Erondagi vaziyat Ukrainaga qo‘l keldimi va Rossiya-Ukraina urushi yaqin orada tugaydimi?

Zelenskiy va ukrain dronlari jamlangan kompozit tasvir.
Erondagi vaziyat Ukrainaga qo‘l keldimi va Rossiya-Ukraina urushi yaqin orada tugaydimi?
Published
O'qilish vaqti: 9 daq

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mart oyida qora libosda jiddiy qiyofada Saudiya Arabistonida binafsha rang gilam uzra qadam bosar ekan, bu AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi manzarasidagi muhim bir lahzaga aylandi. Ammo kutilmagan lahza.

U X'dagi postida tashrifdan maqsadi "insonlar hayotini himoya qilishni kuchaytirish" ekanini aytdi.

Rossiyaning Ukrainaga bosimi yukini ko‘tarib yurgan Zelenskiy fursatdan unumli foydalanib, Kievning dronlar urushida orttirgan harbiy tajribasining xalqaro qiymati va bozordagi o‘rnini ommaga namoyish etish uchun Ko‘rfaz mamlakatlariga safarlar qilmoqda.

Ukraina so‘nggi haftalarda Eron raketalari va dronlari hujumiga uchragan Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar bilan dronlar bo‘yicha tajriba va texnologiya almashish, ittifoqchilik aloqalarini mustahkamlash uchun AQShning badavlat ittifoqchilari bilan biznes hamda mudofaa sohasida bitimlar imzolaganini ma’lum qilmoqda.

"Biz [Ko‘rfaz davlatlariga] o‘zlarini himoya qilishda yordam bermoqchimiz. Biz boshqa davlatlar bilan ham shunday hamkorlikka ochiqmiz", dedi Zelenskiy.

Energetik bosim

Dastlab, Eron mojarosi Ukraina uchun juda salbiydek tuyulgandi. Bu Donald Trampning shusiz ham ikkilanib turgan e’tiborini Moskva va Kiev o‘rtasidagi tinchlik muzokaralaridan chalg‘itib, Rossiyaning bo‘shayotgan urush g‘aznasini to‘ldirish xavfini tug‘dirgandi.

Yaqin Sharq neftini tashiydigan tankerlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tib, jahon bozorlariga yetib bora olmayotgani sababli Moskva o‘z neftini ko‘proq mamlakatlarga yuqoriroq narxlarda sota boshladi. Dunyo bo‘ylab narxlar keskin oshayotgani tufayli Tramp davlatlarga sanksiya ostidagi Rossiya neftini sotib olishga ruxsat beruvchi istisnoni yana uzaytirdi.

Rossiyaning puli qancha ko‘p bo‘lsa, u Ukrainadagi urushni nazariy jihatdan shuncha uzoq va qattiqroq davom ettirishi mumkin.

Ammo 2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Kiev xalqaro hamjamiyat kutganidan butunlay boshqacha harakat qilib kelmoqda.

Mana u yana shunday qildi: Ukraina Rossiya bilan kutilayotgan va umid qilinayotgan tinchlik muzokaralari oldidan imkon qadar kuchliroq mavqega ega bo‘lish uchun Eron urushini o‘z foydasiga burishga urinib, ustalik bilan o‘ynamoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2026 yil 26 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahriga tashrifi chog‘ida Makka hududi gubernatorining o‘rinbosari shahzoda Saud bin Mishaal bin Abdulaziz bilan uchrashmoqda. Zelenskiy to‘liq qora kiyimda.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ukraina Fors ko‘rfazi mamlakatlariga jang maydonidagi o‘z mahoratini namoyish etmoqda

Chorshanba kuni Tramp Vladimir Putin bilan "juda yaxshi" suhbatdan so‘ng Ukraina masalasida "nisbatan tez" "echim" topilishiga ishonch bildirdi. "O‘ylaymanki, "kimlardir" uning kelishuvga erishishini qiyinlashtirgan", deya qo‘shimcha qildi u.

Trampning Putin haqida bunday ijobiy fikr bildirishi, shu bilan birga, Ukraina rahbarini o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmagani uchun bevosita yoki bilvosita tanqid qilishi birinchi marta emas.

