Virtual ota-ona yoki nega ayrim yoshlar tarmoqdan ota-ona izlamoqda?

Surat manbasi, BBC / ANDRO SAINI
Texnologiya sohasida ishlovchi shanxaylik Vinsent Chjan ovqatlanish vaqtida telefonini olib, o‘zining "virtual ota-onasi"dan xabar olishni odat qilgan. Ular o‘rta yoshli juftlik bo‘lib, o‘zlarining xayoliy farzandlari uchun bir olam iliq so‘z aytishga doim tayyor.
Eng mashhur videolaridan birida bu juftlik kameraga qarab mehr bilan so‘zlaydi: "So‘nggi paytlarda ish va o‘qishdan charchab qolmadingmi? O‘zingni bunchalik qiynama. Oying va dadang ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirganingni bilishadi".
Izohlarda ko‘pchilik bu juftlikni "oyi" va "dada" deb atab, ularga o‘z hayotlari haqida so‘zlab beradi va tug‘ilgan kunlari bilan tabriklashni so‘raydi.
Xitoyning TikTok'i hisoblangan Douyin'da qariyb ikki millionga yaqin obunachiga ega Pan Xu va Chjan Iu Pin "virtual ota-onalar" deb atalgan maxsus kontent yaratuvchilardan.
Ularning videolari qisqa vaqtda juda ommalashdi, muvaffaqiyatga erishish bosimi hamda oilasi umidlari orasida qolgan yosh xitoyliklarni o‘ziga jalb qilmoqda.
"Ota-onam hech qachon menga o‘zingni buncha qiynama yoki sen shundoq ham zo‘rsan, demaydi, – deydi 33 yoshli Vinsent. – Ammo virtual ota-onalar bugun kayfiyating qalay, xursandmisan, deb so‘raydi".
Vloger Pan o‘z videolarining odamlarga ta’sirini his qilishini aytadi. U 2024-yilgi intervyusida Douyin'ga ularning ba’zi dardlarini tushunishini, chunki o‘zi ham bolaligida ko‘p qiyinchilik ko‘rganini aytgan edi.
Uning aytishicha, 14 yoshida onasi falaj bo‘lib qolgach, oilasini boqish uchun uyini tark etgan: "Men 33 yil uydan yiroqda yashadim, ota-onam biror marta ham dalda beruvchi bir so‘z aytmagan".
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Pan qizi tug‘ilgach, oilada butunlay boshqacha muhit yaratishga ahd qilganini va unga doim yaxshi ko‘rishini bildirib turishini aytadi. Uning qizi ham juftlikning videolarida tez-tez ko‘rinish beradi.
Bularning barchasi Vinsentga juda tanish tuyuladi. Shanxaylik bu veb-dasturchining aytishicha, ota-onasi bilan haftada bir telefon suhbatlari unga og‘ir botadi.

Surat manbasi, Getty Images
Ular uning kasb tanlovi xato bo‘lganini ko‘p yuziga solishadi, chunki davlat ishi barqarorroq, deb hisoblashadi. Yana undan qachon uyga kelin olib kelishini so‘rashadi.
"Telefon suhbati boshlanishi bilan mening barcha ishlarim va tanlovlarim noto‘g‘ridek, ular tuzatishi kerak bo‘lgan narsadek tuyuladi".
Chjao o‘z mamlakati dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotiga aylanganidan keyin, iqtisodiy yuksalish davrida voyaga yetgan xitoylik yoshlardan.
Ularning bobo-buvilari og‘ir inqirozlarni – 1950-yillardagi ocharchilikni va 1960-yillardagi "Madaniy inqilob"ning shafqatsiz tozalashlarini boshdan kechirgan. Ota-onalari esa dunyoga ochilayotgan, o‘sha qora kunlar soyasidan endigina chiqib kelayotgan mamlakatda ulg‘aygan.
Chjaoning tengqurlari esa barqarorlik, farovonlik va ancha yaxshi turmush sharoitida yashadi.
Ammo Xitoyda raqobat ham kuchaydi, so‘nggi yillarda, ayniqsa, pandemiya ortidan yoshlar mamlakat iqtisodiyotidagi turg‘unlikdan qattiq aziyat chekdi.

