Maktabimiz direktori zo‘ravon edi. Biz adolat izlab birlashdik - endi turmush qurdik

Ziyo va Yusron kameraga tabassum qilib turibdi. Ziyo xira pushti rangli hijob kiygan va boshiga quyoshga qarshi ko‘zoynak taqqan, Yusron esa yoqasi ochiq oq ko‘ylak kiygan.
Surat tagso‘zi, Ziyo va Yusron Lombok internat-maktabida eng iqtidorli o‘quvchilardan edi.
    • Author, Endang Nurdin
    • Author, Rebekka Henshke
    • Role, BBC Eye Investigations
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Ogohlantirish: Ushbu hikoya jinsiy tajovuz tafsilotlarini o‘z ichiga oladi.

Telefonning narigi tomonidagi ovoz Yusron Azzahidiyning yuragini hapriqtirib yubordi. Opasi unga zudlik bilan qo‘ng‘iroq qilishni so‘rab xabar yuborganidan keyin, u uning raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan edi. Ammo liniyaning narigi tomonida opasi emasdi, bu Yusronning sobiq maktab direktori edi. U Yusronning ota-onasi uyida edi.

"Men bilardim. U nima haqda gaplashmoqchi ekanini aniq bilardim", deydi Yusron.

Ahmad Imanuddin Sumar, o‘quvchilari orasida "Abah" ["ota"] nomi bilan tanilgan, o‘z obro‘sini saqlab qolishi kerak edi. U Indoneziyaning Lombok orolidagi islomiy internat maktabining keng hurmat qozongan rahbari edi. Va Abah Yusron hamda uning sobiq maktabdosh do‘stlari uning tomonidan jinsiy tajovuzga uchraganini aytgan bir nechta o‘quvchining guvohliklarini to‘plab yurganini bilib qolgan edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Islomiy maktab-internatlaridagi jinsiy zo‘ravonlik Indoneziyaning Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan milliy favqulodda holat sifatida ta’riflangan. Ammo ko‘plab ishlar hech qachon sudgacha yetib bormaydi, chunki jabrlanuvchilar o‘z da’volarini qaytarib olishga ko‘ndiriladi yoki sukut saqlashga bosim ostida qoladi, deyishadi huquqshunos mutaxassislar.

Endi Abah Yusron bilan telefonda gaplashar, aynan shunday talabni qo‘yayotgan edi.

"Ustozingizni sharmand qilishga yo‘l qo‘ymang. Har kim xato qiladi, bolam", dedi u yig‘lab.

Ammo u Yusron uning har bir so‘zini yozib olayotganini anglamagan edi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Yusron bir yil avval Abahga oid ayblovlarni o‘rgana boshladi. Bunga uning sobiq sinfdoshi Ziyodatur Rahmoning bir kechadagi oshkoroti turtki bo‘lgan. Ular ikkalasi ham Lombokdagi Abu Barokat maktabining eng iqtidorli o‘quvchilari bo‘lgan. Endi esa ular universitetda tahsil olayotgan edilar: Yusron poytaxt Jakartada, Ziyodatur esa Misrning Qohira shahrida. Ular telefon orqali maktabdagi kunlarini eslab suhbatlasha boshlagan edilar.

Bir kuni kechasi do‘stlari orasida Ziyo nomi bilan tanilgan Ziyodatur Yusronga Abah 16 yoshida unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganini aytdi.

Uning aytishicha, dars paytida hojatxonaga chiqishiga to‘g‘ri kelgan va Abah uni maktab bog‘ida uchratib qolib, hududda joylashgan uyiga birga borishni so‘ragan.

Uyga kirgach, u o‘zini yaxshi ko‘rishini aytganini Ziyodatur Yusronga so‘zlab bergan.

"U meni pastga qarab tortdi, shuning uchun men uning tizzasida o‘tirdim ... Keyin u meni o‘pisha boshladi ... U tanamni siladi", u keyinchalik BBC Jahon Xizmatiga Abah unga xuddi shunday xatti-harakatlarni unga nisbatan ham qilishni buyurganini tushuntirdi.

Yaxshiyamki, uning farzandlaridan biri qulflangan eshikni taqillata boshlagan, dedi u. Abah unga chiqib ketishni ishora qilgan va u orqa tomondan qochib chiqqan. Ammo buning ta’siri halokatli bo‘lgan.

