Gulnora Karimova ishi: Shveytsariya xususiy banki nega jarimaga tortildi? Shveytsariya matbuoti talqini. Video

Rasmning chap tomonida Gulnora Karimova, qimmatbaho taqinchoqlar taqqan, kulib turibdi, o‘ng tomonida Olima Nabizoda, o‘rta qismida Shveytsariya bayrog‘i, sudьyalar bolg‘asi va bolg‘a bilan urish uchun dumaloq taxtachasi stol ustida turibdi, orqa fonda esa Jeneva shahrida joylashgan Lombard Odier & Cie xususiy banki

Surat manbasi, BBC/Getty Images/Andreas Rentz/Nights In Monaco/FABRICE COFFRINI/AFP

Surat tagso‘zi, Sud O‘zbekistonga Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin 25 yildan ortiq vaqt davomida qattiqqo‘llik bilan rahbarlik qilgan marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi ustidan hukm chiqarishning imkoni yo‘q, degan qarorga keldi.
Published
O'qilish vaqti: 8 daq

Shveytsariya federal jinoyat ishlari sudi Jenevadagi xususiy Lombard Odier bankini Gulnora Karimova bilan bog‘liq pul yuvish ishi bo‘yicha qariyb $3,68 million (3 million shveytsariya franki) miqdorida jarimaga tortdi.

Bu borada Shveytsariyadagiswissinfo.chnashri xabar berdi.

Rasmiy nashrning yozishicha, o‘tgan hafta Shveytsariya Federal jinoyat ishlari sudi Gulnora Karimovaga oid ish bo‘yicha hukm chiqardi. Sud Lombard Odier bankining sobiq menejerlaridan birini og‘irlashtiruvchi holatlarda pul yuvishda aybdor deb topib, uni 24 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilgan.

Shuningdek, Jenevada joylashgan xususiy Lombard Odier banki jinoyatlarning oldini olish uchun zarur tashkiliy choralarni ko‘rmagani uchun 3 million shveytsariya franki (qariyb 3,68 million AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortilgani aytiladi. Biroq sud O‘zbekistonning sobiq prezidenti qizi Gulnora Karimova va uning yaqin hamkorlaridan biriga qarshi ishni tugatgan.

Sud O‘zbekistonga Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin 25 yildan ortiq vaqt davomida qattiqqo‘llik bilan rahbarlik qilgan marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi ustidan hukm chiqarishning imkoni yo‘q, degan qarorga kelgan.

Karimova O‘zbekistonda jazo o‘tamoqda va mahalliy hokimiyat unga mamlakatni tark etishga ruxsat bermaydi. Shuning uchun uning Shveytsariyadagi sud majlisida qatnashmagani unga qarshi dalil sifatida qo‘llanilishi mumkin emas. Sudga ko‘ra, javobgarlikka tortish muddati tugamaguncha Karimovani na ozod qilish, va na Shveytsariyaga ekstraditsiya qilishning imkoni yo‘q.

Rossiyada yashovchi ikkinchi ayblanuvchiga nisbatan ham ish tugatildi, chunki u o‘z aybi bo‘lmagan holda doimiy ravishda Shveytsariyaga safar qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

U Karimovaning eng yaqin ishonchli yordamchisi sifatida qaralgan.

Pul yuvish sxemasi va bankning roli

2013 yil 17 aprelda olingan ushbu suratda Jeneva shahrida joylashgan Lombard Odier & Cie xususiy bankining bosh qarorgohi aks etgan.

Surat manbasi, FABRICE COFFRINI/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, 2013 yil 17 aprelda olingan ushbu suratda Jeneva shahrida joylashgan Lombard Odier & Cie xususiy bankining bosh qarorgohi aks etgan.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Ish markazida "Office" nomi bilan tanilgan jinoiy uyushma turgani bildiriladi. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tuzilma O‘zbekistonda faoliyat yuritgan xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalari tomonidan to‘langan pora mablag‘larini qabul qilgan. Bu kompaniyalar ushbu to‘lovlar evaziga Karimovadan muayyan imtiyozlar olishga intilgan.

