Prezidentning do‘stiga hukm nimani anglatadi?

Surat manbasi, Erkin Saliev
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Qirg‘iziston siyosiy sahnasida yaqin vaqtlargacha katta ta’sirga ega siyosiy shaxslardan biri ko‘rilgan Qamchibek Tashievga chiqarilgan mahkama hukmi jamiyatda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ayrim huquqshunos va jamoat arboblari xuddi janob Tashievga qo‘yilgan ayblov bilan qamoq jazosiga hukm qilinganlar mavjudligi, ayni holda Tashiev va u bilan birga mahkamaga tortilganlarga ozodlikda qolishlarini nazarda tutuvchi probatsiya qo‘llanilganini ikki xil yondashuv sifatida baholashmoqda.
Hukm nima uchun bahslarni keltirib chiqardi?
2 iyul kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi Qamchibek Tashiev va yana yetti nafar sobiq amaldorni Jinoyat kodeksining 326-moddasi — "Konstitutsiyani buzgan holda hokimiyatni kuch ishlatib egallab olish yoki kuch bilan saqlab turish, shuningdek konstitutsiyaviy tuzumni kuch ishlatish orqali o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar" bo‘yicha aybdor deb topgan.
Sud ularning har biriga to‘rt yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Biroq uch yillik probatsiya nazorati belgilangani sababli ular jazoni ozodlikda o‘taydi. Hukm o‘n kundan keyin kuchga kiradi. Shuningdek, sudlanganlarning mol-mulki musodara qilinishi ham belgilangan.
Ayni paytda Qirg‘izistonda xuddi shunday yoki o‘xshash moddalar bo‘yicha o‘nlab odamlarga qamoq jazosi hukmi chiqarilgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari turli hisob-kitoblarga tayanib, bunday ayblovlar bilan qamalganlar soni 50 dan 140 nafargacha bo‘lishi mumkinligini yozgan. Rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmagan.

Surat manbasi, Taqdim/facebook.com/gulshair.abdirasulova
Probatsiya qonuniymi?
Muhokamalarning asosiy mavzusi - davlat tuzumiga qarshi jinoyatlarda ayblanganlarga nisbatan probatsiya qo‘llanilishi mumkinmi, degan savol bo‘ldi. Ayrim huquqshunoslar Jinoyat kodeksi bunday hollarda probatsiyaga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlamoqda. Boshqalar esa qaror siyosiy omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Jamoatchilikdagi tanqidlarga javoban Birinchi may tuman sudi probatsiya jinoyat aslida hali amalga oshirilmagani, urinishlar "tayyorgarlik ko‘rish" bosqichida qolgani sababli qo‘llanilganini ma’lum qildi. Sudga ko‘ra, ayblanuvchilarning shaxsiy xususiyatlari hamda ularni ozodlikdan mahrum etmasdan turib, to‘g‘ri yo‘lga kirish imkoniyati ham inobatga olingan.
Biroq inson huquqlari bo‘yicha "Qilim shami" tashkiloti rahbari Gulshayir Abdirasulova bu izoh huquqiy jihatdan yetarli emasligini ta’kidlaydi.
"Muammo shundaki, sud tayanayotgan Jinoyat kodeksining probatsiyani qo‘llash haqidagi 82 moddasi konstitutsiyaviy tuzum asoslari va davlat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarda probatsiyani qo‘llashni ochiqdan ochiq taqiqlaydi. Bu moddada tugallanmagan jinoyat, tayyorgarlik yoki suiqasd haqida hech qanday istisno yo‘q, taqiq jinoyatning qaysi bosqichda sodir etilganidan qat’i nazar amal qiladi. Men sudning insoniylikka kontseptsiyasini nazarga olish huquqi bilan bahslashmayapman. Savolim: sud 82-moddani qaysi asosda qo‘lladi? Agar sudda huquqiy asos bo‘lsa, u ochiq aytib, qaysi normaga tayanganini, probatsiya qanday asosda qo‘llanganini aniq ko‘rsatishi kerak. Agar u normani ko‘rsatsa, u holda boshqalar ham xuddi shu huquqiy mantiq asosida ozod qilinishi lozim".
Shunga o‘xshash savolni Konstitutsiyaviy Mahkamaning sobiq hakami Klara Sooronqulova ham o‘rtaga tashladi.
"Chunki hokimiyatni bosib olishga aloqasi yo‘q odamlar koloniyada o‘tirishibdi. Besh yilga qamalganlar ko‘p. Yetti yilga, to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilganlar ham bor. Nega bunday ayb qo‘yilgan ta’sirli shaxslarga, hokimiyatni bosib olish imkoniyati bo‘lgan odamlarga shunday yengil jazo qo‘llanilayotgani haqida savol tug‘ilmoqda".

