa, Islom Respublikasini "yo‘q qilib tashlash" haqidagi tahdidiga javoban Pezeshkiyon BMT Bosh Assambleyasida shunday dedi:
"Sanksiyalar, bosimning kuchayishi va zo‘ravonlikka asoslangan tazyiqlar qarshisida Eron xalqining qarshiligi faqat kuchayadi".
Pezeshkiyon, shuningdek, har qanday kelishuv Eron kemalarining Fors ko‘rfazidagi muhim suv yo‘lidan foydalanishiga to‘sqinlik qilayotgan AQSh blokadasini bekor qilishni ham o‘z ichiga olishi shartligini ta’kidladi.
"Hamma Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan foydalanib, biz esa undan foydalanish huquqidan mahrum qilinadigan vaziyat bo‘lishi mumkin emas", dedi u.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Pezeshkiyon nutqini boshlashi bilan zalni tark etgan AQSh delegatsiyasi hozircha uning so‘zlariga munosabat bildirmadi.
"AQSh prezidenti bizni terrorchilar deb atadi. Biz esa terrorizm qurbonlari bo‘lganmiz", dedi Eron prezidenti Nyu-Yorkdagi BMT minbaridan.
Shundan so‘ng u mamlakatning marhum Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning suratini ko‘tardi. Xomanaiy AQSh va Isroil fevral oxirida Eronga qarshi qo‘shma hujum boshlagan paytda uning qarorgohiga berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan edi.
U, shuningdek, o‘sha kuni Minabdagi boshlang‘ich maktab va Lamerddagi sport majmuasiga berilgan raketa zarbalarida halok bo‘lgan tinch aholi vakillarining suratlarini ham ko‘rsatdi.

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Eron rasmiylariga ko‘ra, bu ikki hujumda 175 dan ortiq tinch aholi vakili halok bo‘lgan va ularning uchdan ikki qismini bolalar tashkil etgan.
AQSh Lamerdga zarba berganini rad etgan va Minabda nima sodir bo‘lganini hali ham tekshirayotganini bildirgan.
"Begunoh xalqimiz mamlakatimizga qarshi amalga oshirilgan qo‘rqoqona hujumlar va tajovuzlar nishoniga aylandi. Biz esa o‘zimizni bor kuchimiz bilan himoya qildik", dedi Pezeshkiyon.
Chorshanba kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yuk kemasiga qilingan hujum oqibatida hindistonlik dengizchi halok bo‘lgani xabar qilindi. Bu haqda Frans Press axborot agentligi Umon va Hindiston rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Hindiston tashqi ishlar vazirligi hujumni qoralab, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning to‘sqinliksiz harakatlanishini tiklashga chaqirdi.
Fevral oyida Eron AQSh va Isroilning keng ko‘lamli havo hujumlariga javoban Isroil hamda AQSh harbiy bazalari joylashgan qo‘shni Fors ko‘rfazi arab davlatlariga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Bu hujumlarda odamlar halok bo‘ldi.

Surat manbasi, Getty Images
Eron, shuningdek, odatda dunyodagi neft va gaz tashuvlarining beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ydi. Eron Fors ko‘rfazi, Ummon ko‘rfazi va Arab dengizida tijorat kemalariga hujum qildi.
Bunga javoban AQSh aprel oyida Eron portlari va kemalariga nisbatan blokada joriy qildi.
Iyun oyida AQSh va Eron urushni tugatish va bo‘g‘ozni qayta ochish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Ammo Eronning kemalarga hujumlari qayta boshlanishi va AQSh o‘z blokadasini tiklashi ortidan bu kelishuv bir necha hafta ichida barbod bo‘ldi.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan ma’lum darajada nazoratni saqlab qolish va undan foydalanadigan kemalardan to‘lov undirishni istaydi. AQSh esa bunga qarshi.
Seshanba kuni BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida Tramp oldida "katta qaror" turganini aytdi: yo Eron bilan mamlakatni qayta tiklash imkonini beradigan kelishuv bo‘yicha muzokara olib borish, yoki "Islom Respublikasini yo‘q qilish va buni tezda amalga oshirish".
Pezeshkiyon bu tahdidni "zo‘ravonlikka asoslangan tafakkur belgisi" deb atadi.
"[Tramp] shuni bilishi kerakki, sanksiyalar, kuchaytirilgan bosim va zo‘ravonlik qarshisida Eron xalqining qarshiligi faqat kuchayadi. Biz hech qachon bosh egmaymiz va tiz cho‘kmaymiz", dedi u.
...sanktsiyalar, kuchaytirilgan bosim va zo‘ravonlik qarshisida Eron xalqining qarshiligi faqat kuchayadi. Biz hech qachon bosh egmaymiz va tiz cho‘kmaymiz.
Ammo u qo‘shimcha qildi:
"Biz muloqot, diplomatiya va muzokaralarga tayyormiz, ammo kuch ishlatish tilini qabul qilmaymiz".
Pezeshkiyon har qanday kelishuv doirasida AQSh blokadasi bekor qilinishi shartligini ham aniq bildirdi.
"Hamma Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan foydalanib, biz esa bu suv yo‘li orqali kema qatnovidan foydalanish huquqidan mahrum qilinadigan vaziyat bo‘lishi mumkin emas", dedi u.
U, shuningdek, Eron tinch maqsadlarda yadroviy dasturga ega bo‘lish huquqidan voz kechmasligini va yadroviy qurol ishlab chiqishga intilmasligini yana bir bor ta’kidladi.
"Biz buni ochiq aytamiz: yadroviy qurolga yo‘q, tinch maqsaddagi yadroviy texnologiyalarga esa hech qanday cheklov bo‘lmasligi kerak".
Tramp esa o‘z nutqida urush Eronning yadroviy bombaga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidlab, mamlakat rahbarlaridan "yadroviy maqsadlaridan voz kechishni" talab qildi.
Seshanba kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va AQSh vakili Stiv Uitkoff Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi doirasida Qatar vositachilari orqali bilvosita muzokara o‘tkazdi.
Uitkoff iyun oyidan beri ilk bor o‘tkazilgan bu muzokaralar "konstruktiv va umidbaxsh" bo‘lishiga umid bildirib, vositachilar o‘z ishlarini davom ettirishini aytdi.
Biroq Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy muzokaralar "yangi narsa emas"ligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Aroqchi Eronning avvalgi shartlarini, jumladan AQSh blokadasini bekor qilish va Eronning muzlatilgan aktivlarini ozod etish talablarini o‘zgarishsiz qoldirgan.































