Yaqin insondan ayrilish: qalbdagi og‘riq bilan yashashni qanday o‘rganamiz? Video

Rasm chap tomonida xorazmlik Jumanazar Shixov, o‘ng tomonida esa psixolog Lola Yusupova. Rasm markazida Jumanazar aka va uning rafiqasi 70 yillik yubiley munosabati bilan birga tushgan portret surati.
Surat tagso‘zi, Xorazmlik Jumanazar Shixovning hikoyasi va mutaxassislar izohlari yaqin insondan ayrilish insonga qanday ta’sir qilishini ko‘rsatadi.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Qayg‘u bilan yashash: Jumanazar aka hikoyasi

Yaqin insondan ayrilish inson hayotidagi eng og‘ir sinovlardan biri hisoblanadi. Bu nafaqat hissiy zarba, balki insonning butun hayoti, kundalik tartibi va o‘zini anglash hissiga ham ta’sir qiladi. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘i, ota-onasi yoki farzandidan ayrilgan odamlar uchun bu yo‘qotish bilan yashashni qaytadan o‘rganishga to‘g‘ri keladi.

Xorazmlik Jumanazar Shixov ham shunday og‘ir dardni boshdan kechirgan insonlardan biri. U koronavirus pandemiyasi davrida turmush o‘rtog‘idan ayrilgan. Uning aytishicha, dastlabki paytlarda hayot oldingidek davom etishi mumkinligini tasavvur qilishning o‘zi qiyin bo‘lgan.

"Tish doktorchiligini bitirib, u paytlar tish doktori deyilar edi, keyin ishga kelib, bir yil ishlab, tanishgandan keyin turmush qurganmiz. U 11 sinfni bitkazib, bizlarga bu yerga kelin bo‘lib tushgan", - deydi u.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Jumanazar aka turmush o‘rtog‘i bilan 56 yil, 3 oy va 3 kun birga yashaganini aytadi. "10 ta farzandimiz bor. Farzandlarimizning hammasi [Oliy va kasb-hunar bilim yurtlarida] o‘qigan", - deydi u.

Jumanazar aka turmush o‘rtog‘ining o‘qituvchi bo‘lganini, 10 nafar farzandni dunyoga keltirib, ko‘pincha onalik ta’tilida bo‘lganini gapirar ekan, jumladan shunday dedi, - "10 ta farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazib, qizlarni turmushga uzatib, o‘g‘il bolalarni uylantirib, hammasini uyli-joyli qilib, 74 yoshida Allohim dargohiga yuz tutdi".

Jumanazar aka turmush o‘rtog‘ining suratlari jamlangan albomni ko‘zdan kechirmoqda.
Surat tagso‘zi, Jumanazar aka turmush o‘rtog‘i haqidagi xotiralarni suratlar orqali yodga oladi.
Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Jumanazar akaning aytishicha, turmush o‘rtog‘i 2020 yilda koronavirusga chalingan. U qandli diabetdan ham aziyat chekkan. Natijada, rafiqasi 2020 yil 10 dekabr kuni olamdan o‘tgan.

"Baribir siqilish bo‘ladi, zo‘riqish bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘idan ajralish og‘ir musibatlardan biri hisoblanadi. O‘y bosadi, farzandlarning tashvishi bo‘ladi, endi qanday yashaymiz, qanday davom ettiramiz, degan o‘ylar keladi. Baribir shunday hissiyotlar bo‘ladi-ku odamda. Ichki tuyg‘ular butunlay o‘zgaradi, turli dardlar birdaniga kelib bosadi. Lekin baribir shunday muhitga chidab yashab ketasiz, boshqa iloj yo‘q", deydi u.

U farzandlari, singillari va boshqa yaqinlar tushkunlikdan chiqib ketishga yordam berganini aytadi. "Doimiy yonimda yurishadi. Siqilmang, zerikmang deydi. Dalda bo‘ladilar ular", deydi u.

U rafiqasi vafot etganida tanasining ko‘p qismini yo‘qotgandek his qilganini aytadi. "Albomlari, diplomlari bor. Ularga tez-tez qarab turaman. Stolimning ustiga qo‘yibman", deydi u.

Jumanazar aka bog‘ida yetishtirgan hosillar.
Surat tagso‘zi, Jumanazar aka bog‘ida yetishtirgan hosillar. Bog‘bonchilik unga og‘ir kunlarni yengib o‘tishga yordam bergan.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Jumanazar aka o‘zining hayotidagi eng og‘ir davrdan o‘tishga farzandlari, yaqinlari va do‘stlari yordam berganini aytadi. "O‘zbekchilikda marosimlari bo‘ladi, shunda qarindosh-urug‘ bilan, elimiz-elotimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz", deydi u.

Uning bog‘bonchilikka mehr qo‘yib yashagani ham unga katta kuch va ruhiy madad bergan. Jumanazar akaning keng va fayzli bog‘ida bugun mevaga burkangan o‘rik va shaftoli daraxtlari, shingillari osilib turgan uzumzorlar ko‘zga tashlanadi.