Keyinchalik bu mablag‘lar shaffof bo‘lmagan moliyaviy operatsiyalar orqali bir nechta bankdagi, jumladan Jenevadagi Lombard Odier bankidagi "Office" hisoblariga o‘tkazilgan. Aybdor deb topilgan sobiq bank xodimi ana shu hisoblarning Jeneva filialidagi menejeri bo‘lgan. U korruptsiya alomatlaridan xabardor bo‘lganiga qaramay, faqat yuzaki tekshiruvlar bilan cheklangan deyiladi.

Lombard Odier xususiy banki tashkiliy kamchiliklarda aybdor deb topildi. Sudga ko‘ra, bank o‘z xodimi tomonidan sodir etilgan pul yuvish holatlarining oldini olish uchun barcha oqilona va zarur choralarni ko‘rmagan.

Bank ham korruptsiya alomatlaridan xabardor bo‘lganiga qaramay, tegishli bo‘limlar yetarli tekshiruvlar o‘tkazilishini ta’minlamagan.

Jazoni belgilashda sud jinoyatlar sodir etilgan vaqtdan buyon uzoq muddat o‘tganini yengillashtiruvchi omil sifatida hisobga oldi. Ushbu huquqbuzarliklar 2011 va 2012 yillarda sodir etilgan.

2011 yil 27 iyuldan oldin sodir etilgan huquqbuzarliklarga oid ishlar esa da’vo muddati tugagani sababli tugatilgani aytiladi.

Karimova ishining xalqaro ko‘lami

Shveytsariya bayrog‘i orqa fonda, oldgi fonda esa sudьyalar bolg‘asi va bolg‘a bilan urish uchun dumaloq taxtachasi stol ustida turibdi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Mazkur ish musodara qilingan aktivlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ham turtki bo‘ldi.

Shveytsariyadagi tergov 2012 yilda boshlangan bo‘lib, u yigirma yildan ortiq vaqt avval sodir bo‘lgan harakatlarga taalluqli. 2025 yil may oyida Federal jinoyat sudi Karimova va Lombard Odier'ga qarshi ish yurituvlarini birlashtirdi.

Keng qamrovli xalqaro tergov bir nechta yurisdiktsiyalardagi aktivlarni qamrab olgan. Shveytsariya, Frantsiya va Qo‘shma Shtatlarda Karimova bilan bog‘liq aktivlar qiymati avvalroq qariyb 1,4 milliard dollar deb baholangan edi.

Mazkur ish musodara qilingan aktivlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ham turtki bo‘ldi. 2025 yil fevral oyida Shveytsariya va O‘zbekiston Shveytsariya hokimiyati tomonidan musodara qilingan taxminan 182 million dollar mablag‘ni qamrab olgan kelishuvni imzoladi. Mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ta’lim dasturlari kabi ijtimoiy loyihalar uchun Uzbekistan Vision 2030 Multi-Partner Trust Fund orqali o‘tkazilishi kerak. Avvalgi kelishuv taxminan 131 million dollarni qamrab olgan bo‘lib, ikki kelishuv bo‘yicha O‘zbekistonga qaytarilayotgan umumiy mablag‘ni taxminan 313 million dollarga yetkazgan.

2025 yil iyul oyida O‘zbekiston BMTning Asossiz hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhining Karimovaning hibsini asossiz deb topgan 17/2025-sonli xulosasini rad etdi. Toshkent jinoyat ishlari milliy qonunchilik hamda mamlakatning xalqaro majburiyatlariga muvofiq olib borilganini bildirdi.

Bu haqda The Times of Cenreal Asia vebsahifasi xabar berdi.

Shveytsariyadagi o‘zbekistonlik mutaxassis nima deydi?

Suratning chap qismida Shveytsariyaning Bilanz jurnali, o‘ng qismida esa Olima Nabizoda BBC bilan suhbat paytida

Surat manbasi, BBC/Taqdim

Surat tagso‘zi, "Gulnora Karimovaning pul yuvish amaliyotlari va korruptsiya da’volari bu yerdagi eng katta janjallardan biri" - deydi Olima Nabizoda.

O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq moliyaviy ish bir necha yillardan beri xalqaro e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Shveytsariya prokuraturasi telekommunikatsiya sohasiga aloqador moliyaviy operatsiyalar va ehtimoliy pora pullari yuzasidan tekshiruvlar olib borgan edi.

