O‘zbekiston va Markaziy Osiyo: Jazirama issiq rekord darajaga chiqishi mumkin

Toshkent ko‘chalarida suv purkayotgan mashinalar.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Markaziy Osiyo bo‘ylab kuzatilayotgan kuchli issiq havo to‘lqini hukumatlar va mahalliy hokimiyatlarni favqulodda choralarni ko‘rishga majburlamoqda.
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyo mamlakatlarida noodatiy ravishda kuchli issiq havo kuzatilmoqda. Havoshunoslar ayrim hududlarda havo harorati 40-49 darajagacha ko‘tarilishi mumkinligini aytishgan.

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rasmiylari aholi, yo‘llar hamda jamoat xizmatlarini himoya qilish choralarini ko‘rishmoqda.

O‘ta issiq havo sog‘liqni saqlash tizimi, elektr tarmoqlari va yong‘inlarni o‘chirish xizmatlariga bosimni kuchaytirgan.

Ba’zi hududlarda bolalar bog‘chalari yopildi, asfalt yo‘llar orqali og‘ir yuk mashinalari harakati cheklandi va havoni sovutish amallari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Sinoptiklar ba’zi hududlarda harorat rekord darajaga yetishi mumkinligidan ogohlantirishgan.

Markaziy Osiyo bo‘ylab tarqalayotgan kuchli issiq havo to‘lqini hukumatlar va mahalliy hokimiyatlarni aholi, infratuzilma hamda jamoat xizmatlarini muhofaza qilish uchun favqulodda choralarni ko‘rishga majburlamoqda.

Maqola BBC Monitoring xabari asosida yozildi.

O‘zbekiston: ayrim hududlarda bog‘chalar yopildi

Bolalar bog‘chasida stol ustidagi o‘yinchoqlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli bir necha viloyatlarda bog‘chalar yopildi.

Havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli bir necha viloyatlarda bog‘chalar yopildi. Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, Xorazm viloyati hamda Navoiy viloyatining ayrim tumanlarida davlat bog‘chalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Gazeta.uz ga ko‘ra, Xorazm viloyatidagi barcha davlat bog‘chalari 14-17 iyul kunlari yopilgan va 20 iyuldan ishini qayta boshlashi kutilmoqda. Navoiy viloyatida esa cheklovlar Uchquduq va Nurota tumanlari, shuningdek Tomdi va Konimex tumanlaridagi ayrim bog‘chalarga tatbiq etilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mahalliy hokimiyatlar qarorlarni ob-havo ma’lumotlari, mahalliy vaziyatni baholash va sanitariya tekshiruvlari asosida qabul qilayotganini bildirdi.

Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning Gazeta.uz keltirgan so‘zlariga ko‘ra, mahalliy rasmiylar vaziyatni ko‘rib chiqib, o‘rganib, keyin mustaqil qaror qabul qilishadi.

"Bu bog‘chalar albatta 100 foiz yopiladi, degani emas", deya ilova qilgan Dilfuza Sobirova.

Buxoro viloyatida ham havo harorati 44-45 darajagacha chiqishi kutilayotgani bois 15-17 iyul kunlari bog‘chalar yopilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda yo‘llarni muhofaza qilish va yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Podrobno.uz 15 iyulda Qashqadaryo viloyatida 09:00 dan 19:00 gacha og‘ir yuk mashinalari harakati cheklanganini xabar qildi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, kunduzgi harorat 42-44 darajaga yetgan, asfalt qoplamasi esa 70-75 darajagacha qizib, og‘ir transport ta’sirida shikastlanishi mumkin.

Bundan avval Surxondaryo viloyatida ham kunning eng issiq paytida yuk mashinalari harakati taqiqlangan edi.

Oblakouz - Uzbekistan News telegram kanaliga ko‘ra, yuqori harorat va elektr tarmoqlariga oshgan bosim sababli mamlakatda yong‘inlar soni ko‘paygan.

"Qizib ketgan simlar, konditsionerlar va nosoz gaz jihozlari bunday yong‘inlarga sabab bo‘lishi mumkin", deyiladi ushbu kanalda.

Shu kuni kanal Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yuz bergan dala yong‘ini taxminan 150 gektar maydonga tarqalganini ham xabar qildi.

"Havo harorati rekord darajaga chiqishi mumkin"

Ayni paytda havo harorati yanada ko‘tarilishi mumkinligi aytilmoqda. Tashkent_Land telegram kanali 18-19 iyul kunlari Buxoroda harorat 48-49 darajagacha, Toshkentda esa 45-46 darajagacha chiqishi mumkinligini ma’lum qildi.