Poliz va ekinzorlarida turfa meva-sabzavotlar hamda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari parvarish qilinib, barakali hosil olinadi.

"80 yoshgacha tish doktorligi bilan shug‘ullanib, keyin bog‘bonchilik, uyga kelib mol qaraymiz. Shular bilan shug‘ullanib, chalg‘ib yuramiz. Shu bilan o‘tkazib yuborganmiz", deydi u.

Yaqinda turmush o‘rtog‘i yoki yaqinidan ayrilganlarga qarata u shunday dedi, "Allohimning irodasi, o‘zi bergan bo‘lsa, shu irodasi bilan yengib o‘tsa, menimcha, shu ma’qul bo‘ladi. Kuch-quvvatni ham Alloh beradi. Sabr-toqat qilib, chidab o‘tirib yuborish kerak".

Olimlar nimani aniqladi?

Sevib qolgan insonlarning miyasida ventral tegmental soha (VTA) faollashganini ko‘rsatuvchi fMRI tasviri.
Surat tagso‘zi, Sevib qolgan insonlarda miyaning ventral tegmental soha (VTA) qismida faollik kuzatilgan.

Mutaxassislar aytishicha, bu holat tabiiy. Chunki inson yaqinlari bilan faqat hissiy jihatdan emas, balki biologik darajada ham bog‘lanib qoladi.

Kolorado universiteti olimasi, professor Zoi Donaldsonga ko‘ra, inson boshqalar bilan yaqin munosabat o‘rnatganda miyada uzoq vaqt saqlanadigan biologik o‘zgarishlar yuzaga keladi. Bu o‘zgarishlarning ayrimlari hayot davomida saqlanib, munosabatlarning biologik asosini shakllantiradi.

Sevgi miyaga qanday ta’sir qilishini o‘rgangan olimlardan biri, Eynshteyn tibbiyot kolleji olimasi doktor Lyusi Braun romantik munosabatlarning ilk bosqichini tadqiq qilgan ilk ilmiy guruhlardan biri tarkibida bo‘lgan.

Uning aytishicha, funktsional magnit-rezonans tomografiyasi (fMRI) miyadagi qon oqimini kuzatadi. Miyaning muayyan qismi faolroq ishlaganda, o‘sha joyga qon oqimi ham ko‘proq boradi va olimlar aynan shu o‘zgarishlar orqali miya faoliyatini o‘rganadi.

Kolorado universiteti professori Zoi Donaldson.
Surat tagso‘zi, Kolorado universiteti professori Zoi Donaldson yo‘qotishning inson salomatligiga ta’sirini o‘rganmoqda.

Olimlar sevib qolgan insonlarning miya faoliyatini fMRI orqali o‘rganganida, ularning deyarli barchasida miyaning Ventral Tegmental Area (VTA), ya’ni ventral tegmental soha deb ataladigan qismi faollashayotganini aniqladi.

Bu hudud miyaning mukofot va motivatsiya tizimining muhim qismi bo‘lib, insonni ovqatlanish, suv ichish kabi hayot uchun zarur ehtiyojlarni qondirishga undaydi. Shuningdek, u dopamin moddasini ishlab chiqarish bilan bog‘liq. Tadqiqotchilarga ko‘ra, aynan shu faollik romantik sevgi shunchaki hissiyot emas, balki insonni harakatga undaydigan kuchli ichki intilish ekanini ko‘rsatadi.

Ilmiy tadqiqotlar sevgi va yaqinlik hissi miyaning mukofot va rag‘batlantirish tizimlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatgan. Romantik munosabatlar davomida miyada dopamin, oksitotsin va vazopressin kabi moddalar ishlab chiqariladi. Ana shu moddalar insonlarga bir-biriga mehr qo‘yish, g‘amxo‘rlik qilish va mustahkam rishtalar qurishga yordam beradi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, kuchli ijtimoiy aloqalar inson salomatligi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Ular stressni kamaytiradi, immun tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va hatto uzoq umr ko‘rish ehtimolini oshiradi.

BBC
Ba’zan og‘ir qayg‘u hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan “singan yurak sindromi”ga olib keladi.
Batafsil BBC.COM/UZBEK da o‘qing

Yaqin insondan ayrilish yoki munosabatlarning tugashi miya uchun ham jiddiy sinovga aylanadi. Olimlar ta’kidlashicha, og‘ir qayg‘u va kuchli ruhiy zarba ba’zan "singan yurak sindromi" deb ataluvchi holatni keltirib chiqarishi mumkin. Kam holatlarda bu holat inson hayoti uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

"Turmush o‘rtog‘ini yo‘qotgan insonda yo‘qotishdan keyingi birinchi kunning o‘zidayoq yurak xurujiga uchrash xavfi 21 baravar ortadi", deydi Kolorado universiteti professori Zoi Donaldson.

Olimlar bu holatni o‘rganar ekan, qalb iztirobi paytida faollashadigan miya sohalari jismoniy og‘riq his qilinganda ishga tushadigan hududlar bilan deyarli bir xil ekanini aniqlagan.