"Yechim" esa hali ham topilgani yo‘q.

Ayni paytda Zelenskiy bor e’tiborini qo‘lidan kelganicha Ukrainani kuchaytirishga qaratgan. Opportunizm, shubhasiz, uning eng kuchli qurollaridan biri.

Uning aytishicha, Rossiya Ukrainaga yog‘dirayotgan ballistik raketa va dron hujumlarini Eron Saudiya Arabistoniga qilmoqda.

Moskvaning eng qudratli qurollaridan biri Eronda ishlab chiqilgan arzon va uzoq masofaga uchuvchi "Shahed-136" hujumchi droni hamda uning yangilangan versiyasi bo‘lmish "Geran" droni bo‘lib kelmoqda.

Bitta "Shahed"ning narxi 80 000 dan 130 000 dollargacha bo‘lsa-da, Zelenskiyning aytishicha, uni atigi 10 000 dollar turadigan tizimlar yordamida urib tushirish mumkin. Bu millionlab dollarlik an’anaviy havo hujumidan mudofaa raketalaridan ancha arzon.

Yevropaning bir qator shaharlarida Rossiya dronlari paydo bo‘lishi xavfi NATO davlatlarini hushyor torttirdi.

Pushti rangli kiyim kiygan ayol Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumidan keyin xarobalarni ko‘zdan kechirmoqda.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ukrainaga hujumlar davom etayotgan bir paytda, Donald Tramp u o‘ta tez orada o‘t ochishni to‘xtatishga erishishi mumkin deb o‘ylashini aytdi

Aprel oyida Ukraina yevropalik ittifoqchilari bilan mudofaa sohasida hamkorlik bo‘yicha ikkita yirik shartnoma imzoladi. Ulardan biri 2030 yilgacha mo‘ljallangan 28 milliard dollarlik qo‘llab-quvvatlash paketining bir qismi sifatida Norvegiya bilan tuzilgan 8,6 milliard dollarlik bitim edi. Ikkinchisi esa Germaniya bilan bo‘lib, u qiymati 4,7 milliard dollarga teng "turli xil dronlar, raketalar, dasturiy ta’minot va zamonaviy mudofaa tizimlari"ni o‘z ichiga oladi.

Ko‘rfaz davlatlariga kelsak, Zelenskiy Ukrainani Rossiyadan himoya qilishda ularning yordamiga umid qilishini aytdi.

Ayniqsa, hozirgi vaqtda Vashington Yaqin Sharqdagi zaxiralarini sarflayotgani sababli, AQShning Ukrainaga yordam berish uchun yevropaliklarga sotadigan harbiy texnikasi kamaygan. Tramp qurollarni boshqa yo‘nalishga burish haqidagi savolga shunday javob bergan edi: "Biz buni doim qilganmiz. Ba’zan biridan olib, boshqasiga ishlatamiz".

"Biz Yaqin Sharq davlatlari ham bizga o‘zimizni kuchaytirish imkoniyatini berishini istardik, – dedi yaqinda Zelenskiy Frantsiyaning Le Monde gazetasiga. – Ularda bizda yetishmaydigan ayrim havo hujumidan mudofaa raketalari bor. Aynan shu borada kelishuvga erishmoqchimiz".

Infratuzilmalarni nishonga olish

Ukraina Eron mojarosidan muhim saboq chiqardi: raqibning neft eksporti ob’ektlariga hujum qilishning kuchli ta’siri. Endilikda Ukrainada ishlab chiqarilgan uzoq masofali dronlar yordamida Rossiyaning energetika infratuzilmasi asosiy nishonga aylantirilmoqda.

Zelenskiyning aytishicha, jahon bozorida neftь narxi yaqinda oshganiga qaramay, Rossiya energetika sohasida milliardlab dollarlik "jiddiy" yo‘qotishlarga uchramoqda.

Xom neft eksporti ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, narxlarning o‘sishi hamda AQShning Rossiya neftini sotib oluvchi davlatlarga nisbatan sanksiyalarni yumshatishi Eron urushining uchinchi haftasida Rossiya daromadlarini dekabrь-fevral oylaridagi darajadan 2,3 baravar oshirgan.

