Tramp yana Ho‘rmuz qamalini e’lon qildi

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
AQSh Prezidenti Donald Tramp yana Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan Eron kemalari o‘tib qaytishi to‘xtatilishi uchun qamal boshlaganini e’lon qildi.
O‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Tramp shunday matn e’lon qildi:
"Ho‘rmuz bo‘g‘ozi OChIQ va Eron bilan yoki Eronsiz ham OChIQ bo‘lib qoladi. Biz «ERON BLOKADASI»ni qayta joriy etmoqdamiz. Bu shunday nomlangan, chunki u faqat Eron kemalari yoki ularning mijozlarining kirishi yoki chiqishini to‘xtatadi. Barcha boshqa mamlakatlar bo‘g‘ozdan adolatli va erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
"Shu paytdan boshlab AQSh «HO‘RMUZ BO‘G‘OZI HIMOYaChISI» deb ataladi. Biroq shu maqomda va ADOLAT yuzasidan, dunyoning juda beqaror ushbu qismida xavfsizlik va muhofazani ta’minlash vazifasini bajarish uchun zarur bo‘lgan har qanday xarajatlarni qoplash maqsadida, tashiladigan barcha yuklar qiymatining 20 foizi miqdorida haq oladi. Bu jarayon va uning shakllantirilishi darhol boshlanadi."
Bu Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi Eron bandargohlarini qamal qilishga birinchi marta urinishi emas.
Aprel oyida AQSh harbiylari Eron sohillariga qarab yoki u yerdan harakatlanayotgan kemalarni to‘xtatishi yoki ortga qaytarishini ma’lum qilgan edi.
Shu yil bilan Amerika Eronning neft eksportidan daromad olish imkoniyatlarini cheklash orqali mamlakatga bosim o‘tkazishni maqsad qilgan.
BMTning dengizchilik bo‘yicha agentligi — Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) ta’kidlashicha, xalqaro tranzit uchun foydalaniladigan bo‘g‘ozlarda hech bir davlat kema qatnovini to‘sish uchun qonuniy huquqqa ega emas.
O‘sha paytda Tramp shunday degan edi:
«Biz Eronga o‘ziga yoqqan mamlakatlarga neft sotib pul ishlashiga, yoqmagan mamlakatlarga esa sotmasligiga yo‘l qo‘ymaymiz».
Eron esa bu harakatni «dengiz qaroqchiligi» deb atagan.
Ikki davlat 17 iyunda kelishilgan vaqtinchalik bitim — o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida blokadani bekor qilish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishga kelishilgan edi.
Bu safar Tramp, ushbu muhim suv yo‘li orqali tashilayotgan barcha yuklarga 20 foizlik yig‘im joriy qildi, ammo bu amalda qanday ishlashiga izoh bermadi.
Bi-bi-sining Oq Uydagi muxbiri Trampning yangi blokadasi qanday amal qilishining o‘zi hozircha mavhum bo‘lib turganini aytdi.
Eron rasmiylari Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kimdir boshqaruvchilik qilishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdilar.
Islom qo‘riqchilari korpusi Amerikaning ushbu amallari jahon neft va gaz bozoriga jiddiy salbiy ta’sir qilishidan ogohlantirdilar.

12 iyuldan 13 iyulga o‘tar tunida AQSh va Eron o‘rtasida o‘zaro zarbalar almashinuvi davom etgani xabarlari tarqaldi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) tun davomida Eronning bo‘g‘ozda tijorat kemalarini nishonga olganiga javob tariqasida suvosti kemasi hamda Eron kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish ob’ektiga zarba berganini ma’lum qildi.
CENTCOM xabarida aytilishicha, janubiy Erondagi Bandar Abbos harbiy-dengiz bazasi portiga bir necha hujumchi dronlar zarba bergan va operatsiya tasvirlari aks etgan video ham tarqatildi.
CENTCOM X tarmog‘idagi bayonotida quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
"Kecha tundagi zarbalar Eronning tijorat kemalariga hujumlarni davom ettirish qobiliyatini susaytirdi».
MarineTraffic kemalar harakatini kuzatuvchi sayti ma’lumotlariga ko‘ra, muhim suv yo‘li orqali oz sonli kemalar harakatlanayotgan bo‘lsa-da, qatnov hali ham cheklanganligicha qolmoqda.
Eron Iordaniya, Bahrayn va Quvaytdagi AQSh harbiy bazalarini, shuningdek, Ummondagi radar tizimlarini nishonga olgani haqida xabar berdi.
Bahrayn esa Eronni tinch aholini nishonga olishda aybladi.





