Aytilishicha, agar bu bashorat tasdiqlansa, Buxoroda 1986 yil 16 iyulda qayd etilgan 48,0 darajalik mutlaq rekord yangilanishi mumkin. Toshkentda esa 1997 yil 18 iyulda qayd etilgan 44,6 darajalik rekordga yaqinlashish ehtimoli bor.

Qozog‘iston: janubda harorat 45 darajagacha ko‘tarilishi ehtimoli bor

Ko‘chada o‘rnatilgan dush ostida salqinlanayotgan odamlar.

Surat manbasi, Getty Images

Qozog‘istonda kuchli issiq havo tibbiy xizmatlarga bosimni oshirib, yangi harorat rekordlariga sabab bo‘ldi.

Tengrinews.kz nashrining xabar qilishicha, poytaxt Ostonada 14 iyul so‘nggi 34 yil ichidagi eng issiq kun bo‘ldi. Havo harorati 38,6 darajaga yetgan.

Nur.kz nashrining yozishicha, sobiq poytaxt Olmaotada issiq to‘lqini davomida tez tibbiy yordam chaqiruvlari ko‘paygan. Iyul oyining dastlabki ikki haftasida 33 600 dan ortiq chaqiruv qayd etilgan.

Olmaota sog‘liqni saqlash boshqarmasi aholini o‘z salomatligini diqqat bilan kuzatishga chaqirdi.

Qozog‘iston janubida harorat 45 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Boshqa mintaqalarda esa momaqaldiroq, do‘l va chang bo‘ronlari ro‘y berishi kutilmoqda.

Chimkent shahrida mahalliy hokimiyat issiq ta’sirini kamaytirish maqsadida ko‘chalarga suv sepish ishlarini yo‘lga qo‘ygan.

Time.kz nashrining xabar berishicha, issiq havo yong‘inlar va elektr ta’minotida uzilishlar xavfini ham oshirgan.

Tojikiston

Bolalar suv to‘la hovuz tomon yugurib ketishmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, O‘ta issiq havo tufayli hamma o‘zini sovutish yo‘lini izlamoqda.

Tojikistondagi Asiaplus.news nashri bir necha kunlik yomg‘ir va momaqaldiroqdan keyin 16-20 iyul oralig‘ida harorat yana ko‘tarilishi kutilmoqda, deb xabar qildi.

Havoshunoslar vodiy hududlarida 41-46 daraja, poytaxt Dushanbeda esa 43 darajagacha issiq bo‘lishini bashorat qilishmoqda. Mamlakat gidrometeorologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, 45 daraja va undan yuqori harorat xavfli hisoblanadi.

Xatlon viloyatida ekologlar, ko‘ngillilar va mahalliy aholi xalqaro avtomobil yo‘li bo‘ylab ekilgan minglab daraxtlarga suv berib, ularni kuchli issiqdan asrashga harakat qilishoqda.

Qirg‘iziston: ko‘chalarga suv purkalmoqda

Hovuz bo‘yida hordiq chiqarayotgan shaharliklar.

Surat manbasi, Getty Images

Qirg‘iziston mahalliy nashrlarining xabar berishlaricha, 15 iyulda Osh shahri hokimiyati kuchli issiq ta’sirini yumshatish maqsadida keng ko‘lamda ko‘chalarga suv purkash ishlarini boshlashgan.

Osh-Tazalыk kommunal xizmatiga tegishli maxsus texnikalar shahar bo‘ylab yo‘l va jamoat joylariga suv sepmoqda. Bu haqda tarqatilgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Kampaniyaning maqsadi kunning eng issiq vaqtlarida yo‘l qoplamasini sovitish va aholi zich yashaydigan hududlarda harorat ta’sirini kamaytirishdan iborat ekanligi aytilgan.

Turkmaniston: bir haftadan ortiq vaqt davomida havo harorati 40 darajadan yuqori

Kun tig‘izida masjid o‘ngidan o‘tib borayotgan oq ro‘mol o‘ragan ayol.

Surat manbasi, Getty Images

Hronikatm.com veb-nashri Turkmanistoning katta qismida bir haftadan ortiq vaqt davomida havo harorati 40 darajadan yuqori saqlanib qolayotganini va ayrim joylarda 49 darajagacha ko‘tarilishi mumkinligini xabar qildi.

Xabarda janubiy Mari va sharqiy Lebap viloyatlarining ayrim hududlarida iyul oyi harorat rekordlari yangilanishi mumkinligi aytilgan.

Orient.tm nashri ma’lumotiga ko‘ra, milliy gidrometeorologiya xizmati 13-19 iyul kunlari 45-48 daraja issiq, kuchli shamol va chang ko‘tarilishi haqida ogohlantirgan.

Mutasaddilar tashkilotlar va aholiga xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, yong‘in xavfsizligiga doir hushyorlikni oshirish, yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilish va imkon qadar kunning o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida uzoq qolmaslik tavsiya qilingan.