Surat manbasi, Taqdim/facebook.com/klarasooronkulova
Siyosatchi va jamoat arbobi Bektur Asanov esa bu kabi qaror avvaldan kutilganini aytadi.
"U prezidentning ajralmas do‘sti edi. To‘g‘rimi? Shuncha shov-shuvdan keyin oqlab yuborish ham mumkin emas edi. Menimcha, ular orasida suhbatlar, kelishuvlar bo‘lgan, deb o‘ylayman".
Tashievga hukm chiqarilganidan ikki kun o‘tgach, sobiq prezident Almazbek Atambaevning o‘g‘li, "Ommaviy tartibsizlikka tayyorgarlik ko‘rish" aybi bilan 2025 yil kuzidan buyon qamoqda saqlanayotgan Qodir Atambaev murojaat bilan chiqib, bu holatni sud tizimidagi ikki xil yondashuv sifatida baholadi.
U bilan birga shu ish bo‘yicha qamoqda saqlanayotgan "Sotsial-demokratlar" partiyasi rahbari Temirlan Sultanbekov ham aynan shu ayblov bilan tergov qilinmoqda.
Odatda dolzarb siyosiy mavzularga ijtimoiy tarmoqlar yoki davlat nashrlari orqali tezkor munosabat bildirib keladigan prezident Sadir Japarov bu borada hozircha izoh bermagan.
Qamchibek Tashiev ham sud qarorini sharhlamadi. Hukmdan bir kun o‘tib u Manas shahrida futbol o‘yinini tomosha qilish uchun bordi. Internetda tarqalgan videolarda Tashievni tomoshabinlar qarsaklar bilan qarshi olgani aks etgan. Hokimiyatni kuch bilan bosib olishga urinish aybi bilan sudlangan shaxsning bunday kutib olinishi ham ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Qanday qilib Tashiev sudlanuvchiga aylandi?
57 yoshli Qamchibek Tashiev Qirg‘iziston siyosiy sahnasidagi eng ta’sirli shaxslardan biri hisoblanadi. U prezident Sadir Japarovning yaqin do‘sti va siyosiy hamkori sifatida ko‘riladi. 2020 yilda Japarov hokimiyatga kelganidan keyin Tashiev 2026 yil boshigacha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi hamda Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
U 10 fevral kuni kutilmaganda lavozimidan ozod etildi. Bundan bir kun avval 75 nafar sobiq amaldor va siyosatchi prezident hamda Jogorku Keneshga (parlament) muddatidan avval prezident saylovini o‘tkazish taklifi bilan murojaat yo‘llagan edi. Imzo chekkanlarning katta qismi Tashievga yaqin shaxslar sifatida tilga olingan.
Shundan keyin militsiya qonunga zid harakatlar sodir etilgan bo‘lishi mumkin, degan gumon bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Jamoatchilikda bu ish "75chilar maktubi" nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Tashiev o‘zini aybsiz deb atadi, bir muddat xorijda bo‘lib, keyin mamlakatga qaytdi. Keyinchalik unga yaqin deya ko‘rilgan bir qator amaldorlar lavozimlarini tark etishdi, parlamentdagi o‘nga yaqin deputat esa iste’foga chiqishdi.
Prezident Japarov o‘sha paytda Tashievni ishdan bo‘shatish qarorini "davlat va xalq tinchligi uchun" qabul qilganini aytgan. Shu bilan birga, ikki siyosatchi hozirgacha bir-birini ochiq tanqid qilmagan.

Surat manbasi, Erkin Saliev
Jamoatchilikda Tashiev kelgusida prezidentlikka da’vogar bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar tarqalgan edi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin bergan bir necha intervyusida u prezident Japarov siyosatini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va sudda oqlanishiga ishonishini aytgan.
Boshqa sudlanuvchilar ham muddatidan avval saylov o‘tkazish haqidagi tashabbus Konstitutsiya doirasida ilgari surilganini, bu amaldagi hokimiyatga qarshi harakat emasligini ta’kidlashgan.
Ushbu voqealar manzarasida Konstitutsiyaviy sud navbatdagi prezidentlik saylovini 2027 yil yanvariga belgilagan.
Prezident Japarov Tashievga qarshi ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha avvalgi chiqishlarida unga huquqiy baho berish sud vakolati ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u Qamchibek Tashievni o‘zining yaqin do‘sti ekanini ham bir necha bor aytgan.
Tashiev haqida qarama-qarshi fikrlar
Inson huquqlari tashkilotlari Tashiev mamlakat rahbariyati tarkibida bo‘lgan davrda siyosiy tanqidchilar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga bosim kuchaygani haqida bir necha bor hisobotlar chiqarishgandi.
Shu bilan birga, uni qo‘llab-quvvatlovchilar Tashiev korruptsiyaga qarshi kurashda natijaga erishganini, uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi choralar ko‘rgani, hamda O‘zbekiston va Tojikiston bilan davlat chegarasini belgilash jarayonida muhim rol o‘ynaganini aytishadi.
Tashiev lavozimdan ketganidan keyin esa ayrim tadbirkorlar uning rahbarligi davrida biznesga bosim o‘tkazilgani va ba’zi mulklari tortib olinganini da’vo qilishmoqda. Ayni damda uning ukasi korruptsiyaga aloqador ishlarda ayblanib, qamoqqa olingan.




























