Prezident Mirziyoyev hokimlarga «xonadonbay» tintuv qilish va jarima solishni buyurganmidi?

"Dolzarb 40 kunlik" tadbiri amalda

Surat manbasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Surat tagso‘zi, "Dolzarb 40 kunlik" tadbiri amalda
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

«Assalom alaykum hurmatli rahbariyat, hurmatli saroy ahli..», deya o‘z video-hisobotini boshlaydi bir mahalla raisi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu videoda u qaysi tuman yo mahalla rahbariyatidan kelganini aytmagan.

"Agar kamchilikni to‘g‘irlamasang, ikki oyga kelib jarimaga tortib ketaman, tushundingmi," deya tahdid qiladi u xonadonning bekasiga.

Boshqa video shu mahalla raisining yana bir xonadonga ruxsatsiz kirishga uringani aks etgan. Ko‘chada turgan uy bekasining savoliga rais quyidagicha javob beradi: «Prezident bobomizning qaror, farmonlari chiqdi, 40 kunlik dolzarb deb e’lon qiling deb, «tozalik, ozodalik, obodonchilik», deb e’lon qildilar, 16 iyuldan 26 avgustgacha, mustaqillik bayramigacha. Hozir menga tandirlaringni, qozon-o‘choqlaringni ko‘rsatasizlar."

IIV xodimi va mahalla raisi uy bekasini o‘z uyini ko‘rsatishga undamoqda.

Surat manbasi, Meta

Surat tagso‘zi, IIV xodimi va mahalla raisi uy bekasini o‘z uyini ko‘rsatishga undamoqda.

Bu vaqtda aftidan mahalliy ichki ishlar xodimi ayolni qo‘li bilan qistab turadi, uyga kiring, deb.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov bir xonadonga kirib, undagi yashash sharoitlarini tanqid qilgani, hamda uy bekasini jarimaga solishini aytib tahdid qilganini ko‘rish mumkin bo‘ldi.

«Bugun [telegram]kanalga qo‘yilasiz hozir. Mana shu mahalla kanalida o‘zingizni ko‘rasiz. Anavi qo‘shningizni ham oldik. Bitta siz emas, ikki-uchta bor», – degan hokim. Uy egasi esa bunday qilmaslikni so‘ragan.

Shahrisabz tumani hokimining uy bekasiga qo‘pol munosabati aks etgan video keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Surat manbasi, Meta

Surat tagso‘zi, Shahrisabz tumani hokimining uy bekasiga qo‘pol munosabati aks etgan video keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

«Yashashni qarang… Shu ayolning yashashimi? Mana bu choynakka qarang. O‘rgimchak to‘riga qarang. Shu ro‘zg‘ormi? Mana bu changga, muzlatkichdagi kirga qarang. Ushlab bo‘ladimi buni?» – deydi Hasanov va o‘z uyi qanday saranjom-sarishta ekanini aytadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikning tanqidi va masxaralriga sabab bo‘lgan bu holatni ombudsman va Antikorruptsiya agentligi ham qoraladi.

"Daryo" nashriga izoh bergan Shahrisabz hokimligi matbuot kotibi hokim adashib boshqa uyga kirib qolganini aytdi. Lekin, adashibmi, adashib emasmi – bu kabi tintuvlar qaysi farmon yo qonunga asoslanib o‘tkazilayotgani noma’lum.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Ba’zi hokimliklar bu haqida rasmiy ma’lumotlar ham tarqatishmoqda. Xususan, Samarqand viloyati Toyloq tumani hokimligi ulashgan xabarda ham "Dolzarb 40 kunlik" tadbiri tilga olinadi.

"Dolzarb 40 kunlik" tadbirlari doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Toyloq tumanidagi "Taraqqiyot" mahalla fuqarolar yig‘inida xonadonbay o‘rganish va amaliy ko‘mak berish tadbirlari tashkil etildi. Boshqarma mas’ul xodimlari hududdagi ehtiyojmand va doimiy daromadga ega bo‘lmagan oilalar xonadonlariga bevosita tashrif buyurib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini o‘rgandilar hamda har bir oila kesimida aniq choralar belgilamoqdalar", deyiladi xabarda.

Qaysi qaror?

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, mahalla raisi aytganiek, "Dolzarb 40 kunlik" haqida alohida qaror yoki farmon qabul qilgani yo‘q.

"Dolzarb 40 kunlik" — bu huquqiy normativ hujjat emas, balki Prezident tomonidan yig‘ilishda e’lon qilingan tashkiliy kampaniya, ya’ni amaliy chora-tadbirlar davri hisoblanadi.

mirziyoyev
president.uz
“Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilinib, 2 mingta eng og‘ir mahallada ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish boshlandi.
Prezident Mirziyoyev matbuot xizmati
bbc.com/uzbek

21 iyulda prezident raisligida o‘tgan yig‘ilish ortidan, prezident matbuot xizmati quyidagi ma’lumotni tarqatgandi:

«Yig‘ilishda "mahalla yettiligi" faoliyatini yangicha tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada "Dolzarb 40 kunlik" e’lon qilinib, 2 mingta eng og‘ir mahallada ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish boshlandi. Hokimlar ushbu mahallalarda elektr, gaz, yo‘l va suv masalalarini o‘z vaqtida hal qilishga shaxsan javobgar bo‘ladi.»