BBC O‘zbek Xizmati o‘tgan 1 May kuni Shveytsariyaning Bazel shahridagi o‘zbekistonlik mutaxxasis Olima Nabizoda bilan suhbat qildi. Suhbatdan taxminan bir hafta oldin Shveytsariya Federal jinoiy sudi mahkama jarayoni to‘xtatilgandi. Karimova O‘zbekistonda qamoqda bo‘lgani sabab sudda shaxsan qatnasha olmasligi aytilgan.

Karimova va uning advokati unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib kelayotganini ham ta’kidlaydi.

Bu qaror Shveytsariya ommaviy axborot vositalari tomonidan qanday talqin qilingan? Suhbatni Aziza Qadam olib bordi.

BBC: Gulnora Karimova bilan bog‘liq sud jarayonining to‘xtatilgani haqida O‘zbekiston va xalqaro OAV keng yoritishdi. Shveytsariya OAV bu qarorni qanday talqin qildi?

Olima Nabizoda: Birinchidan, Gulnora Karimovaning pul yuvish amaliyotlari va korruptsiya da’volari bu yerdagi eng katta janjallardan biri. Ya’ni hatto ba’zi matbuot manbalari "Bunaqasi bizning tarixda bo‘lmagan", degan iddao bilan ham chiqishdi. Ba’zilar esa buni korruptsiyaning klassik ko‘rinishi sifatida ham talqin qilishdi.

Mening o‘zim nemis tili mintaqasida yashayman va shu sababdan ko‘proq Shveytsariyaning nemis tilidagi matbuotida nimalar yozilayotgani haqida gapirishim mumkin.

Biz to‘rt xil qarashni ko‘ramiz. Ya’ni jiddiy matbuot hisoblangan NZZ ro‘znomasi, bu Neue Zürcher Zeitung deyiladi, ko‘proq huquqiy tarafdan yondashyapti. Albatta, u huquqiy jarayon to‘g‘ri olib borilayotganini ta’kidlasa ham, siyosiy va ijtimoiy jihatdan bu qoniqarli emasligini ham ayni paytda ta’kidlab kelyapti.

Shveytsariya radio va televideniesi esa ommaga tushunarli tilda, soddaroq qilib, ko‘proq O‘zbekiston tarixi va umuman korruptsiya masalasiga oid voqealarni tushuntirishga harakat qilyapti.

Bizda sariq matbuot degani ham bor, masalan, Blick degan ro‘znoma. U yerda esa, albatta, Gulnora Karimovaning bir malikadek juda hashamatli hayot kechirgani va Shveytsariya sudi tomonidan haligacha qoniqarli hukm chiqarilmagani masalalariga urg‘u berilyapti.

Moliya va iqtisod masalalariga bag‘ishlangan matbuot nashrlari esa ko‘proq Gulnora Karimovaning o‘zi haqida emas yoki bugun unga nisbatan olib borilayotgan pul yuvish da’volari va sud ishlari haqida emas, balki: "Biz nima qilsak bo‘ladiki va qanday choralar ko‘rsak bo‘ladiki, Shveytsariya banklariga nisbatan xalqaro maydonda ishonch yo‘qolmasin? Biz o‘z banklarimizning shaffofligi va xavfsizligini yana qanday choralar bilan mustahkamlashimiz mumkin? Qanday qilib obro‘mizga putur yetmasin?".

Ko‘proq mana shu masalalarga urg‘u berishyapti.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

BBC: Mana, siz aytyapsizki, korruptsiya masalalarini matbuotda ko‘proq yoritishyapti, deb. Lekin shu o‘rinda Gulnora Karimovaning himoya jamoasi o‘sha moliyaviy jinoyatlar qilinganini yoki pul yuvish amaliyotlari amalga oshirilganini tan olmayapti. Bu haqda Shveytsariya matbuoti nima deyapti?

Olima Nabizoda: Bugungi kunda Shveytsariya matbuotini kuzatsak, hamma yerda aytilyaptiki, mudofaa tomonining fikricha, hukm yo‘qligi uning begunoh ekani haqidagi xulosaga olib kelyapti. Lekin bu rasmiy prokuratura yoki Federal bosh prokuraturaning xulosasi ham, nazari ham emas.

