"Soxta g‘alabalar": Rossiya harbiylari SI yordamida frontdagi "yutuqlar"ni qanday soxtalashtirmoqda?

- Author, Oleg Chernish
- Role, BBC Ukrain xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Rossiya armiyasining ayrim bo‘linmalari frontda go‘yo oldinga siljiyotganini ko‘rsatish uchun sun’iy intellekt (SI) yordamida soxta foto va videolar tayyorlayotgani aytilmoqda. Ukraina Qurolli kuchlari qo‘mondonligidagi Bi-bi-si manbalari ham bunday holatlar ko‘payganini tasdiqlagan.
Ushbu material Bi-bi-si Ukraina xizmati muxbiri maqolasi asosida tayyorlandi.
Ayni paytda Rossiya qo‘shinlarining asosiy taktikalaridan biri "infiltratsiya", ya’ni kichik guruhlarni Ukraina pozitsiyalari orasi orqali front ortiga yashirincha kiritish bo‘lib qolmoqda.
Odatda ikki-uch, ba’zan to‘rt-besh nafar harbiydan iborat guruh Ukraina mudofaa chizig‘idan o‘tib, bino yoki boshqa pana joyda yashirinadi. Keyin esa dron kamerasi oldida Rossiya bayrog‘ini namoyish etishga harakat qiladi.
Shundan so‘ng Rossiya Mudofaa vazirligi mazkur aholi punktini "egallangan" hudud sifatida ko‘rsatishi mumkin. Ukraina tomonining ta’kidlashicha, keyinchalik bu yerga kirgan harbiylar yo‘q qilingan taqdirda ham ushbu da’vo o‘zgarmasligi mumkin.
Biroq kichik shturm guruhlari ham tegishli aholi punktiga yetib bora olmagan holatlarda boshqa usul qo‘llanayotgani aytilmoqda: sun’iy intellekt yordamida Rossiya harbiylarining tasvirlari go‘yo egallangan qishloq yoki shahar manzarasiga joylashtiriladi.

Surat manbasi, Telegram
"Shunda Rossiya harbiylari haqiqiy front chizig‘idan 7–10 kilometr uzoqlikdagi qishloqlarni ham "egallagani" ma’lum bo‘ladi. Aslida esa biz u yerlarda ularni umuman ko‘rmaganmiz", deydi Bi-bi-sining Sumi yo‘nalishidagi manbasi.
Shunga o‘xshash "ilgarilash" haqidagi materiallar Donetsk, Xarkiv, Zaporijjya va Liman yo‘nalishlarida ham tarqalgan.
Shunday misollardan biri Svyatogorsk shahri bilan bog‘liq. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1 sentyabr kuni shahar egallanganini aytgan. Tarqatilgan videoda esa yuzi yopiq harbiyning tasviri Svyatogorsk ko‘chalari manzarasiga sun’iy tarzda qo‘shilgani alomatlari ko‘rinishi aytilmoqda.
ISW nimalarni aniqladi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) bu kabi materiallarni o‘rganib, so‘nggi oylarda Rossiya harbiylari va harbiy blogerlari tomonidan e’lon qilingan o‘nlab shubhali videolarni aniqlagan.
ISW fikricha, bunday foto va videolardan asosiy maqsad Rossiya frontda tashabbusni o‘z qo‘lida ushlab turgani, Ukraina mudofaa chizig‘i esa butun front bo‘ylab yemirilayotgani haqida tasavvur uyg‘otishdir.
Shu bilan birga, tahlilchilar bu amaliyot hozircha Rossiya armiyasi miqyosida markazlashgan tizim ekanini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini ta’kidlaydi.
"SI yordamida tahrirlangan videolarni tayyorlash keng ko‘lamli yoki markazlashgan harbiy amaliyotdan ko‘ra, ayrim rossiyalik harbiy blogerlar va bo‘linmalarning tashabbusi bo‘lib ko‘rinadi", deyiladi ISW hisobotida.
Institut kuzatuvlariga ko‘ra, bunday videolar 2026 yil iyun oyidan boshlab sezilarli darajada ko‘paygan.
1 iyundan 30 avgustgacha ISW sun’iy intellektdan foydalanilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan kamida 35 ta videoni qayd etgan. Tekshiruvda qo‘llanilgan tijoriy dasturlar ulardan kamida 10 tasi SI yordamida o‘zgartirilganini yuqori ishonch bilan ko‘rsatgan.
Ammo haqiqiy ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki SI orqali qilingan o‘zgartishlarni aniqlash dasturlari barcha manipulyatsiyalarni ham ilg‘ay olmaydi.
ISW bunday birinchi videoni 11 iyun kuni qayd etgan. Iyun oxirigacha kamida sakkiz, iyul oyida 13 va avgustda yana 14 ta shubhali material tarqalgan.
Tahlilchilar fikricha, bu materiallar Rossiyaning Ukrainadagi g‘alabasini "muqarrar" qilib ko‘rsatishga qaratilgan axborot va kognitiv urushning bir qismi bo‘lishi mumkin.
Tekshiruv dasturlari ayrim materiallar OpenAI kompaniyasining Sora va ByteDance kompaniyasining Seedance kabi generativ SI modellari yordamida tayyorlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Bu modellar matn yoki mavjud vizual materiallar asosida video yarata oladi.