Biroq to‘rtinchi haftada Ukraina dronlarining energiya ishlab chiqaruvchi infratuzilmaga bergan zarbalari Rossiya daromadini 1 milliard dollarga kamaytirib, o‘tgan haftadagi daromadning deyarli uchdan ikki qismini yo‘qqa chiqardi.

Eron urushining Ukraina uchun yana bir ijobiy tomoni shuki, o‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi qo‘llab-quvvatlaydigan 90 milliard yevrolik kreditga nihoyat "yashil chiroq" yoqildi. Kiev bu mablag‘ kelgusi yilda harbiy texnika sotib olish va ishlab chiqarish uchun zudlik bilan zarurligini aytgan edi. Bu kredit bir necha oy davomida Yevropa Ittifoqiga a’zo Vengriyaning o‘sha paytdagi kremlparast bosh vaziri tomonidan to‘sib qo‘yilgan edi. Ammo Viktor Orbanning o‘tgan oydagi saylovlarda qaqshatqich mag‘lubiyatidan so‘ng, Vengriyada yangi, Rossiyaga nisbatan ancha sovuqroq munosabatdagi yetakchi paydo bo‘ldi.

Vladimir Putin va Donald Tramp qo‘l siqishmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, "O‘ylaymanki, "ayrim odamlar" uning kelishuvga erishishini qiyinlashtirib qo‘ydi", - dedi Donald Tramp Vladimir Putin haqida

Orban Donald Trampning yaqin do‘sti va muxlisidir. Bu unga saylovda yordam bermadi. Saylovchilar o‘zlarining energiya xarajatlarini oshirib yuborgan Eron urushidan g‘azablanganini bildirdi. Bu esa Orbanning mag‘lubiyatini tezlashtirdi, Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ajratgan krediti berilishiga yo‘l ochdi.

Kievning bu "yutuqlari" hamda Ukrainaning har oyda Rossiya shu vaqt ichida yollayotgan 30 ming askardan ko‘proq dushman askarini yo‘q qilayotgani haqidagi maqtovlari manzarasida Zelenskiy endi o‘zini zaif his qilmayapti va Rossiya bilan tinchlik bitimiga erishish uchun qulayroq mavqega ega bo‘lishi mumkin.

Ukrainada odamlar charchagan va aziyat chekmoqda. Yangi askarlarni safarbar qilish bir muncha vaqtdan beri jiddiy muammo bo‘lib kelmoqda, jang maydonidagilar esa uyga qaytishni juda istaydi.

Hurmatsizlikmi?

Xo‘sh, barqaror otashkesin o‘rnatishga qaratilgan muzokaralar-chi? Iso mavludi arafasida Tramp ma’muriyati ular haqida juda ko‘p gapirgan edi.

Prezident etib qayta saylanishidan oldin Tramp Ukrainadagi urushni 24 soat ichida to‘xtatishini bir necha bor ta’kidlagan. Ammo u mansabga kelgach, reallik va’daga mos kelmay qoldi.

Trampning tinchlik bo‘yicha maxsus vakillari, uning kuyovi Jared Kushner va sobiq ko‘chmas mulk magnati Stiv Vitkoffning Kievga safari bir necha bor qoldirildi. Buning o‘rniga, ular Yaqin Sharq bilan band.

Zelenskiy bu juftlikning tashrif buyurmayotganini "hurmatsizlik" deb bilishini aytgan. Uning aytishicha, tinchlik muzokaralari "texnik" darajada davom etmoqda, ammo Eron mojarosi tugamaguncha, hech qanday jiddiy siljish bo‘lmasligidan xavotirda.

Shuni ta’kidlash joizki, Kushner va Vitkoff hech qachon Kievga rasmiy tashrif bilan bormagan. Ular o‘tgan yil oxirida, Ukrainadagi urushni tugatishga qaratilgan sulh muzokaralari jadallashgan paytda Rossiya poytaxtiga kelgan va yanvarь oyida yana borgan. Vitkoff Moskvada sakkiz marta bo‘lgan. U ilgari shaxsiy maqomda Rossiyada ko‘p biznes yuritgan, Putin bilan ham bir necha bor uchrashgan.