Gulnora Karimova 2012 yil 23 may kuni Monakoning Monte-Karlo shahridagi tadbir chog‘ida

Surat manbasi, Andreas Rentz/Nights In Monaco/Getty Images

Surat tagso‘zi, Gulnora Karimova 2012 yil 23 may kuni Monakoning Monte-Karlo shahridagi kazino binosida Monako shahzodasi Albert II jamg‘armasi va Uilyam J. Klinton jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan Nights In Monaco xayriya tadbirida ishtirok etgan.

BBC: Shveytsariyada bu qaror to‘liq oqlanish deb ko‘ryaptimi yoki faqat protsessual sabab bilan to‘xtilgan ish sifatida?

Olima Nabizoda: Shveytsariyada bu masalalar ko‘p mamlakatlarga qaraganda sovuqqonlik bilan, ortiqcha his-hayajonsiz muhokama qilinadi. Matbuotda kuzatishimcha, asosiy maqsad Gulnora Karimovani jazolash emas. Bu yerda maqsad: "Biz qonunlarimizni qanday qilib mustahkamlashimiz mumkin va huquqiy adolatni yuzaga keltirishimiz mumkin bo‘ladiki, kelajakda boshqa mana shunday korruptsiya bilan bog‘liq bo‘lgan katta xalqaro janjallarga biz maydon bo‘lmaylik, sabab bo‘lmaylik!", degan masala ko‘proq qiziqtirib turibdi va xavotirga solyapti.

Matbuotlar ko‘proq shunday deyapti. Shveytsariya matbuotida ham ta’kidlandiki, ko‘pchilik judayam bir teatral hukmni, xotimani kutishgan edi. Lekin unday bo‘lmadi, chunki bu yerning qonunlari asosida mana shunday xulosaga kelindi va asosiy sabablardan bittasi qilib, Karimova xonimning sud jarayonida shaxsan o‘zi ishtirok qilmaganligi ham ko‘rsatildi. O‘z pozitsiyasini himoya qila olmaganligi sabab va o‘z vatanida jazoni o‘tash muassasasida o‘tirganligi ham nazarga olingan holda sud bu ishni bitira qoldi.

BBC: Umuman olganda, Shveytsariya OAVlari bu voqeani O‘zbekiston bilan bog‘liq kengroq kontekstda qanday ko‘rsatmoqda?

Olima Nabizoda: Adashmasam, 2009 yili ilk bora Gulnora Karimova haqida Shveytsariya matbuotida gapirila boshlandi. Bilanz degan bir moliyaviy-iqtisodiy jurnal bor, u yerda Gulnora Karimova 2009 yili Shveytsariyadagi uch yuzta eng boy kishilar qatoridan joy olgan edi.

O‘zbekiston ichidagi madaniyat, san’at va iqtisod sohasida qilgan ishlari haqida judayam ko‘p pozitiv maqolalar ham chiqqan edi. 2009 yillardan to 2012 yilgacha ular davom qildi.

Keyin 2013 yillardan boshlab, adashmasam, tanqidiy maqolalar chiqa boshladi, matbuotda ko‘p tanqidiy fikrlar aytila boshladi. Buning eng yuqori nuqtasi 2014-2016 yillarga to‘g‘ri keladi.

Undan keyin orada bir sukunat bo‘ldi, so‘ngra tag‘in bu mavzuga qo‘l urildi.

BBC/Taqdim
Gulnora Karimovaning pul yuvish amaliyotlari va korrupsiya da’volari bu yerdagi eng katta janjallardan biri.
Olima Nabizoda
Shveysariyada yashovchi o‘zbekistonlik mutaxassis (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

BBC: Siz aytib o‘tdingizki, Bilanz nashri 2009 yillarda Gulnora Karimova haqida ijobiy maqolalarni chop etgan, deb. Aynan o‘sha nashriyot hozirda qanday maqolalarni chop etyapti?

