Sirojiddin media sudida kutilmagan o‘zgarish: jabrlanuvchilar da’volaridan voz kechayaptilar

Surat manbasi, Sirojiddin media
Nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va matbuoti e’tiboriga tushgan samarqandlik bloger Sirojiddin Adilov ustidan borayotgan sud ishida burilish kuzatilgan.
Sirojiddin media asoschisiga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudi majlisida qatnashayotgan «Ezgulik» Inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bu haqda xabar berdi.
Tashanov o‘zining Feysbukdagi sahifasida yozishicha, jinoyat ishida "jabrlanuvchi" deb ko‘rsatilgan shaxslar Sirojiddin Adilovga qarshi da’volaridan kechganlar.
Ayni shu da’volar blogerni hibsga olishga, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan edi.
Tashanov xabar qilishicha, endi Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tuman sudida qayta ko‘rish boshlangan mahkama ishida ayrim jabrlanuvchilar da’volaridan voz kechganlar, Sirojiddin Adilovga nisbatan moddiy va ma’naviy talablari yo‘qligi haqida arizalar yozib berganlar.
Tashanovga ko‘ra, mazkur shaxslarning murojaatlari Sirojiddin Adilovga tovlamachilik ayblovi qo‘yilishiga asos bo‘lgan.
Mirzacho‘l sudida prokuror muzokaralarga tayyor emasligini bildirgan.
Keyingi sud majlisi 24 sentyabrga qoldirilgan.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
"Sirojiddin Media" kanali muallifi Sirojiddin Adilov mart oyida moliyaviy bahsni hal qilib berishni va’da qilish bilan pora olganlikda ayblanib Samarqandda hibsga olingandi.
Blogerning hibsga olinishi uning faoliyatiga bog‘liqligi haqidagi kuchli taxminlarni yuzaga chiqardi.
Sirojiddin Adilov Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi maktab direktori Gulira’no Qosimovaning IIB xodimlaridan tomonidan tahqirlanish ishini faol yoritib kelayotgandi.
Qosimovaning IIB xodimlari tomonidan majburlab yechintirilgani va suratga olingani haqidagi da’volari sudda tasdig‘ini topib, Furqat tuman IIB rahbari va yordamchisi aybdor deb topildi.
Ammo Gulira’no Qosimova bu ishga aloqador deya yana to‘qqiz nafar xodimning jazolanishini talab qildi.
Adilovga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ish uning Qosimova ishini faol yoritgani uchun Ichki ishlar tizimi tomonidan olinayotgan qasos degan farazlarni o‘rtaga chiqardi.
"Uni Pastdarg‘om sudi dastlab JKning 211-moddasi (Pora berish) bilan qamagandi, bu modda tergov davomida tasdiqlanmadi, olib tashlandi. Tergov organi esa uni qamoqda olib qolish uchun unga JKning 165-moddasi (Tovlamachilik)ni qo‘shdi. Sirojiddin ishida mutlaqo tarkib bermaydigan mazkur ayblov uning noqonuniy ushlab turilishiga asos bo‘lmoqda. Holbuki, 11 iyun kuni Sirojiddinning qamoqqa olinganiga 90 kun to‘ldi, u hozirda noqonuniy ravishda qamoqda qolmoqda», - degandi hali mahkama boshlanmasidan oldin Abdurahmon Tashanov BBCga.

Advokati jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishib chiqib, Uzdplomat nashriga aytishicha, Adilovni qamoqqa olish chorasi 10 mart kuni chiqarilgan, unga qarshi arizalarning aksariyati esa 20 va 23 mart kunlari olingan.
Adilov ishi Jizzax shahar sudida sudya Sanjar Rasulov raisligida 20 iyulda boshlandi.
Avgust oyi oxirida Sanjar Rasulov Navoiy viloyat sudiga o‘tkazilgani xabar qilindi.
Bu degani, endi ish sudda to‘liq qaytadan ko‘rilishi, boshqa sudya jinoyat ishini qaytadan o‘rganishi lozim.
Sudyani o‘zgartirish qarori tanqidlarga sabab bo‘ldi, sobiq parlament deputati va bloger Rasul Kusherbaev "inson taqdiri o‘yinchoq emas" deb yozdi:
"Yana qancha sarsongarchilik, mubham vaziyat va kurashlar".
"Shov-shuvli ishlar"
Sirojiddin Adilovning ishi 2026 yilda O‘zbekistonda jurnalistlar va blogerlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan qator shov-shuvli jinoyat ishlaridan biridir.
Shu yil yanvar oyida taniqli Taftish.uz veb nashri jurnalistlari hibs qilindilar.
Ular tovlamachilik va firibgarlikda ayblanganlari xabar qilindi.
O‘sha paytda Xoramzdagi Qonun doirasida loyihasi rahbari Furqat Ro‘zmetov va tahririyat xodimi Azamat Avezov ham hibsga olindi.
Yanvarь oyida Marg‘ilon shahar sudi jurnalist Elyor Tojiboevni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Fevral oyida Demokrat.uz rahbari Fazlidinxon Mehmonov va bloger Aziz G‘oyibnazarovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Tergov versiyasiga ko‘ra, ular obro‘sizlantiruvchi videorolikni o‘chirib tashlash evaziga pul talab qilganlar.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:





