Tramp ma’muriyati Rossiyaga nisbatan har qanday yon bosishni rad etdi.

Biroq Ukraina va boshqa Yevropa davlatlari o‘tgan yil oxirida e’lon qilingan AQSh Milliy xavfsizlik strategiyasini (MXS) o‘qib, xavotirga tushib qoldi. Hujjatda Rossiya yaqqol tahdid deb belgilanmagan edi. Bu Vashingtonning NATOdagi yevropalik ittifoqchilarining Moskva borasidagi qarashiga mutlaqo ziddir.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qora kiyimda, uning yonida esa Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad bin Salmon Al Saud turibdi. Keng, rasmiy uchrashuv xonasida ko‘k rangli gilam ustida maslahatchilar ikki tomonda o‘tiribdi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Zelenskiyning Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi so‘nggi yutuqlari shuni anglatadiki, u Rossiya bilan tinchlik muzokaralari borasida endi o‘zini noqulay holatda his qilmasligi mumkin

MXSda Ukrainadagi urushni tugatish muhimligi ta’kidlanadi, ammo asosiy e’tibor Kiev uchun mustahkam tinchlik o‘rnatishga qaratilmagan. Aksincha, belgilangan maqsad AQShning boshqa ustuvor yo‘nalishlari uchun resurslarni bo‘shatish uchun "strategik barqarorlik"ni ta’minlash va Rossiya bilan hamkorlik qilishdir.

Tramp ma’muriyatining bunday munosabati Kremlga yoqadi. Matbuot kotibi Dmitriy Peskov hujjat e’lon qilingan paytda MXS Moskvaning nuqtai nazariga "deyarli mos keladi" deb maqtanib gapirgandi.

Tramp davrida vaziyatni o‘zgartira oladigan va Kremlni Kiev (yoki uning yevropalik himoyachilari) uchun qabul qilib bo‘lmaydigan talablar ro‘yxatisiz muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qiladigan keskin iqtisodiy sanksiyalarni joriy etish yoki saqlab qolish imkoni bo‘lmadi.

Bundan tashqari, AQShning Ukrainaga harbiy va iqtisodiy yordami deyarli to‘xtab qoldi. Buning o‘rniga yevropaliklar Kievga yuborish uchun AQShdan harbiy texnika sotib olayotgan edi. Biroq Eron mojarosi tufayli endi bu ta’minot ham xavf ostida.

Tinchlik istiqboli

Rossiyani tinchlik muzokaralariga ko‘ndirish haqida gap ketganda, ko‘pchilik fikricha, AQSh Moskvani yon berishga majbur qila oladigan yagona kuchdir.

Putin yaqin orada o‘z ixtiyori bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish niyatida emasligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Dunyo e’tibori Erondagi urushga chalg‘igan bir paytda, Moskva Ukraina tinch aholisi va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirmoqda. Bu Rossiya prezidentining muzokaralar stoliga o‘tirishidan oldingi so‘nggi urinishimi yoki davom etayotgan qat’iyat belgisi ekani borasida fikrlar ikkiga bo‘lingan. Bryusseldagi Yevropa Ittifoqi shtab-kvartirasida ko‘pchilik ikkinchisi ehtimol kuchliroq deb hisoblaydi.

Rossiya iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar ostida qiynalayotgan bo‘lsa-da, u barbod bo‘lgani yo‘q va hozirda to‘liq harbiy izga tushib olgan. Bu holatdan chiqish oson bo‘lmaydi. Bu esa Yevropa davlatlarini, hatto Ukrainada tinchlik ta’minlansa ham, Rossiya tez orada Yevropaning boshqa biror yerida, jumladan, NATOga a’zo davlatni nishonga olib, beqarorlik keltirib chiqarishga urinishi mumkinligidan xavotirga solmoqda. Niderlandiya, Germaniya va NATOning o‘zi buni ehtimoliy, hatto muqarrar deb ta’rifladi.