Olima Nabizoda: Boya aytganimdek, Gulnora Karimovaning o‘zi emas, ko‘proq shu banklarning obro‘yi va jozibasini yo‘qotmaslik va 'qanday qilsak bo‘ladiki shu korruptsiya orqali ega bo‘lgan boylikni va bu boylik hozir Shveytsariyaning hududida, u boylikni biz qanday qilib huquqiy to‘g‘ri yo‘l bilan O‘zbekistonga qaytarish' masalasi muhokama qilinyapti. Shaxsni o‘zi emas.

BBC: Shveytsariyada yashayotgan o‘zbekistonliklar orasida bu xabar qanday muhokama qilinmoqda?

Olima Nabizoda: Albatta mening atrofimdagi tanishlarim, do‘stlarim meni asli o‘zbekistonlik ekanimni bilishadi. Va albatta bu oxirgi 4-5 kunda matbuotda, radio, televidenie, ro‘znoma va jurnallarda bu masala yoritilib kelyapti. Ancha shov-shuvli bo‘ldi. Ayniqsa sarlavhalar ham juda shov-shuvli - masalan, sariq matbuot "O‘zbek malikasining tanazzuli" yoki "Shveytsariya uchun uyat" kabi sarlavhalar ostida maqolalar e’lon qilishyapti. Bu xona-xoh kishini o‘ziga tortadi va albatta bu mavzuga qiziqishini ham uyg‘otadi. Mendan ham so‘rashadi - "Rostdan ham shundaymi, nimalar bo‘lgan?", deb. Menga buning alohida ta’sirini kundalik hayotimda atrofimdagilardan ko‘rganim yo‘q. Lekin, 2012-13-14 yillar edi, men O‘zbekistondan olgan haydovchilik guvohnomamni Shveytsariya haydovchilik guvohnomasiga almashtirmoqchi bo‘ldim. O‘zbekistondan olgan haydovchilik guvohnomamni haqiqiy ekanligiga shubha bilan qarashdi. Sababini so‘raganimda, "Sizni mamlakatingizda korruptsiya juda ham keng rivojlangan. Biz bilamiz. Hatto prezidentlaringning qizlari ham shu ishga aralashgan va shu sababdan bizga sizning ishingizni alohida tekshirish buyurilgan" deyishgan. Men haydovchilik guvohnomamning haqiqiyligini isbotlash uchun alohida ma’lumotnoma keltirishim kerak edi. Ularni qo‘liga topshirdim. Ular tekshirishdi, so‘ngra xulosa shu bo‘ldiki, men qaytadan haydovchilikka imtihon topshirishim kerak bo‘ldi. Men mana shunday ayirmachilikka duchor kelganman. Oxir oqibat juda ko‘p qog‘ozbozliklar bo‘ldi, jarayon adashmasam bir yilcha davom etdi.

BBC: Farzandlaringiz maktabga borganda yoki boshqa joylarda ham buning ta’sirni ko‘rganmisiz?

Olima Nabizoda: Har kuni ham matbuotda, ham televidenieda, bu yerni axborot dasturlarida O‘zbekiston haqida, umuman korruptsiya ishlari, pul yuvish masalasida xabarlar chiqar edi. Bir kuni qizim, adashmasam 2014 yilda edi, "Tanaffus vaqtida mendan sinfdoshlarim ham, o‘qituvchim ham so‘radi, 'Sen ham O‘zbekistondansan. Sening onangni Karimovaga aloqasi bormi? Chunki Shveytsariya juda qimmat mamlakat. Sizlar qanday qilib bu yerga kelib yashayapsizlar? Bizning mamlakatga faqat boy bo‘lgan oilalar kelib yashaydi'", degan ma’noda shunday bir gaplar bo‘lgan ekan. Kelib mendan so‘radi "Biz boymizmi? Bizning katta boshqaruv elitasiga aloqamiz bormi?"deb. Men unga "Yo‘q bizning ularga hech qanday aloqamiz yo‘q, borib ayt - mening onam oddiy o‘zbek tili o‘qituvchisi" dedim. Cho‘lponning judayam mashhur gapi bor: "Muhit kuchli ekan", deydi-ku? Bu yerdagilar shuni ham tushunishadi. Chunki har holda, ular ham o‘zlari tarixda o‘zlarining muhitlari ichida bo‘lgan va so‘ngra yorib chiqishgan, ular bir muhitni yorib chiqish oson emasligini ham tushunishadi.