Surat manbasi, Telegram
Shubhali videolar qanday tarqatiladi?
27 iyul kuni Rossiya tarafdori bo‘lgan Divgen Telegram-kanalida Xarkiv viloyatidagi Beliy Kolodez posyolkasining sharqiy qismida rossiyalik harbiy bayroq ko‘tarayotgani aks etgan video tarqaldi.
Rossiya va Ukraina manbalari videodagi harbiy tanasining g‘ayritabiiy nisbatlari va uning kadrdan to‘satdan g‘oyib bo‘lishi SIdan foydalanilganidan dalolat berishi mumkinligini bildirgan.
3 avgust kuni esa Rossiya Mudofaa vazirligi ushbu aholi punkti egallanganini ma’lum qildi.
24 avgustda Voin DV nomli harbiy bloger Zaporijjya viloyatidagi Dolinka qishlog‘ida Rossiya harbiylari bayroq ko‘tarayotgani tasvirlangan videoni tarqatdi. Undagi odamlarning tana nisbatlarida ham shunga o‘xshash nuqsonlar kuzatilgan. O‘sha kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Dolinka egallanganini e’lon qildi.

Surat manbasi, Telegram
Videoning soxta ekanini qanday aniqlash mumkin?
ISW ma’lumotlariga ko‘ra, bunday videolarda SI orqali yaratilgan ob’ektlarni aniqlashni qiyinlashtirish uchun kamera tasvirini tez-tez yaqinlashtirish, uzoqlashtirish va yon tomonga harakatlantirish usullari qo‘llanadi.
- Shubhali materiallarda quyidagi belgilar uchraydi:
- harbiylarning tana nisbatlari g‘ayritabiiy ko‘rinishi;
- odam yoki ob’ektning kadrdan kutilmaganda yo‘qolishi;
- bayroq va odamlar soyalarining atrof muhitga mos kelmasligi;
- kadrlarning keskin almashishi;
- kameraning betartib yaqinlashishi yoki harakatlanishi;
- harbiyning yaqindan olingan tasviri bilan aholi punktining umumiy manzarasi montaj orqali birlashtirilishi.
ISW taxminicha, ayrim Rossiya manbalari front yaqinidagi aholi punktlarini avvaldan tasvirga olib, so‘ng bu kadrlardan SI modellari uchun asos sifatida foydalanishi mumkin. Ayrim harbiy blogerlar videoga xarita va geografik mo‘ljallarni ham qo‘shadi. Bu esa videodagi joyni geolokatsiya qilish imkonini beradi, ammo kadrdagi harbiy haqiqatan ham o‘sha yerda bo‘lganini isbotlamaydi.
Shu sabab ISW bunday materiallarni tekshirishda faqat geolokatsiya bilan cheklanmay, kadrdagi harbiylar, bayroqlar, soyalar va boshqa vizual detallarni ham sinchiklab tahlil qilish zarurligini ta’kidlaydi.
Institut kamida o‘nta Rossiya polki va brigadasi SI yordamida o‘zgartirilgani tasdiqlangan yoki shubha qilingan videolarda tilga olinganini qayd etgan.
SI orqali tayyorlangan kadrlar hisobotlarda ham ishlatilganmi?
ISW ma’lumotlariga ko‘ra, bunday videolar Rossiya harbiy qo‘mondonligining hisobotlarida ham paydo bo‘lgan.
27 avgust kuni Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Rossiya qo‘shinlari Slavyansk-Kramatorsk yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishib, Donetsk viloyatidagi Piskunovka qishlog‘ini egallaganini ma’lum qildi.
Biroq kontentni tekshiruvchi tijoriy dasturlar Piskunovkada rossiyalik harbiylar aks etgani aytilgan bir nechta sahna SI modellari yordamida o‘zgartirilganini yuqori ishonch bilan ko‘rsatgan.
3 va 4 iyul kunlari Konstantinovkada Rossiya harbiylari bayroq ko‘tarayotgani tasvirlangan kamida to‘rtta video tarqalgan. Ularda ham sun’iy intellektdan foydalanilgani haqida shubhalar paydo bo‘lgan.
ISW, shuningdek, bunday texnologiya Ukraina qo‘shinlarining tasdiqlangan hududiy yutuqlarini inkor etish uchun ham ishlatilganini bildirgan.
12 avgust kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Aleksandrovsk yo‘nalishidagi qarshi hujum operatsiyalari natijasida 26 ta aholi punkti ozod qilinganini ma’lum qildi.
Oradan ikki kun o‘tib, Rossiya manbasi ushbu hududlarning ayrimlarida Rossiya harbiylari hamon turganini ko‘rsatishi aytilgan videolarni tarqatdi. Ammo tekshiruv dasturlari Novonikolaevka, Zlagoda, Privolnoe, Rыbnoe, Krasnogorskoe va Novogrigorovkada olingani iddao qilingan sahnalar sun’iy intellekt yordamida o‘zgartirilganini yuqori ehtimol bilan ko‘rsatgan.
Rossiya rasmiylari o‘z harbiylari tomonidan SI yordamida tahrirlangan videolardan foydalanilgani haqidagi ma’lumotlarni hozircha izohlamagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Rossiya armiyasining hujumi "ishonchli tarzda" davom etayotgani va qo‘shinlar barcha yo‘nalishlarda oldinga siljiyotganini ta’kidlagan.




