Surat manbasi, Getty Images
Yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi bir necha yildan beri 15 foizdan yuqori bo‘lib kelmoqda. Hukumat bu holatni yashirishga urinayotganiga qaramay, bu tendentsiya uni tashvishga solmoqda.
Tobora ko‘proq yoshlar o‘zlarini toliqqan his qilishi, tinimsiz poygadan ma’no topa olmayotganliklari va ba’zi hollarda ota-onalarining qattiqqo‘l mehridan ko‘ngillari og‘rishini aytmoqda.
Hatto ba’zi davlat OAVlari onlayn muhokamalarni farzandlik burchi kabi an’anaviy tushunchalarga burishga harakat qilib, yoshlarni ota-onasini ko‘proq tushunishga undamoqda.
Ammo Vinsent bunga ishonmaydi: "Men ota-onamning qiyinchiliklarini tushunishim mumkin, lekin mening ham o‘z tengdoshlarimga xos ruhiy jarohatlarim bor".
Xitoy yoshlari orasida ota-onalik masalasini qayta ko‘rib chiqish to‘lqini kuzatilayotgan ko‘rinadi – bu mavzu dunyoning istalgan joyida bo‘lgani kabi hassos masala.
Muhokamalar doirasi keng: ba’zilar ota-onasining doimiy nazoratidan norozi bo‘lsa, boshqalar o‘qishda a’lochi bo‘lish yoki farzandlik burchi niqobi ostidagi maslahatlarga quloq solishdan charchagan.
Bu norozilik shu qadar chuqurlashganki, "tomosha qovoq sho‘rva adabiyoti" kabi yuqumli memlar paydo bo‘lishiga ilhom berdi. Bu nom bir daqiqalik videodan olingan bo‘lib, unda o‘g‘il onasi bergan bir kosa qovoq sho‘rvani xushmuomalalik bilan rad etgani uchun jahl qilganlikda ayblanadi.
Oyim o‘zgarmasdi, shuning uchun faqat o‘z qarashimni o‘zgartirishim mumkin edi, ya'ni ularga ham xuddi hazildek munosabat qila boshladim.
Ko‘plab yoshlar uchun bu sahna tanish holatni aks ettiradi: ularning istaklari "seni o‘ylab qilyapman" deydigan ota-onalar tomonidan e’tiborsiz qoldiriladi.
28 yoshli Chjao Syuanning Bi-bi-siga aytishicha, ota-onasi "tomosha qovoq sho‘rva adabiyoti"ni shu qadar ko‘p ishlatganki, u oilaviy guruh chati ovozini o‘chirib qo‘ygan.
Ilgari u ota-onasining xatti-harakatini tushunishga urinib, do‘stlariga nolir edi. Hozir esa memlarga murojaat qiladi, chunki ana shunday hazillar unga yordam beradi.
"Psixologga bordim, lekin vaqt o‘tib yig‘lash bilan muammo hal bo‘lmasligini tushundim, – deydi Chjao. – Oyim o‘zgarmasdi, shuning uchun faqat o‘z qarashimni o‘zgartirishim mumkin edi, ya’ni ularga ham xuddi hazildek munosabat qila boshladim".
Vinsent uchun esa "virtual ota-onalar" beg‘ubor davrlarni yodiga soladi.
Pan va Chjanning yaqinda supermarketga borgani haqidagi videosini eslab, u shunday deydi: "Kichkinaligimda Bahor bayrami arafasida ota-onam bilan bozorlik qilgan kunlarimni juda sog‘inaman. Ular bilan hech qanday ijtimoiy bosimsiz suhbatlashganimga ancha bo‘ldi".
Vinsent "virtual ota-ona" kontenti bunchalik ommalashgani uning tijoriy jihatdan ham muvaffaqiyatli ekanini anglatishini tushunadi.
"Bilaman, bu vlogerlar hozirda kontentni ommaviy ishlab chiqarayotgan va kompaniyalar bilan shartnoma imzolagan bo‘lishi mumkin", deydi u.
U virtual farzandlarga tasalli va maslahat berish ancha oson ekanini inkor qilmaydi, shunday bo‘lsa-da, bu tendentsiyadan o‘ziga taskin topadi.
"Nazarimda, hech yo‘qdan ko‘ra oz bo‘lsa ham mehr yaxshiroq".






