"O‘zimni juda haqoratlangan, hayotim izdan chiqqan va butunlay yo‘qolib qolgan shaxsdek his qildim".

Yusron Ziyoning boshidan kechirganlarini eshitgach, nima qilishni bilmay qoldi. Ularning maktabi ularni: "Sami’no va ato’no" ["Biz eshitamiz va bo‘ysunamiz"] shiori ruhida tarbiyalagan edi.

Yusron dengiz manzarasi fonida kameraga qarab turibdi. U qora xudi, oq shim va boshiga qora ko‘piya kiygan. Qo‘llari esa cho‘ntaklarida.

Surat manbasi, Yusron Azzahidi

Surat tagso‘zi, Internat maktabida tushirilgan ushbu suratdagi Yusron har doim o‘z direktoriga katta hurmat bilan qarar edi.

Ammo u bu haqda o‘ylashdan to‘xtay olmasdi.

Shuning uchun u Ziyo hamda uning maktabdagi dugonalari Vanda Hamida va Mahima Yeka bilan birga uning guvohligini qo‘llab-quvvatlaydigan tasdiqlovchi dalillarni to‘plashni taklif qildi.

Va sekin-asta, ular sobiq sinfdoshlari bilan suhbatlashar ekan, boshqa xotiralar ham yuzaga chiqa boshladi. Do‘stlar o‘z topgan ma’lumotlarini WhatsApp orqali bir-biri bilan baham ko‘rishardi.

Eng muhim ma’lumot Vandaning bir dugonasidan keldi. U bitiruv yilida, tun yarmida maktab hammomida yig‘lab o‘tirgan yoshroq bir qizni ko‘rganini esladi. Shuningdek, Abahning uni izlab kelganini, yuzi qizargan va hansirab turganini ham esladi.

Bu qiz Sukma Rohana edi. U hali ham o‘sha maktabda ta’lim olar edi. U boshidan kechirgan voqealar haqida BBC'ga so‘zlab berdi.

Sukma qora hijobini to‘g‘rilayotgan paytda biroz bukchayib turgan holda tasvirlangan. Uning ustida mayda oq gullar tushirilgan ko‘k rangli kiyim bor.
Surat tagso‘zi, Sukmaning aytishicha, Abah uni zo‘rlamoqchi bo‘lgan

Sukmaning aytishicha, u 17 yoshda bo‘lganida, Abah uni yangi yil ibodatida ishtirok etishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Abahning uyiga kirganida, Abah uning og‘zini yopgan va yotishini aytgan. Shundan keyin Abah belidan pastki qismidagi kiyimini yechgan.

"U tinmay gapirar, o‘zini endi nazorat qila olmasligini aytardi", dedi Sukma.

"U ichki kiyimim orqali meni his qildi ... U meni zo‘rlamoqchi bo‘ldi".

So‘ngra, uning aytishicha, u uning qorniga qattiq tepishga o‘zida kuch topgan va shu imkoniyatdan foydalanib qochib ketgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qochib ketayotganida orqasiga qaragan va fonar nuri uni qidirayotganini ko‘rgan.

Shu kabi dalillar yuzaga chiqa boshlagach, Yusron ularni muvofiqlashtirib bordi. U ayblovlarni bildirgan o‘quvchilar bilan qayta-qayta bog‘lanar va juda batafsil qaydlar yuritardi.

U Sukma, Ziyo va yana to‘rt nafar sobiq o‘quvchiga nisbatan bo‘lgan zo‘ravonlik haqidagi ayblovlarni bayon qiluvchi yetti sahifali hujjat tayyorladi.

Vanda Nahdlatul Vatan Diniya Islomiya (NWDI) vakillari bilan uchrashuv tashkil qildi. Bu ularning maktabi va yana yuzlab boshqa maktablarni boshqaradigan, shuningdek, ba’zi o‘quvchilarning Qohiradagi ta’limini moliyalashtirib kelayotgan nufuzli tashkilot edi.

Uchrashuv yaxshi o‘tdi, dedi do‘stlar bizga. NWDI vakillari ularga ishni politsiyaga olib chiqishda yordam berishlarini aytgan edi.

Biroq uch hafta o‘tgach, Yusron opasidan o‘sha xavotirli xabarni olganida va qo‘ng‘iroq qilgach, Yusronning oilaviy uyida telefonning narigi uchida Abah chiqqanidan keyin, NWDI Yusronning yozma hujjatlarini unga berib yuborgani ma’lum bo‘ldi.

