O‘zbeklar ham qabul qilgan odatni ilm-fan o‘rgandi

Surat manbasi, GettyImages/Uriel Sinai
O‘zbekiston va qariyb butun Osiyoda aksar odamlar hech qachon oyoq kiyimni qaerda yechish kerak, degan savolni o‘zlariga berishmasa kerak. Chunki bu yozilmagan odob qoidasi sanaladi.
Yaqinda BBC xuddi shu odatga ilmiy jihatdan nazar tashladi hamda oyoq kiyim bilan uy ichida yurish va aksincha, ichkari kirishdan oldin poyabzalni yechish oqibatlarini o‘rganishga intildi.
BBC ko‘chada kiyilgan oyoq kiyimini Angliyadagi Brayton universiteti mikrobiologiya laboratoriyasiga olib bordi.
Tekshiruv natijasi

Olimlar poyabzal yuzasi va tagiga paxtali tayoqcha surib, namunalar olishdi va uni 24 soat agarli idishga solib qo‘yishdi.
Bir kecha-kunduzdan so‘ng nimalar topilganini bilishga qiziqdik.
Namunadan oltinrang stafilokokk topildi.
"Bu sog‘lom odamlarga ham yomon ta’sir qiladi" - deydi mikrobiolog Sara Pitt.
"Xususan, zotiljam kabi kasalliklarga yetaklashi, immuniteti zaiflashgan insonlarda esa qonga tushadigan infektsiyalarga sabab bo‘lishi mumkin".
Uning aytishicha, poyabzalda topilgan bakteriyalar bir necha kun davomida tirik qolishi va odamlarga kasallik yuqtirishi ehtimoli yo‘q emas.
Ayniqsa iliq sharoitda, gilamlarda yashovchan bo‘ladi. Uy ichi esa odatda iliq bo‘ladi va aksar xonalarda gilam to‘shaladi.
"Dunyo bo‘ylab esa boshqa bakteriyalar, zamburug‘lar va parazitlar bo‘lishi mumkin" - deydi mikrobiolog.
Bugun dunyoning turfa nuqtalarini nazarda tutsak, tashqarida nafaqat turli kasallik tarqatuvchi bakteriyalar, balki zaharli kimyoviy moddalar ham bo‘lishi mumkin. Va ular oyoq kiyimga ilashmaydi, degan kafolat yo‘q.
Oyoq kiyimga oid odatlar
G‘arbda, xususan, Yevropa va Amerika qit’asidagi davlatlarda ko‘pchilik ichkarida ham oyoq kiyimini yechmaydi.
Lekin Osiyo va Afrikaning ko‘plab mamlakatlarda odamlar uyga oyoq kiyimda kirishmaydi.
O‘zbekistonliklar, masalan, uyga kirguncha yo hatto xovlida to‘shalgan ko‘rpachaga o‘tirguncha, odatiy tarzda poyabzalini yechishga odatlanganlar.
Bu odat hatto yuzlab odam to‘planadigan to‘y yoki ta’ziyada ham saqlanadi.
Ba’zi uzrli holatlarni istisno etganda, hech kim poyabzalda ichkari kirmaydi.
G‘arbda esa oyoq kiyimni qaerda yechish kerak, degan savol endi kun tartibiga chiqmoqda.
Odamlar uyda poyabzalni yechish kerakmi, degan savolni berishmoqda.
Ayrim g‘arbliklar uyda ham ko‘chada kiyilgan oyoq kiyimi bilan yurish odatidan voz kecha boshlashyapti.
Bu zotiljam kabi kasalliklarga, immuniteti zaiflashgan insonlarda esa qonga tushadigan infeksiyalarga sabab bo‘lishi mumkin
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Kundalik odatlar tabiat hamda iqlim sharoitlariga mos tarzda yuzaga kelishi, iqtisodiy ahvol va diniy yoki madaniy an’analarga qarab o‘zgarishi ehtimollari kattaligi aytiladi.
Ilm-fan rivojlanishi bilan ko‘p odatlar foyda va zarariga qarab, yo yangi hududlarga yoyiladi, yo yo‘qolib boradi.
Aftidan, uy ichida oyoqyalang yurish odati endilikda yangidan-yangi qit’a hamda mamlakatlarga kirib borishi.
Britaniyada, masalan, xonadonlarga borib ishlaydigan ustalar va muhandislar endilikda oyoq kiyimlari ustidan maxsus qoplama kiyishadi.
Biroq bir martali qoplamalar tabiat uchun zararli bo‘lishi, qayta-qayta ishlatiladigani esa xuddi oyoq kiyim kabi o‘zida turli bakteriya va kasalliklarni tashishi mumkinligi aytiladi.
Xullas, yaqin orada butun dunyo uy ichida poyabzalsiz yura boshlashi ham oddiy odatiy holga aylanishi ehtimoli yo‘q emas.
