Yana Putinning g‘ururi va shuhratparastligi ham bor. U haqiqatan ham taslim bo‘lib, Ukrainadagi mag‘lubiyatini tan olishi mumkinmi?

"Agar Rossiyada oqilona fikrlaydigan hukumat bo‘lganida, urushni tugatgan bo‘lardi," deydi London iqtisodiyot maktabining Xalqaro munosabatlar bo‘yicha ilmiy xodimi Lyuk Kuper. U, shuningdek, tinchlikparvar tashkilotlar konsortsiumi bo‘lgan PeaceRep'ning Ukraina dasturi direktoridir.

"Iqtisodiyot turg‘un yoki tanazzul holatida. Rossiya ishlashi mumkin bo‘lgan son-sanoqsiz odamlarini o‘limga jo‘natmoqda, xususiy tijoriy fuqarolik iqtisodiyoti harbiy iqtisodiyot joriy etilganidan aziyat chekmoqda... Xo‘sh, Rossiya nimaga erishdi? Ukraina hududining bir parchasigami? Albatta, agar sanksiyalar yengillatilsa, o‘t ochishni to‘xtatish foydali bo‘lardi. Ammo Putin bunday o‘ylamaydi. Bularning barchasi imperatorlikka da’vogar, avtokratik tizimni boshqarayotgan bir shaxsning qarorlariga bog‘liq."

Ukrainaning shubhasi

Kiev hamon AQShning aralashuvini kutayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab ukrainalik rasmiylar norasmiy suhbatlarda Donald Tramp boshchiligidagi AQSh qachondir tinchlikni ta’minlash uchun ular istagan choralarni ko‘rishiga yoki o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tuzilgan taqdirda ham, Rossiya ertaga yana qaytib kelmasligini kafolatlaydigan mustahkam xavfsizlik kafolatlarini berishiga shubha bilan qaraydi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi katta maslahatchisi Mark Kansian menga shunday dedi: "Ukrainaliklar tinchlik bitimini imzolash uchun yetarlicha ishonadigan hamda Rossiya, AQSh va yevropaliklar birdek ma’qullaydigan xavfsizlik kafolatlari majmuini tasavvur qilish qiyin."

Biroq, Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti qoshidagi Moliya va xavfsizlik markazi direktori Tom Kiting ta’kidlashicha, agar Rossiya oxir-oqibat Ukrainada g‘alaba qozondim deb hisoblasa, bu natija butun qit’a xavfsizligi uchun xatarli bo‘ladi deb ishonadigan Yevropa yetakchilari uchun vaqt oz.

Yaqin Sharqdagi urushga qaramay, Kitingning aytishicha, sabrsizligi bilan tanilgan Tramp, agar Tehron bilan kelishuvga erishish yo‘li topilmasa, istalgan paytda Eron masalasini o‘z holiga tashlab qo‘yishi mumkin.

Shundan so‘ng u tezda Rossiya-Ukraina masalasiga qaytishi mumkin. Kitingning ta’kidlashicha, aynan shuning uchun ham yevropaliklar hozir Ukrainada shu kungacha ko‘rilgan choralardan ancha qat’iyroq harakat qilishlari zarur.

Ukrainaga yordam berish haqida gap ketganda "qancha kerak bo‘lsa, shuncha" iborasini takror-takror ishlatgani uchun tanqidchilar Yevropa yetakchilarini uzoq vaqtdan beri Ukrainada tinchlikka erishishga qat’iy harakat qilish o‘rniga, urushni shunchaki "boshqarib turishda" ayblab keladi.

Zelenskiy, Tramp va rasmiylar Oq uydagi yog‘och stol atrofida o‘tirishgan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xususiy suhbatlarda Ukraina rasmiylarining ko‘pchiligi Donald Tramp rahbarligidagi AQSh tinchlikni ta’minlash uchun o‘zlari istagan choralarni hech qachon ko‘rmaydi, deb shubha bilan qarashmoqda

Yaqin Sharqdagi urushga qaramay, Kitingning aytishicha, sabrsizligi bilan tanilgan Tramp, agar Tehron bilan kelishuvga erishish yo‘li topilmasa, istalgan paytda Eron masalasini o‘z holiga tashlab qo‘yishi mumkin.