"Agar bu ommaviy axborot vositalariga sizib chiqsa... men tamom bo‘laman", deyyotgani eshitiladi Abahning Yusron tomonidan yozib olingan audiosida.

U Yusrondan o‘zi uchun yolg‘on gapirishni so‘raydi va unga dalillar haqidagi hujjatidan voz kechishi uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan bir qator bahonalarni aytib beradi.

Keyin u Ziyoga qo‘ng‘iroq qildi va unga ham shunga o‘xshash bosim o‘tkazdi. Yusron kabi, u ham suhbatni yozib oldi. Ushbu suhbatda Abah unga nisbatan zo‘ravonlik qilganini tan oladi, ammo undan bu haqda jim qolishni iltimos qiladi.

Abah boshiga qora ko‘piya kiygan. U qora kostyum, qora galstuk va oq ko‘ylakda bo‘lib, yelkasiga qora va sariq rangli tasma tashlab olgan. U minbar ortida nutq so‘zlamoqda, uning oldida mikrofon turibdi.

Surat manbasi, Abu Barokat Facebook

Surat tagso‘zi, O‘quvchilari orasida "Abah" nomi bilan tanilgan Ahmad Imanuddin Sumar Ziyo va Sukmadan o‘z boshidan kechirganlari haqida hech kimga aytmaslikni so‘ragan.

Sukma esa, o‘z navbatida, Abahning uyiga chaqirilganini va u yerda o‘zini ikki nafar politsiya xodimi hamda NWDI tashkilotining advokati kutib turganini ko‘rganini bizga aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular uni barcha ayblovlari yolg‘on ekani ko‘rsatilgan hujjatga imzo qo‘yishga majbur qilgan.

Uning bu gaplarini keyinroq Abahning rafiqasi Hurmiati bilan yuzlashganida yashirincha yozib olgan audiosi ham tasdiqlaydi.

Hurmiati unga hech narsa bo‘lmagani haqidagi ularning "kelishuvi"ga amal qilishni aytayotgani eshitiladi. U yana shunday deydi: "Buning sizni umringiz oxirigacha ta’qib qilib yurishini istaysizmi? Bu turmush qurish imkoniyatlaringizga ta’sir qilishini istaysizmi?".

Bu bosim hatto Abahning Yusronning ota-onasidan uni universitetda topish uchun Jakartaga uchib borishni so‘rashigacha yetdi. Ular uni topa olmadi, chunki u mehmonxonada yashirinib yurgan edi. Ammo boshidan kechirilgan bu voqealar Yusronning onasi uchun juda og‘ir bo‘ldi. U o‘g‘liga bu bosim uni o‘limga yetaklayotganini aytdi.

Shunday qilib, Yusron istamagan holda surishtiruvini to‘xtatdi.

Shu orada u va Ziyo asta-sekin yaqinlasha boshladi. Do‘stlik uzoq masofali munosabatlarga aylandi va ular muntazam ravishda telefonda gaplashib turishardi.

"Va men uning haqiqatan ham qiynalayotganini ko‘rib turardim... U: 'Nega men hali ham [Abah] qilgan ishni o‘ylayveraman?' kabi gaplarni aytardi".

Yusron sevib qolayotgan qizga yordam berish bilan onasiga bergan va’dasi o‘rtasida ikkilanib qolgan edi.

Oradan sakkiz oy o‘tgach esa, Yusron islomiy maktablardagi jinsiy zo‘ravonlik haqida xabardorlikni oshirish bilan shug‘ullanuvchi bir guruh haqida eshitdi. U Ayu Masruroh ismli yosh ayol tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u Moch Subchi Azal Sani ismli o‘qituvchi tomonidan boshqa bir maktabda zo‘ravonlikka uchragan dugonasiga adolat topishda yordam bergan edi.

Ayu endi ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda ochiq gapirish zarurati haqida faol ravishda yozib borardi.

Bu esa Ziyoni Instagram'da murojaat qoldirishga ilhomlantirdi. U zo‘ravonlikka duch kelgan har qanday indoneziyalik o‘quvchidan o‘zi bilan bog‘lanishni so‘radi.