Agar joylarda hokimliklar shu topshiriqqa tayanib ish ko‘rayotgan bo‘lsalar, ular fuqarolar turmush tarzini yaxshilash o‘rniga, ularni nega jarima bilan qo‘rqitayotganlari noma’lum qolmoqda.

Prezident administratsiyasi yo Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot xizmati davlat rahbarining topshirig‘ining ijrosi buzilishi, hamda bu holatlarga qanday huquqiy baho berilishi haqida hech qanday izoh bermadi.

«Salla desa, kalla»

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

«Prezident selektorida xonadon madaniyati to‘g‘risida, tomorqasiga ekin ekish to‘g‘risida gapirganlaridan keyin boshlandi-da. Lekin ko‘pchilik noto‘g‘ri talqin qilib oshirvoryabdi. Salla desa, kallani olib kelyapti», - deydi BBC ga anonim tarzda gapirgan bir tuman hokimligi xodimi. Uning aytishicha, u yashayotgan tumanda hokimlik temir yo‘llar bo‘yida ko‘rinib turadigan hovlilarning devorlarini qayta qurish yo oqlashga yordam bermoqda.

Ko‘pchilik tanqidchilar bu kabi tadbirlar qanchalar O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekaniga e’tibor qaratishyapti. Ularga ko‘ra, bu har bir fuqaroning Konstitutsiyada ta’minlangan «uy-joy daxlsizligi» huquqini toptashidan tashqari, uy ichida video olib uni internetga joylash shaxsiy hayot daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bilan bog‘liq huquqlarni buzadi.

Quyida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan ba’zi fikrlarni o‘qing:

"Hokimning ham uyiga bostirib borib, «jamoatchilik nazorati» deb 15 nafar odam yig‘ilib, uyiga kirib, boyliklarini, uyidagi xizmatkorlarini videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga chiqarsa, nima derkin? Menga qiziq... O‘shanda, ehtimol, shaxsiy hayot daxlsizligi va shaxsiy chegaralar esiga tushib, sudga ham bersa kerak.»

Mahalla raisining jarima tahdidi aks etgan videodan tasvir.

Surat manbasi, Meta

Surat tagso‘zi, Mahalla raisining jarima tahdidi aks etgan videodan tasvir.

«Men ham videoni ko‘rib, hokim lavozimi shu darajada maydalashib ketganini ko‘rib, ensam qotdi. Hokimning tumanda qiladigan boshqa ishi yo‘qmi? To‘g‘ri, o‘sha ayol ham jumrakni ochganda issiq suv, sovuq suv kelishini, gaz bo‘lishini xohlaydi. Yaxshiroq oylik olishni, eri munosib maosh olib kelishini istaydi. Hokim lavozimiga endi bitta ayolning oshxonasini tekshirishgina qolibdi. Yaxshiyam, yotog‘idagi ko‘rpa-to‘shak yuvilganmi yoki yuvilmaganmi, shuni tekshirmabdi. Aksariyat qishloq joylarda infratuzilmaning o‘zi yo‘q. Bor joylarda ham ko‘pchilik uning to‘lovlarini to‘lay olmagani uchun xizmatlar qarz sababli uzib qo‘yilgan.»

«Bu yerda yana bir holat to‘liq isbotini topgan, har doim shunday oilalarga "yuqori lavozimdagi" rahbarlar kirsa va shunday "kamchiliklarni" aniqlasa, chiqib ketishda albatta mahalla raisini va xotin-qizlar faolini ayblaydi, so‘ng borib o‘zining Xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosariga juda hunuk dakki beradi yig‘ilishda, hammaning oldida. Bechora tuman, shahar yoki viloyat hokimlarining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bunday xonadonlardan qaysi biriga kirib birga yashashi kerak? Qachon adolat o‘rnatiladi?"

"Yana bir narsaning hidi keladi bu piardan: xalq amaldorning o‘z vazifasini to‘g‘ri ado etmayotganini idrok qilmasidan ularni ayblab qo‘yish missiyasi."

"Judayam xunuk holat. Hokimning fuqaro uyiga bostirib kirib, shaxsiylik chegarasini mensimay, muzlatgichini ochishi va buni ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yishi, o‘zini olamshumul ishni bajarganday tutishi aqlga sig‘maydi. Bizda «salla» desa, «kalla» oladiganlar juda ko‘p. Afsuski, shunday saviyadagi odamlarning xalqni boshqarishi achinarli.»