Qaynoq choy va qahva qizilo‘ngachga zarar yetkazib, saraton xavfini oshirishi mumkin

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Mishel Roberts
- Role, BBC News
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, choy va qahva kabi ichimliklarni muntazam ravishda juda issiq holda iste’mol qilish qizilo‘ngach saratoni deb ataladigan kasallik xavfini oshiradi.
Olimlarning aytishicha, qariyb bir million kishi ishtirok etgan izlanish natijalari bu bog‘liqlikni aniqlashga qaratilgan eng yirik tadqiqot hisoblanadi.
Tadqiqotda ichimliklarni "juda issiq" holda ichadiganlarda "iliq" choy yoki qahva iste’mol qiladiganlarga nisbatan qizilo‘ngach saratoniga chalinish xavfi qariyb uch barobar yuqori bo‘lgan. Biroq mutaxassislar bu saratonga chalinishning umumiy ehtimoli pastligini ta’kidlamoqda.
Juda qaynoq suyuqlik oshqozonga tushayotganda qizilo‘ngachning ichki hujayra qatlamiga zarar yetkazishi mumkin.
Qaynoq ichimliklar

Surat manbasi, Getty Images
Oksford universiteti tadqiqotchilari tomonidan o‘tkazilgan va "International Journal of Cancer" jurnalida chop etilgan tadqiqotda harorati 65 daraja yoki undan yuqori bo‘lgan ichimliklar "juda issiq" deb baholangan va ular potentsial xavf tug‘dirishi mumkinligi aytilgan.
977 282 nafar o‘rta yoshli erkak va ayolning ma’lumotlari tahlil qilingan tadqiqotga ko‘ra, kuniga olti yoki undan ko‘p marta issiq ichimlik iste’mol qilish ham xavfni oshiradi.
Ichimlikka sut qo‘shish uni biroz sovitishi mumkin. Ammo tadqiqotchilarning aytishicha, sut qo‘shilgan choy yoki qahvaning o‘zi ham hali juda issiq bo‘lishi mumkin.
Choynakdagi suv to‘liq qaynagandan keyin darhol damlangan choyning harorati 100 darajagacha — suvning qaynash nuqtasiga — yetishi mumkin. Choy piyolaga quyilganda esa uning harorati taxminan 90–95 darajaga tushadi.
Mutaxassislar ichimlikni ichishdan oldin bir necha daqiqa kutishni, uni xavfsizroq haroratgacha sovitishni tavsiya qilmoqda.
Cancer Research UK xayriya tashkiloti issiq ichimlikni qancha vaqt sovitish kerakligini aniq aytish qiyinligini bildirgan.
"Ammo agar xavotirda bo‘lsangiz, ichimlik hali juda issiq paytida ichishdan ko‘ra, uni bemalol ichish mumkin bo‘lgan haroratgacha sovishini kutishni tavsiya qilamiz", — deydi tashkilot.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Tadqiqotning yetakchi muallifi doktor Keren Pape Janubiy Amerikada, ko‘pchilik mate deb ataladigan juda issiq giyohli ichimlikni iste’mol qiladigan hududlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda ham issiq ichimliklar bilan qizilo‘ngach saratoni o‘rtasida shunga o‘xshash bog‘liqlik aniqlanganini aytdi.
Ammo u: "Endi bu xavfning oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan ichimliklarning aniq haroratini aniqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar zarur", — dedi.
Alohida o‘tkazilgan tadqiqotda turli xil qora qahvalarni bir necha marta tatib ko‘rgan 118 nafar yosh katta yoshli inson ishtirok etgan. Ularning aksariyati qahva harorati 70 daraja yoki undan yuqori bo‘lgandagina ichimlikni haddan tashqari issiq deb hisoblagan.
Ichimlikni olib ketish uchun mo‘ljallangan qahva stakanlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan birining ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l-yo‘lakay ichiladigan issiq qahva uchun eng maqbul harorat 49–60 daraja oralig‘ida.
MTPak Coffee kompaniyasi ma’lum qilishicha, agar mijoz qahvani uzoqroq vaqt issiq saqlashni yoki "juda issiq" qahva tayyorlashni so‘rasa, uni 82 darajadan yuqori haroratda berish mumkin.
Umumiy xavf kichik
Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar odamlar juda issiq ichimliklar ichishni to‘xtatsa, qizilo‘ngach saratoni holatlarining taxminan har o‘ntasidan bir yoki ikkitasining oldini olish mumkin.
Qizilo‘ngachning yassi hujayrali saratoni kam uchraydi va har yili bir necha ming kishida aniqlanadi. Buyuk Britaniyada aholining taxminan 1 foizida umr davomida ushbu saraton turi tashxis qilinishi xavfi bor.
Shuning uchun juda qaynoq ichimliklar saraton xavfini oshirishi mumkin bo‘lsa ham, insonning ushbu kasallikka chalinish ehtimoli baribir past.
Bundan tashqari, chekish kabi boshqa omillar ham borki, ular qizilo‘ngach saratoni uchun ancha katta xavf tug‘diradi.
Tadqiqotni moliyalashtirgan Cancer Research UK tashkiloti vakili Fiona Osgun: "Ushbu saraton turi xavfini kamaytirishning eng muhim yo‘llari — chekmaslik va alkogolni kamaytirish", — deya ta’kidladi.
Qizilo‘ngach saratoni belgilari orasida jig‘ildon qaynashi, hazm buzilishi yoki tomoq va ko‘krak sohasida og‘riq, shuningdek, vazn yo‘qotish bo‘lishi mumkin.




