U Abahning tanbehlariga va o‘zgarish haqidagi va’dalariga qaramay, yana shunday amallar qilganini bilib oldi. Ziyoning maktabida o‘qigan bir qiz bog‘lanib, o‘zi ham Abah tomonidan zo‘ravonlikka uchraganini aytdi. Aytilishicha, bu holat Abahning Ziyo va Yusronga bergan va’dalaridan qariyb bir yil o‘tgach sodir bo‘lgan.

"Bu menga [Abah] aslida umuman o‘zgarmaganini anglatdi... U to‘xtashi haqida aytgan gaplarining hammasi... barchasi shunchaki yolg‘on ekan", dedi Ziyo.

Nihoyat, Yusronning ota-onasi unga Ziyo va Sukmaga adolat izlash yo‘lini davom ettirishda yordam berishiga rozi bo‘ldi.

Ammo bu safar do‘stlar ishni boshqacha qilishga qaror qildi. Ular Ayu bilan bog‘lanishdi va u aniq advokat yollash haqida maslahat berdi. Ayu ularni jinsiy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga vakillik qilish tajribasiga ega bir mutaxassis bilan tanishtirdi. U Sukmaning ishi jinoiy ta’qibni ta’minlash uchun eng kuchli ish ekanini aytdi.

Biz Abah va Hurmiati bilan ularga qo‘yilayotgan ayblovlar yuzasidan bog‘landik, ammo ular javob bermadi.

NWDI aytishicha, tashkilot hali ham ayblovlarni ichki tartibda tekshirmoqda va jinsiy zo‘ravonlik haqidagi da’volarni yashirishga uringanini rad etadi.

Tashkilot bayonotida aytilishicha, uning "tashkilotni ayrim shaxslarning gumon qilinayotgan xatti-harakatlari tufayli obro‘sizlanishdan himoya qilish majburiyati" bo‘lgan.

Sukma o‘tgan yilning fevralida Abah ustidan politsiyaga ariza berdi. U hali ham politsiyaning chora ko‘rishini kutmoqda, Abah esa hamon o‘z lavozimida qolmoqda.

"Mening boshimga tushgan voqea boshqa birorta o‘quvchining boshiga tushishini istamayman. Men adolat istayman", dedi u BBC'ga.

Biroq bu surishtiruv Ziyo va Yusronni yanada yaqinlashtirdi. O‘tgan yilning fevral oyida, uch yil davomida yozishib va gaplashib yurganlaridan so‘ng, Yusron Ziyo bilan birga bo‘lish uchun Qohiraga ko‘chib o‘tishga qaror qildi.

Ziyo yelkasiga somondan to‘qilgan sumka osib olgan, oq bluzka va pushti hijob kiygan. U qo‘lini Yusronning boshiga qo‘ygan. Yusron uni quchoqlab turgan bo‘lib, kulrang sport shimi va qora futbolka kiygan.
Surat tagso‘zi, Ziyo va Yusron Qohirada. Ularning aytishicha, boshidan kechirgan sinovlar davomida ular bir-biriga bo‘lgan ishonchni mustahkamlagan.

"Men Jakartada juda qattiq charchadim. Chunki butun vaqt davomida politsiya ishi bilan shug‘ullanardim. Shunday qilib, men Ziyoni ko‘rganimda ... bu menga ruhiy taskin berdi", dedi u.

Ziyo juda xursand bo‘lib "to‘xtovsiz gapira boshladi". "O‘shanda men uning munosabatga jiddiy yondashayotganini bildim. U butun yo‘lni bosib men uchun Misrga kelgan edi. Men unga ishonaman. Shuning uchun men u bilan birgaman".

Bu ishonch, ma’lum ma’noda, ularning adolat izlash yo‘lidagi umumiy kurashi davomida shakllangan. O‘tgan oy juftlik turmush qurdi.

Ularning advokati Joko Jumadi talabalarning jasorati va puxta ishlaganidan ta’sirlanganini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, ular to‘plagan yozuvlar jabrlanganlarga o‘tkazilgan bosimni hujjatlashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. "Bir necha qurbonlar tilga olingan - shaxsning o‘zi ham tan olgan. Bu asosiy dalillar", dedi u.

Joko va uning jamoasi so‘nggi uch yil ichida mahalliy G‘arbiy Nusa Tenggara viloyatidagi islom maktab-internatlari bilan bog‘liq 20 ta jinsiy zo‘ravonlik holatlarini ko‘rib chiqdi va u buni "aysbergning uchigina xalos" deb hisoblaydi.