O‘zbekiston: Mirziyoyev investorlar uchun xavfsizlik kuchaytirilishini talab qildi. Video

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, "Jinoyatchilikni jilovlamas ekanmiz, ishda baraka bo‘lmaydi, tadbirkorlar kelmaydi".
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

"Agar birorta g‘o‘ddaygan boyvachcha paydo bo‘lsa, birortangni kechirmayman"

 «O‘zbekiston 24» videosidan kadr. Unda majlis payti yuqori lavozimdagi huquq targ‘ibot rasmiylari tik turibdi.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, «O‘zbekiston 24» videosidan kadr.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 sentyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda xavfsizlik hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi va biznes ishonchiga bevosita ta’sir qilishini ta’kidladi. Bu haqda gazeta.uz nashri bir necha bor yozgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hokimiyat tartibni ta’minlay olmasa, faqat iqtisodiy yo‘nalishdagi ishlarning o‘zi yetarli emas.

"Jinoyatchilikni jilovlamas ekanmiz, ishda baraka bo‘lmaydi, tadbirkorlar kelmaydi. Mana shuni bilinglar", dedi prezident.

Mirziyoyev investorlar nafaqat mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini, balki xavfsizlik darajasini ham baholashini ta’kidladi.

"Har bir tadbirkor va kompaniya oldin O‘zbekiston xaritasini biladi, ammo u yerda jinoyatchilikni jilovlashga erishilgan-erishilmaganini ham hisobga oladi", dedi u huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga murojaat qilib.

Prezident tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar yanada jadal ishlashi kerakligini ta’kidladi.

"Xalqimiz tinch yashashi uchun biz ikki karra ko‘p ishlashimiz kerak. Odamlar o‘z uyida emin-erkin, hech narsadan va hech kimdan qo‘rqmasdan yashashi kerak", dedi u.

Mirziyoyev, shuningdek, ta’sirli yoki boy odamlarning jazosiz qolishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi.

"Agar birorta g‘o‘ddaygan boyvachcha paydo bo‘lsa, birortangni kechirmayman. Mana shuni hamma bilishi kerak. Davlat bor bo‘lishi kerak. Ana shunda bizda birlik va hamjihatlik bo‘ladi, odamlar bizga ishonadi", dedi davlat rahbari.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Fuqarolarning xavfsizligi ta’minlangan joyga investitsiya ham keladi"

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Mirziyoyevning jinoyatchilik va investitsiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi fikrlari yangilik emas. U avval ham uyushgan jinoiy guruhlar faoliyati, tadbirkorlarga bosim va qonun ustuvorligi masalalari O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi hamda xalqaro imijiga ta’sir ko‘rsatayotgani haqida bir necha bor ogohlantirgan.

2025 yil dekabr oyida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ham prezident xavfsizlik va investitsiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlikka e’tibor qaratgan edi.

"Tinchlik hukm surgan, qonun ustuvor bo‘lgan, fuqarolarning xavfsizligi ta’minlangan joyga investitsiya ham keladi, bu yerda turizm ham rivojlanadi", degan edi u.

Shu bilan birga, davlat rahbari o‘zini qonundan ustun qo‘yayotgan va tadbirkorlarga bosim o‘tkazayotgan jinoiy guruhlar haqida ogohlantirgan.

"Lekin so‘nggi paytlarda o‘zini qonundan ustun qo‘ygan, tadbirkorlarga bosim qilib, ularning biznesini egallab olishga harakat qilayotgan, iqtisodiyotga jiddiy putur yetkazadigan murakkab moliyaviy jinoyatlarni sodir etayotgan ayrim jinoiy to‘dalar ham kuzatilmoqda", degan edi prezident.

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bunday holatlar investorlar va tadbirkorlar uchun ham xavf tug‘diradi.

«Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz! O‘zbekistonda fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor!» degan edi davlat rahbari.

Rasmiy
Har bir tadbirkor va kompaniya oldin O‘zbekiston xaritasini biladi, ammo u yerda jinoyatchilikni jilovlashga erishilgan-erishilmaganini ham hisobga oladi.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Sportchilar uyushgan jinoyatchilik domiga tushyaptimi?