Shu sababli ayrim odamlarda yo‘qotishdan keyin ko‘krak qafasida og‘riq, yurakning tez urishi, ishtahaning pasayishi, uyqu buzilishi va tushkunlik kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Mutaxassislar buni inson organizmining og‘ir hissiy zarbaga javobi deb izohlaydi.

Olimlar fikricha, yaqin insondan ayrilgan odam uchun hayotni yangi sharoitda qayta qurish va o‘zligini qayta kashf etish davolanishning muhim qismi hisoblanadi.

Eynshteyn tibbiyot kolleji olimasi doktor Lyusi Braun qo‘lida miyaning ko‘ndalang kesilgan maketini ushlab turibdi.
Surat tagso‘zi, Doktor Lyusi Braun yo‘qotish haqida shaxsiy tajribasidan kelib chiqib ham gapiradi. U 2025 yilda ikkinchi turmush o‘rtog‘idan ayrilgan.

"Bu siz uchun nihoyatda ilhombaxsh, quvonch keltirgan va katta ahamiyatga ega bo‘lgan inson yoki narsadan ayrilish haqidadir. Shuning uchun men o‘zimning eng sevimli iqtiboslarimdan birini keltirmoqchiman: 'Qayg‘u - sevgi uchun to‘laydigan bahomizdir'", deydi professor Zoi Donaldson.

Yo‘qotish bilan yashashga o‘rganish zarurligi haqida doktor Lyusi Braun shaxsiy tajribasidan kelib chiqib ham gapiradi. U 2025 yilda ikkinchi turmush o‘rtog‘idan ayrilgan.

"Erim vafot etganida, o‘zimning bir qismimni ham yo‘qotgandek bo‘ldim. O‘zimni qaytadan topishim, o‘zligimni qayta qurishim kerakligini anglash esa menga juda katta yordam berdi", deydi u.

Dardni bo‘lishish nega muhim?

Toshkentdagi ruhshunos Lola Yusupova
Surat tagso‘zi, Toshkentdagi ruhshunos Lola Yusupova o‘zbek jamiyatidagi ta’ziya va hamdardlik an’analari ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi.

Jumanazar Shixov ham yo‘qotishdan keyin hayotni qaytadan yo‘lga qo‘yishga harakat qilgan. Uning aytishicha, oilasi, kasbi, bog‘dorchilik ishlari va kundalik yumushlar unga oldinga intilish uchun kuch bergan.

Toshkentdagi ruhshunos Lola Yusupovaning aytishicha, inson yaqinidan ayrilganida vaziyat turlicha bo‘lishi mumkin - kutilmagan o‘lim ham, uzoq davom etgan kasallikdan keyingi yo‘qotish ham. Biroq ko‘pchilikda o‘xshash his-tuyg‘ular paydo bo‘ladi. Ayniqsa, aybdorlik hissi tez-tez uchraydi.

"Vaqtida ayta olmadim. Vaqtida yordam bera olmadim. Yonida bo‘lolmadim. Dilimda bor narsalarni gapira olmadim".

Bir necha kishi dasturxon atrofida choy ustida suhbatlashib o‘tirgan holat. Kadrda faqat ishtirokchilarning qo‘llari va tanasining bir qismi ko‘rinadi, yuzlari esa ko‘rinmaydi.
Surat tagso‘zi, Lola Yusupovaga ko‘ra, ta’ziya davomida yaqinlarning birga o‘tirib suhbatlashishi va hamdardlik bildirishi insonga ruhiy madad beradi.

Lola Yusupovaning ta’kidlashicha, bunday paytda insonning yonida yaqinlari bo‘lishi muhim. Uning aytishicha, dardni boshqalar bilan bo‘lishish g‘amni yengilroq kechirishga yordam beradi.

"Ruhshunoslar ham shunday deydi: 'Kimdir bilan bo‘lishgan dardingiz, yarim bo‘ladi'", - deydi Lola Yusupova.

Ruhshunos qayg‘udagi inson yaxshi xotiralarni eslashi, marhum bilan o‘tgan yaxshi kunlar haqida suhbatlashishi foydali bo‘lishini aytadi. U, shuningdek, o‘zbek jamiyatidagi ta’ziya va hamdardlik an’analari ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi. Uning fikricha, insonni yolg‘iz qoldirmaslik va aybdorlik hissini kamaytirishga yordam berish qayg‘uni yengishda muhim o‘rin tutadi.

"Ba’zi bir vaziyatlarda bu taqdir. Bu hayot. Hayotning ishi, yoki Xudodan deymiz". Lola Yusupovaning so‘zlariga ko‘ra, oddiydek tuyuladigan bu fikrlar azadagi inson uchun katta tasalli va ruhiy tayanch bo‘lishi mumkin.

"Mana shu gaplar, bir qaraganda, oddiy tuyulishi mumkin. Lekin aslida ular insonga juda katta yordam beradi", - deydi u.