Shundan so‘ng u tezda Rossiya-Ukraina masalasiga qaytishi mumkin. Kitingning ta’kidlashicha, aynan shuning uchun ham yevropaliklar hozir Ukrainada shu kungacha ko‘rilgan choralardan ancha qat’iyroq harakat qilishlari zarur.

Ukrainaga yordam berish haqida gap ketganda "qancha kerak bo‘lsa, shuncha" iborasini takror-takror ishlatgani uchun tanqidchilar Yevropa yetakchilarini uzoq vaqtdan beri Ukrainada tinchlikka erishishga qat’iy harakat qilish o‘rniga, urushni shunchaki "boshqarib turishda" ayblab keladi.

Kievga qilingan barcha tashriflar, so‘zlangan nutqlar va Ukraina uchun qurol-yaroqqa sarflangan pullarga qaramay, gap iqtisodiy sanksiyalar kabi haqiqatan ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan qattiq choralar haqida ketganda, "evropaliklar amerikaliklarni kutib turadi, – deydi Kiting. – Yevropa Ittifoqi ulkan savdo bloki bo‘la turib, o‘zlarini juda jur’atsiz tutishadi."

Ayni paytda Bryussel Rossiyaga qarshi yigirma birinchi sanksiyalar paketi ustida ishlamoqda. Xo‘sh, Yevropa Ittifoqi yurisdiktsiyasida, asosan Belgiyada saqlanayotgan Rossiya markaziy bankining muzlatilgan 210 milliard yevrolik aktivlari nima bo‘ladi? Bu pullarni Ukrainaga yordam berish uchun ishlatishdan cho‘chigan YeI yetakchilari yevropalik soliq to‘lovchilar hisobidan kafolatlangan 90 milliard yevrolik qarz taklifini o‘rtaga tashlashdi. "Yevropa yetakchilari Rossiyaga qarshi bundan ancha ta’sirchanroq harakat qilishlari mumkin, – deya ta’kidlaydi Kiting. – Ular shunchaki urushni tugatish uchun bor kuch bilan harakat qilishga tayyor emas yoki buning uchun yetarlicha jipslashmagan."

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Yevropa yetakchilari Ukrainadagi azob-uqubatlar tugashini hamda o‘z chegaralarida adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatilishini chin dildan istaydi. Biroq, Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish noqulay qarorlarni kun tartibiga olib chiqishi ham haqiqat. Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligini tezlashtirish tarafdorlari aslida tan olishni istaganlaridan ancha kam. Jangovar harakatlar tugagan taqdirda Ukrainada "kafolatlovchi kuch" sifatida harakat qilishga va’da bergan Frantsiya va Buyuk Britaniya boshchiligidagi "Istovchilar koalitsiyasi"ga kelsak, qaysi davlatlar haqiqatan ham o‘z askarlarini yuboradi va qancha muddatga? Ayniqsa, bu kuchlar AQSh tomonidan havodan qo‘llab-quvvatlanmasa.

O‘tgan hafta Tramp Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi adovatni "bema’nilik" deb atadi. Vashington esa Ukrainaning Ko‘rfazda dron texnologiyalarini sotayotganiga beparvo qarayotgan ko‘rinadi. Shuningdek, u Zelenskiyning Kievning dron texnologiyalari bo‘yicha tajribasini AQSh ma’muriyati bilan baham ko‘rish haqidagi ochiq taklifini ham qabul qilmadi. Har holda ochiqcha bu haqda gapirmadi.

Biroq Ukraina yetakchisi bu tafsilotlardan tashvishlanayotganga o‘xshamaydi. U matbuot nigohida ekan, Ukraina unutilmasligiga va Vashington o‘z e’tiborini dunyoning u yashayotgan qismiga tezroq qaytarishiga umid qilmoqda.

Yuqoridagi surat manbasi:AFP via Getty Images / Reuters