Jahon chempionati-2026. Yarim final, Toshkentdan munosabat: Frantsiya-Ispaniya, Angliya-Argentina – o‘zbekistonliklar hozir kimga ishqibozlik qilishmoqda?

Bu yil ham yarim finalga biror bir Osiyo qit’asi vakili chiqa olmadi. O‘zbekiston ham o‘zi debyut qilgan bu yilgi jahon birinchiligining guruh bosqichidan ortga qaytdi. Ammo O‘zbekistonda yarim finalga chiqqan har to‘rt milliy terma jamoaning muxlislari ozmuncha emas...
Frantsiya-Ispaniya

Surat manbasi, Patrick T. FALLON and Angela WEISS / AFP via Getty Images
Bu yil final yo‘llanmasi uchun kurashuvchi har to‘rt milliy terma jamoaning muxlislari O‘zbekistonda ham ozmuncha emas.
Yillarki, to‘rttovlon ham o‘zining futboli va yulduz futbolchilari bilan ularning e’tiborini o‘ziga tortib keladi.
Har to‘rt milliy terma jamoa ham bungacha jahon chempionligi ta’mini tatib bo‘lishgan.
Yarim final bellashuvlarini Frantsiya va Ispaniya boshlab beradi.
Bu ikkovlon ham Yevropaning eng kuchli milliy terma jamoalari sirasiga kirishadi.
Ilk finalchini aniqlab beruvchi o‘yin bugun, Toshkent vaqti bilan tungi soat 24:00 da start oladi.
Bu ikki milliy terma jamoa ham avvalboshdan jahon chempionligiga asosiy favoritlar qatorida ko‘rilishgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sara o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Abduqodir Husanov o‘z vaqtida Frantsiyada to‘p surgan.
O‘shanda uning Frantsiyaning Liga 1 ida o‘ynagan birinchi O‘zbek futbolchisi ekani aytilgan.
Frantsiya yana ayrim sara klublariyu yulduz futbolchilari bilan ham o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari ko‘ngillaridan yaxshigina joy olgan.
Ispaniyaning zabardast "Real"i va "Barselona"si esa ko‘plab o‘zbekistonlik futbol muxlislari o‘zaro raqobatda ashaddiy ishqibozlik qilib kelayotgan dunyoning top futbol klublari sirasiga kirishadi.
Lionel Messi bo‘ladimi yoki boshqa, o‘z vaqtida Barsaning manaman, degan yulduzlari ham poytaxt Toshkentda bo‘lib qaytishgan.
Dunyoning eng sovrindor va nomdor futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etiluvchi Krishtianu Ronaldu misolida "Real"niki ham.
O‘zbekiston o‘zining guruh bosqich bellashuvlarida o‘zining tarixida ilk bor Ronaldu sardorlik qilgan Portugaliyaga qarshi ham to‘p surgan.
Angliya-Argentina