Prezidentning jinoyatchilikka qarshi kurash haqidagi chiqishlarida yana bir masala, ayrim sportchilarning uyushgan jinoyatchilikka aralashib qolayotgani ham tilga olinmoqda. Yanvar oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda Mirziyoyev bu holatdan jiddiy xavotir bildirib, nazoratni kuchaytirishni talab qilgan edi. Ushbu xavotirlar haqida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 27 yanvar kuni o‘zining Telegram kanalida ham yozgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatini cheklash bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, ilgari faqat "ko‘cha" deb ko‘rilgan uyushgan jinoyatchilik bugun "biznes niqobi" ostida daromadli sohalarga kirib bormoqda.

Prezident so‘nggi paytlarda jinoiy guruhlar oldi-berdi munosabatlari va biznes faoliyatiga aralashib, tadbirkorlar hamda investorlarga tahdid solayotganini qayd etdi.

Shuningdek, davlat rahbari o‘tgan yili poytaxtda ushlangan uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida 259 nafar "og‘ir" toifadagi yoshlar va sportchilar bo‘lganini o‘ta tashvishli holat deb atadi.

"Sportchilarning aksariyati ko‘cha bezorisiga aylanib ketayotgani, joylarda pul uchun yashirin janglar tashkil qilish holatlari ko‘paygani xavotirli", dedi Mirziyoyev. U mutasaddilarga bu yo‘nalishda nazoratni kuchaytirish, jangovar sport turlari bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha tizim yaratishni topshirdi.

O‘zbeklarning chet eldagi jinoyatlari obro‘ga putur yetkazyaptimi?

Shu bilan birga, davlat rahbari jinoiy guruhlar faoliyati mamlakat tashqarisida ham kuzatilayotganidan xavotir bildirdi.

"Eng yomoni, chet davlatlarda ham o‘zimizning fuqarolar uyushgan guruhlar tuzib, yurtimizdan borganlarga nisbatan tovlamachilik, zo‘ravonlik, tadbirkorligiga raxna solish bilan shug‘ullanyapti. O‘zbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari yurtimiz obro‘siga putur yetkazyapti", dedi Mirziyoyev.

Prezident keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida chet elda og‘ir ahvolga tushgan 3700 nafar fuqaro mamlakatga qaytarilgan, 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylangan.

2025 yilning aprel oyida Dubayda O‘zbekiston fuqarolari ishtirokidagi ommaviy janjal sodir bo‘lgan, natijada ikki fuqaro halok bo‘lgan. 2026 yilning yanvar oyida BAA sudi janjalning sakkiz ishtirokchisini umrbod qamoq jazosiga, yana biri esa 25 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgan.

Xorijdagi o‘zbekistonliklar ishtirokidagi jinoyatlar oxirgi yillarda bir necha bor jamoatchilik e’tiborini tortdi. Yaqinda Turkiya sudi ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini Istanbulda ikki o‘zbekistonlik ayolni o‘ldirganlik uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Investorlar uchun xavfsizlikning o‘zi kifoyami?

Buyuk Britaniyada joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi asoschisi va rahbari Alisher Ilhomov

Surat manbasi, Taqdim

Surat tagso‘zi, Buyuk Britaniyada joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi asoschisi va rahbari Alisher Ilhomov

BBC O‘zbek Buyuk Britaniyada joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi asoschisi va rahbari Alisher Ilhomovdan xavfsizlik darajasi xorijiy kompaniyalarning investitsiya qarorlariga qay darajada ta’sir qilishi haqida so‘radi.

"Keng ma’noda olganda, agar jinoyatchilik tushunchasiga korruptsiya, tovlamachilik, pora olish va shunga o‘xshash holatlar ham kiritilsa, albatta ta’sir qiladi. Tabiiyki, oddiy jinoyatchilik ham muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi - odamlar bunday mamlakatga borishni istamaydi, qolaversa, unga sarmoya kiritishga ham shoshilmaydi", dedi u.

