Moskvaga "misli ko‘rilmagan" dron hujumi: qurbonlar bor
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Moskva viloyatiga Ukraina tomonidan tun davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli dron hujumi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi jarohatlangan.
Viloyat gubernatori Andrey Vorobьyov shu haqda ma’lum qildi.
Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxt tomon uchib kelayotgan 450 ta dron urib tushirilganini aytdi va bu hujumni "misli ko‘rilmagan" deb atadi.
Hujum oqibatida neftni qayta ishlash zavodi shikastlangan, bir nechta uyda yong‘in chiqqan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiev Rossiyaning "muhim" neft ob’ekti hamda Moskva viloyatidagi logistika ob’ektiga zarba berganini tasdiqladi. Uning aytishicha, gap "urush mashinasini ta’minlab turgan milliardlab dollarlar" haqida ketmoqda.
Ayni paytda, Ukraina rasmiylari shanba kuni Rossiyaning Kiev va Sumi viloyatlariga hujumlari oqibatida sakkiz kishi, jumladan uch bola halok bo‘lganini ma’lum qildi.
So‘nggi paytlarda Rossiya va Ukraina o‘zaro zarbalarni kuchaytirib, elektr energiyasi ishlab chiqarish ob’ektlari, transport infratuzilmasi va yirik logistika markazlarini nishonga olmoqda.
Viloyat rahbari Andrey Vorobьyovning aytishicha, yakshanba kuni Sofino qishlog‘ida dron uch qavatli turar joy binosiga kelib urilgan.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Oqibatda 44 yoshli ayol halok bo‘lgan. Yana besh kishi, jumladan ikki bola jarohatlangan.
Vorobyovning qo‘shimcha qilishicha, Orexovo-Zuevo tumanida xususiy uyga zarba berilishi oqibatida keksa erkak ham halok bo‘lgan.
Neftni qayta ishlash zavodiga zarba berilgan Kapotnya yaqinidagi Kotelnikida baland qavatli bino ham dron zarbasidan shikastlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva osmonida tungi portlashlar va yonayotgan ombor aks etgani aytilgan videolar tarqaldi. BBC bu tasvirlarning haqqoniyligini mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.
Moskva meri Sergey Sobyaninning aytishicha, dronlardan biri poytaxtdagi xiyobonlardan biri yaqinidagi binoga kelib urilgan. Neftni qayta ishlash zavodidagi ob’ektlardan biri ham shikastlangan.
U buni Rossiyadagi parlament saylovini "izdan chiqarishga urinish" deb atadi.
Mazkur zavod yiliga 12 million tonnadan ziyod neftni qayta ishlab, benzin, dizel va aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqaradi. Bu mahsulotlarning bir qismi Rossiya armiyasiga yetkazib beriladi.
Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, zavod Moskva va uning atrofidagi hududlar uchun zarur yoqilg‘ining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini ham ta’minlaydi.
Ukraina mudofaa vaziri Yevgeniy Xmaraning aytishicha, bunday ob’ektlarga hujum qilish "dushmanning bosqinchilik urushini davom ettirish va harbiy bo‘linmalarini ta’minlash imkoniyatini bevosita zaiflashtiradi".
"Uzoq va o‘rta masofaga berayotgan barcha zarbalarimiz urushni Rossiya hududiga olib kirishni anglatadi", dedi u.
Yakshanba Rossiyada ovoz berishning uchinchi kuni.
Saylov Kreml tomonidan qattiq nazorat qilinishi aytilmoqda. Tanqidchilar uni erkin, adolatli yoki shaffof deb bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.
Rossiya davlat matbuoti mamlakat Markaziy saylov komissiyasi rahbariga tayanib xabar berishicha, yakshanba kuni Ukrainaning Rossiya nazoratidagi Xerson viloyati qismida avtobusga dron hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Ulardan biri saylov komissiyasi xodimi bo‘lgani aytilmoqda.

Surat manbasi, Reuters
Shu bilan birga, Moskvaning eng yirik aeroporti Sheremetevo tunda yo‘lovchilarni "vaqtinchalik cheklovlar" joriy etilganidan ogohlantirdi.
Poytaxtning Vnukovo aeroportida esa barcha uchish va qo‘nishlar vaqtincha to‘xtatildi.
Yakshanba tongiga kelib har ikki aeroportda cheklovlar bekor qilindi, biroq ayrim reyslar kechikishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, shanba kuni Kiev viloyatining Fastov shahriga Rossiya hujumi oqibatida bir ayol va uning ikki nafar kichik yoshli farzandi, o‘g‘il va qiz bola halok bo‘lgan.
Kiev viloyati rasmiysi Timur Tkachenko keyinroq Kiev shimolidagi Vishgorodda boshqa bir hujumda jarohatlangan bola ham shifoxonada vafot etganini aytdi.
Ukrainaning shimoli-sharqidagi Sumi viloyatida esa Rossiya droni avtomobilga kelib urilishi oqibatida unda ketayotgan to‘rt kishi halok bo‘lgan. Bu haqda mahalliy rasmiy Oleg Grigorov ma’lum qildi.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya shanba kuni Xerson viloyatidagi monastirga ham dron bilan zarba bergan. Hujum oqibatida bir ruhoniy halok bo‘lib, yana to‘rt kishi jarohatlangan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Rossiya va Ukraina o‘tgan hafta davomida energetika infratuzilmasiga zarbalarni davom ettirdi.
Bu AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda ikki tomon bunday ob’ektlarga zarba bermaslikka kelishib olganini aytganiga qaramay yuz bermoqda.
Tramp juma kuni Rossiya iqtisodiyotiga qarshi qaratilgan sanksiyalar haqidagi qonunni imzoladi. U Rossiya nefti va gazining eng yirik xaridorlari, jumladan Xitoy va Hindistonga nisbatan bojlar joriy qilishni nazarda tutadi.
AQSh qonunchiligi prezidentga Rossiya energiya resurslarining yirik xaridorlariga 100 foizlik boj joriy etish vakolatini beradi.