Surat manbasi, Paul ELLIS / AFP via Getty Images
Angliya va Argentina esa ertaga, xuddi shu vaqtda final yo‘llanmasi uchun maydonga tushishadi.
Kuchli ligasi bo‘ladimi, top klublari yoki dunyoni tan oldirgan yulduz futbolchilari - bu ikki davlat futboli ham O‘zbekistonda kuchli qo‘llovga ega.
Ayniqsa, xuddi Krishtianu Ronaldu kabi, Lionel Messining ham o‘zbekistonlik futbol muxlislari o‘ngida, qalbida o‘rni bo‘lakcha.
Futbol ahli orasida bu ikki milliy terma jamoa uzoq yillik ashaddiy raqiblar sanalishadi.
Deylik, bundan 40 yil burun afsonaviy Maradona shov-shuvli ziddiyatli goli bilan Angliyani yarim finalga chiqish imkoniyatdan mosuvo etgan.
Keyinchalik Maradonaning o‘zi bu golni "Xudoning qo‘li", deb ham atagan.
Uning qirq yillik to‘pi hozir ham futbol olamida gap bo‘lib keladi.
"Manchester Yunayted" bo‘ladimi, "Siti"si, "Arsenal"mi, "Liverpul" yoki "Chelsi" – O‘zbekistonda Angliya top klublari muxlislarining sonlari ham bisyor.
Bundan tashqari, Abduqodir Husanov ham hozir sara ingliz klublaridan biri bo‘lgan "Manchester Siti"da o‘ynaydi.
U dunyodagi eng kuchlilaridan biri sifatida ko‘riluvchi Angliya premьerligasida to‘p surayotgan yagona O‘zbek futbolchisi bo‘ladi.
Amaldagi jahon chempioni bo‘lgan Argentina milliy terma jamoasiga esa aynan Lionel Messi sardorlik qiladi.
Argentina so‘nggi to‘rt jahon chempionati misolida uchinchi bor yarim finalda to‘p surishi.
Bu yilgi jahon chempionatida ham g‘oliblikka eng asosiy da’vogarlardan.
Angliya milliy terma jamoasi so‘nggi bor 1966 yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan, xolos.
Bu yilgi jahon chempionatiga Osiyo qit’asidan rekord sonda – jami 9 milliy terma jamoa chiqqan.
Ammo ulardan birortasi chorak finalga yetmay, birinchilik bilan xayrlashgan.
Ularning orasidan eng yaxshi natija qayd etgan Yaponiya va Avstraliya ham faqat pley-off bosqichigacha ko‘tarila olgan, xolos.
Jahon chempionatidagi debyut ishtirokini guruh bosqichi bilan yakunlagan esa-da, O‘zbekiston milliy terma jamoasi matonatli o‘yin namoyish etgan.
O‘zining tarixiy yutug‘i va ko‘rsatgan o‘yini bilan mintaqada ham mislsiz qo‘llovga ega bo‘lgan, birinchilikdagi ishtiroki xalqaro miqyosda ham aks-sado bergandi.
BBC O'zbek xizmati hal qiluvchi yarim final uchrashuvlari oldidan O‘zbekistondagi kayfiyat bilan qiziqdi:
Taxminlar to‘g‘ri chiqdimi?
O‘zbekistondagi muxlislikka to‘xtaladigan bo‘lsak, bu borada deyarli tenglikni kuzatishimiz mumkin. Faqatgina Messi fanatlari hisobiga Argentinada biroz ustunlik bo‘lishi mumkin.
Abror Imomxo‘jaev: Darhaqiqat, hash-pash deguncha mundial yakuniga yaqinlashib qoldik.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, jahon chempionatida 100 ta o‘yin o‘tkazib bo‘lindi va faqat to‘rtta uchrashuv qoldi.
Men dasturlaringizda chempionat boshlanishidan avval g‘oliblik uchun olti milliy terma jamoa kurash olib borishini taxmin qilgan edim.
Bular Argentina, Braziliya, Frantsiya, Ispaniya, Angliya va Germaniya.
Kutilmaganda Germaniya 1/16 bosqichida Paragvayga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lib, musobaqani barvaqt tark etdi.
Keyingi dasturingizda men mundial tarixida xorijiy murabbiy milliy terma jamoani jahon chempioni qila olmagani borasidagi ma’lumotga tayanib, Anchelotti boshqaruvidagi Braziliya va Tuxel boshchiligidagi Angliyani ham g‘oliblik safidan chiqargan edim.
Braziliya rostdan ham 1/8 bosqichida Norvegiyaga mag‘lub bo‘lib, turnirni tark etdi.
Shu jihatdan olib qaraganda, yarim finalchilarning deyarli barchasi men taxmin qilgan jamoalar bo‘lib chiqdi.
Lekin, yuqorida keltirib o‘tgan omilimga ko‘ra, Angliya xorijiy murabbiy bilan chempion bo‘lmasligi kerak.
Qolgan barcha taxminlarim to‘g‘ri.
O‘zbekistondagi muxlislik
Abror Imomxo‘jaev: O‘zbekistondagi muxlislikka to‘xtaladigan bo‘lsak, bu borada deyarli tenglikni kuzatishimiz mumkin.
Faqatgina Messi fanatlari hisobiga Argentinada biroz ustunlik bo‘lishi mumkin.
"Barselona" va "Real" muxlislari Ispaniyaga ishqibozlik qilishsa, Dembele, Mbappe, Due va Olesi o‘yinlaridan zavqlanayotgan tomoshabinlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Finalchilar kim bo‘ladi?
Abror Imomxo‘jaev: Finalga kimlar chiqishi borasida taxmin qilish qiyin.
Ikkala yarim final ham murosasiz va keskin o‘tishiga shubha yo‘q.
Bugun bo‘lib o‘tadigan Frantsiya-Ispaniya to‘qnashuvida men negadir Ispaniya g‘alaba qozonadi, deb taxmin qilayapman.
Shu paytgacha Frantsiyada hujum, Ispaniyada esa himoya chizig‘i kuchli ko‘rindi.
Bugun ham shunday bo‘lishi ehtimolga yaqin. Lekin yakunida tartib mahoratdan ustun kelib, Ispaniya finalga yo‘l olishi ehtimoli ko‘proq.
Ertangi Angliya-Argentina bahsida ehtiyotkorlik birinchi planga chiqadi. Va kim kam xato qilsa, yakunida o‘sha g‘alaba qozonadi.
Menimcha, bu borada ustunlik argentinaliklar tomonida.
Lekin, bitta faktor borki, undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu – Messi faktori.
Agar Messining kayfiyati zo‘r bo‘lsa, u butun jamoani g‘alaba sari undaydi.
Biror sababga ko‘ra, uning kayfiyati buzilsa yoki u jarohat sabab, maydonni tark etsa, unda argentinaliklar, ta’bir joiz, boshsiz chavandozga aylanib qolishlari mumkin.
Mening taxminlarim hozircha shunday.
