U jinoyatchilikning turli ko‘rinishlari investorlarning qarorlariga turlicha ta’sir qilishini ta’kidlaydi, "Ko‘cha jinoyatchiligi, shaxsiy xavfsizlik va shaxsiy hayot daxlsizligiga tahdid soluvchi turli jinoiy guruhlar faoliyati mavjud. Shuningdek, davlat organlaridagi korruptsiya bilan bog‘liq holatlar ham bor. Qonun ustuvorligi, sudьyalar va sudlar mustaqilligining yetarli darajada ta’minlanmagani esa xorijiy investorlarga o‘z mulkiy huquqlarini qonuniy yo‘llar bilan himoya qilish imkonini bermaydi".

O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi jinoyatlari va ayrim sportchilarning uyushgan jinoyatchilikka aralashuvi mamlakatning xalqaro imiji hamda investorlar ishonchiga qanday ta’sir qilishi haqida ham Ilhomov o‘z fikrlarini bildirdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"Agar yuqori turuvchi davlat organlari bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoiy guruhlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ular ham tahdid tug‘dirishi mumkin, chunki tovlamachilik bilan shug‘ullanishi mumkin. Bu investorlarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanishi mumkinligi haqidagi tahdidlar bilan bog‘liq tovlamachilik bo‘lishi mumkin", dedi u. "Ammo, yana qayd etish kerakki, agar bu hodisalarni ahamiyati va hayotda qay darajada uchrashi nuqtai nazaridan baholasak, albatta, birinchi o‘ringa davlat organlaridagi korruptsiyani qo‘yish kerak".

Unga ko‘ra, eng avvalo korruptsiyadan xoli muhit yaratilishi kerak. Bu, o‘z navbatida, investorlarga mablag‘larini xavfsiz kiritish va biznesni norasmiy kelishuvlarsiz yuritish imkonini beradi, deydi Alisher Ilhomov.

"Biz Karimov davridagi Gulnora Karimova bilan bog‘liq mashhur voqeani yaxshi bilamiz. U telekommunikatsiya sohasiga sarmoya kiritgan kompaniyalardan pora talab qilgan. Natijada, ma’lumotlarga ko‘ra, olingan poraning umumiy miqdori bir milliard dollardan oshgan. Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, bu raqam taxminan 1,2 milliard dollarni tashkil qiladi"dedi u.

Alisher Ilhomovning aytishicha, tadqiqotchi Kris Layslet Gulnora Karimova faoliyatini jinoiy sindikat sifatida tavsiflagan. Uning fikricha, buni ham jinoyatchilikning bir ko‘rinishi sifatida baholash mumkin.

Ilhomovning aytishicha, sud tizimi mustaqil bo‘lmagan sharoitda investorlar o‘z biznesini himoya qilish uchun boshqa yo‘llarni izlashga majbur bo‘ladi.

"Sudlar ijroiya hokimiyati nazorati ostida, O‘zbekistonda bunday holat kuzatiladi. Bu esa iqtisodiyotga sarmoya kiritib, biznes boshlagan investorlarni shunday yashirin kelishuvlarga murojaat qilishga majbur qiladi. Ular o‘z biznesini himoya qilish uchun turli "otkat"lar va poralar berishadi, chunki o‘z ishlari yoki shikoyatlari sudda ko‘rib chiqilishi orqali adolatga erisha olishlariga ishonmaydilar", dedi u.

Ilhomovning aytishicha, bu muammo davlat boshqaruvidagi boshqa illatlar - nepotizm, manfaatlar to‘qnashuvi, qarindosh-urug‘chilik va shu kabi holatlar bilan ham chambarchas bog‘liq.

"Agar bu uyushgan jinoiy guruhlar tug‘diradigan tahdid darajasini hokimiyatning yuqori eshelonlaridagi davlat korruptsiyasi tug‘diradigan tahdid darajasi bilan taqqoslasak, albatta, aynan korruptsiya O‘zbekistonga xalqaro investitsiyalarni jalb qilish uchun ancha katta tahdid hisoblanadi", dedi u.

Uning fikricha, O‘zbekiston hukumati xalqaro investorlar uchun haqiqatan ham jozibador mamlakatga aylanishni istasa, asosiy e’tiborni korruptsiyaga qarshi kurash, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlashga qaratishi lozim.